2005 yildagi Andijon voqeasi sababchilarini “Vatan xoini” dedik. 3 bolani yetim qilganlarni kim deymiz?
Jamiyat
−
16 iyun 2020
29967Bugun butun O‘zbekiston nigohi Andijonga qaratilgan. Afsuski, bu yaxshilik ortidan emas, aksincha, Ichki ishlar boshqarmasi binosida yosh yigitning ayovsiz kaltaklanib, shifoxonada vafot etishi sababli Andijon barchaning diqqat markazida bo‘lib turibdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulruh Ag‘zamova ushbu jinoyat bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirib, 2017 yilda IIV tizimini isloh qilish uchun qabul qilingan Prezident farmoni qog‘ozda qolib ketganiga urg‘u berdi. Jumladan u shunday deydi:
“2005 yildagi Andijon voqeasi meni qanchalik larzaga solib yig‘latgan bo‘lsa, kuni kecha yana shu hududda sodir bo‘lgan xunrezlik meni nafratlantirdi. Birinchisida Vatanni asrashga otlangan xalq, bugun o‘z farzandi o‘limiga sababchi bo‘lib turibdi.
2005 yildagi Andijon voqeasi sababchilarini “Vatan xoinlari” deb atadik. Kechagi holatda yoshgina ayolini tul qoldirib, 3 ta norasidani yetim qilganlarni kim yoki nima deb ataymiz?! Pandemiyada davrida shifokorlardan keyin qahramonlikka da’vogarlar shular emasmidi?!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 apreldagi “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta’minlashda ularning mas’uliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida “ichki ishlar organlarini aholiga o‘z vaqtida va sifatli yordam ko‘rsatadigan, har bir xodimi tomonidan “Xalq manfaatlariga xizmat qilish”ni o‘z xizmat burchi deb biladigan ijtimoiy yo‘naltirilgan professional tuzilmaga aylantirish masalasi ustuvor etib belgilangan edi. Afsuski, aynan “belgilanganicha” qog‘ozda qolib ketganligining guvohi bo‘lib turibmiz.
Ba’zi hamkasblarim vazirning iste’fosini talab qilmoqdalar. Bir kishining iste’fosi bilan hech narsa o‘zgarmaydi. Tizimda bir nafar bo‘lsa ham “psixologik buzilgan” xodim bo‘lar ekan, bu tuzilma oxir oqibat baribir tanazzulga uchraydi. O‘ziku parokanda bo‘lsa mayli-kuya, necha insonlar hayotiga zomin bo‘lishi kishini dahshatga soladi.
Ko‘p o‘ylandim. Ichki ishlar organi degani bu bizning ichki organizmimiz, qo‘l bilan ushlab bo‘lmas, ko‘z ilg‘amas vijdonimiz, qalbimiz bo‘lishi kerak. Lekin bu organ ishlamasa, xiyonat qilsa – men bunday organizmni vujudimdan yulib tashlayman. Toki yangi, hayotbaxsh to‘qima paydo bo‘lmas ekan, nobud bo‘lgan vatandoshimning ayoli va farzandlarining ko‘ziga tik qarolmayman”.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 may kuni Andijon shahar IIB JQB tezkor vakillari ish yurituvidagi ariza yuzasidan fuqaro A.Abdukarimovni IIB ma’muriy binosiga olib kelib, hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, noqonuniy ravishda ushlab turganliklari oqibatida uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga sababchi bo‘ldi. Fuqaro Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam Andijon filialida 11 iyun kuni vafot etdi.
IIV holat bo‘yicha bayonot berib, uch xodimga nisbatan jinoiy ish ochilib, ular qamalganiin, 5 xodimi ishdan bo‘shatilgani, 19 nafari jazolanganini ma’lum qildi.
Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov Andijondagi dahshatli voqeaga munosabat bildirib, bu shafqatsizlikni qat’iy qoralab, kelajakda jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha aniq choralar ko‘rilishini talab qilgandi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi “tilga kirib”, holat bo‘yicha Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga rasmiy xat yuborilganini ma’lum qildi.
Ushbu dahshatli voqeaga munosabat bildirgan “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisi, Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Narimon Umarov qamash, jazolash bilan Ichki ishlar tizimini o‘zgartirib bo‘lmasligini aytib chiqdi.
“Yuksalish” umummilliy harakati esa holat bo‘yicha bildirgan munosabatida muammoning ildiza e’tibor qaratib, huquqni muhofaza qilish organlari tizimini tubdan isloh qilish lozimligi, bunda inson huquqlari va erkinliklariga so‘zsiz rioya qilinishiga, ichki ishlar organlari faoliyatining hisobdorligi va shaffofligini ta’minlashga alohida urg‘u berish kerakligini ta’kidladi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev esa holatga munosabat bildirib, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning iste’foga chiqish vaqti kelganiga shama qildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Qodir Jo‘rayev holat bo‘yicha fikrlarini bildirib, Ichki ishlar vazirligi rahbariyati vafot etgan yigitning yaqinlaridan uzr so‘rashi kerakchligini ta’kidlab o‘tdi.
LiveBarchasi