Deputat IIV rahbariyati marhumning oilasidan kechirim so‘rashi kerakligini aytib chiqdi

Jamiyat

image

Andijon shahrida fuqaroning Ichki ishlar binosida kaltaklanishi va keyinchalik shifoxonada vafot etishi bugungi kunda jamoatchilikning muhokama markazida bo‘lib turibdi. Bu borada fikr bildirgan amaldorlar, deputatlar IIV tizimini boshtan qurish kerakligini ta’kidlamoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Qodir Jo‘rayev holat bo‘yicha fikrlarini bildirib, Ichki ishlar vazirligi rahbariyati vafot etgan yigitning yaqinlaridan uzr so‘rashi kerakchligini ta’kidlab o‘tdi.

“Andijonda ichki ishlar organlari bilan bog‘liq yuz bergan mudhish holat takrorlanmasligi uchun aybdorlarni javobgarlikka tortishning o‘zigina kifoya qilmaydi. Jazolash bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi. Ozgina vaqtdan so‘ng shu kabi vahshiylik boshqa joyda yana sodir etilmasligiga kafolat yo‘q. Shu bois, ichki ishlar organlarida tizimli islohotlar, yangilanishlar amalga oshirilishi zarur. Ishni xodimlarni attestatsiyadan o‘tkazishdan, ularning sonini optimizatsiya qilishdan boshlash maqsadga muvofik.

Ichki ishlar vazirligi rahbariyati marhum yigitning oilasidan loaqal bir og‘iz kechirim qo‘rab qo‘yishsa, yaxshi bo‘lardi”, degan Qodir Jo‘rayev.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 30 may kuni Andijon shahar IIB JQB tezkor vakillari ish yurituvidagi ariza yuzasidan fuqaro A.Abdukarimovni IIB ma’muriy binosiga olib kelib, hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, noqonuniy ravishda ushlab turganliklari oqibatida uning huquqlari va qonuniy manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga sababchi bo‘ldi. Fuqaro Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam Andijon filialida 11 iyun kuni vafot etdi.

IIV holat bo‘yicha bayonot berib, uch xodimga nisbatan jinoiy ish ochilib, ular qamalganiin, 5 xodimi ishdan bo‘shatilgani, 19 nafari jazolanganini ma’lum qildi.

Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov Andijondagi dahshatli voqeaga munosabat bildirib, bu shafqatsizlikni qat’iy qoralab, kelajakda  jinoyatchilikning  oldini olish bo‘yicha aniq choralar ko‘rilishini talab qilgandi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi “tilga kirib”, holat bo‘yicha Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga rasmiy xat yuborilganini ma’lum qildi.

Ushbu dahshatli voqeaga munosabat bildirgan “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisi, Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Narimon Umarov qamash, jazolash bilan Ichki ishlar tizimini o‘zgartirib bo‘lmasligini aytib chiqdi.

“Yuksalish” umummilliy harakati esa holat bo‘yicha bildirgan munosabatida muammoning ildiza e’tibor qaratib, huquqni muhofaza qilish organlari tizimini tubdan isloh qilish lozimligi, bunda inson huquqlari va erkinliklariga so‘zsiz rioya qilinishiga, ichki ishlar organlari faoliyatining hisobdorligi va shaffofligini ta’minlashga alohida urg‘u berish kerakligini ta’kidladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev esa holatga munosabat bildirib, Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovning iste’foga chiqish vaqti kelganiga shama qildi.

Ko‘rib turganimizdek, ushbu dahshatli voqeaga munosabat bildirganlar ko‘p emas. 150 nafar deputatning bir nechtasigina o‘zi fikrini bildirishga kuch topa olgan ko‘rinadi. Qolganlar-chi? Yoki ular Prezident bu masalada o‘z fikrini bildirishini kutayotganmikan?

Ma’lumot uchun, AQSHda politsiya xodimi qora tanli Jorj Floydni o‘ldirib qo‘ygani uchun, mamlakat politsiyachilari tiz cho‘kib xalqdan kechirim so‘radi.


Maqola muallifi

Teglar

qiynoq

Baholaganlar

147

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing