200 kVtlik limitni oshirishga asos yo‘q – Energetika vazirligi
Jamiyat
−
09 iyul
16811O‘zbekistonda iyun oyida 71 foiz aholi 200 kVtgacha elektr energiyasi iste’mol qilgan. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
“Iste’molchilarning 71 foizi belgilangan limit doirasidan chiqmagan. Shu bois, yaqin istiqbolda iste’molchilarga qo‘llanilayotgan oylik 200 kVt·soatgacha bo‘lgan bazaviy me’yor miqdori oshirilishiga asos mavjud emas”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, 22 foiz iste’molchi 201 kVt·soatdan 1000 kVtgacha iste’mol qilgan va 900 so‘mdan haq to‘lagan. Bunda elektr energiyasi iste’moli 201 kVt·soatdan 300 kVtgacha bo‘lgan iste’molchilar salmog‘i 11 foizni tashkil etgan.
Ta’kidlash joizki, 300 kVt·soatgacha elektr energiyasi iste’mol qilganlar to‘liq 900 so‘mdan haq to‘lamaydi. Bunda 200 kVt·soatgacha 450 so‘mdan, qolgan 100 kVt·soatga 900 so‘mdan to‘laydi.
Bildirilishicha, qolgan 7 foiz aholi 1001 – 10 000 kVt·soat elektr energiyasi iste’mol qilib, 1 350 so‘mdan to‘lovlarni amalga oshirgan.
Respublika bo‘yicha jami 1,1 mlrd kVt·soat elektr energiyasi iste’mol qilingan. Shundan iste’molchilarning 71 foizi 200 kVtgacha elektr energiyasi iste’mol qilgan va ular jami iste’molning 40 foizini tashkil etadi. Yana 11 foiz iste’molchi 201 – 300 kVtgacha elektr energiyasi iste’mol qilgan va ular jami iste’molning 19 foizini tashkil qiladi, 301 – 500 kVtgacha iste’molchilar jami iste’molning 20 foizini iste’mol qilgan.
Bunda 500 kVt va undan ko‘p elektr energiyani iste’mol qiluvchilar atigi 3,7 foiz bo‘lib, ular jami elektrning 21 foizini iste’mol qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq o‘zbekistonliklar Instagram ijtimoiy tarmog‘ida elektr energiyasi iste’moli uchun qo‘yilgan ijtimoiy normani bekor qilishni so‘rab fleshmob o‘tkazgani, tarmoq foydalanuvchilari “O‘zbekenergo, 200 kVtlik limitni bekor qilinglar” deb yozilgan postni o‘z storislarida ulashgani xabar qilingandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov esa daromadi 5 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan fuqarolar uchun elektr narxidagi 200 kVt norma qo‘llanmasligi kerakligini aytdi.
QALAMPIR.UZ aholi orasida shu mavzuda so‘rovnoma o‘tkazdi.
LiveBarchasi