20 dan ortiq tarmoq faollariga chora ko‘rildi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda reklama talablarini buzgan 20 dan ortiq kanal va guruh adminlari, bloger, vayner hamda boshqa tarmoq faollariga nisbatan chora ko‘rildi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda onlayn va raqamli marketing sohasi jadal rivojlanib, aholining ijtimoiy tarmoqlardagi axborot manbalariga qiziqishi ortib bormoqda. Bu esa reklama beruvchilarning ommabop kanal va platformalarda reklama joylashtirishga bo‘lgan qiziqishini ham kuchaytirmoqda.

“Reklama to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, reklamani tarqatish va uni boshqa axborotlardan ajratib ko‘rsatishga oid talablar belgilangan. Jumladan, reklama maxsus axborot sifatida reklama ob’ektiga e’tiborni jalb qilish, unga bo‘lgan qiziqishni shakllantirish yoki qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, bozorda bevosita yoki bilvosita foyda olish maqsadida ilgari surish uchun mo‘ljallangan bo‘ladi.

Shuningdek, reklamani boshqa axborotlardan “reklama” yoki “reklama huquqi asosida” belgisi bilan ajratib joylashtirish talab etiladi. Agar tahliliy maqola, sharh, fikr yoki mulohazada tijorat maqsadi ko‘zlangan bo‘lsa, bunday material ham reklama sifatida aniq belgilanishi lozim.

Biroq ayrim holatlarda axborot tarqatishda ushbu talablarga amal qilinmayotgani, xususan, oddiy axborot materialidan reklamani ajratib turuvchi tegishli belgilar ko‘rsatilmayotgani kuzatilmoqda.

Ma’lumot uchun, o‘tgan vaqt davomida “Reklama to‘g‘risida”gi qonunchilik talablari buzilgani yuzasidan ijtimoiy tarmoqlardagi 20 dan ortiq guruh va kanal ma’murlari, bloger, vayner hamda boshqa tarmoq faollariga nisbatan chora ko‘rilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq raqobat qo‘mitasi “Maktab bozorlari”da savdoni amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub’ektlari hamda sotuvchilarni bozorlarda sotiayotgan darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka chaqirgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing