20 dan ortiq davlat 75 000 xakerga qarshi birlashdi

Olam

image

Yevropol “yollanma hujum” (attack-for-hire) servislari orqali DDoS-hujumlarni tashkil etishga aloqador bo‘lgan 75 mingdan ortiq foydalanuvchi aniqlanganini ma’lum qildi. Operatsiya joriy yil 13 aprel kuni 21 davlat huquq-tartibot idoralari ishtirokida bo‘lib o‘tgan. Bu haqdagi xabar Yevropol saytida e’lon qilindi.

Muvofiqlashtirilgan harakatlar doirasida gumonlanuvchilarning manzillariga 75 mingdan ortiq ogohlantirish xatlari yuborilgan, to‘rt kishi qo‘lga olingan, tintuv o‘tkazish uchun 25 ta order berilgan va noqonuniy faoliyat bilan bog‘liq 53 ta domen yopilgan. Operatsiyada, jumladan, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Avstraliya va qator Yevropa davlatlari ishtirok etgan.

Operatsiyaga tayyorgarlik jarayoni xalqaro ekspertlar ishtirokida bir qator qo‘shma tadbirlarni o‘z ichiga olgan. Ular DDoS-servis foydalanuvchilarini aniqlash hamda saytlar, serverlar va tarmoqlarga hujum uyushtirish imkonini beruvchi “booter” platformalari infratuzilmasini yo‘q qilishga qaratilgan. Ushbu harakatlar davomida 3 milliondan ortiq hisob qaydlari (akkauntlar) haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bazalari musodara qilingan, bu esa keyingi tergov harakatlarini o‘tkazish imkonini bergan.

Yevropol ma’lumotlariga ko‘ra, “yollanma DDoS” servislari kiberjinoyatchilikning eng ochiq vositalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ular hatto texnik ko‘nikmalarga ega bo‘lmagan foydalanuvchilarga ham hujumlarni amalga oshirish imkonini beradi. Bunday harakatlar onlayn-servislarni ishdan chiqarib, kompaniyalar va jismoniy shaxslarga sezilarli zarar yetkazadi.

Idoraning qayd etishicha, bunday hujumlar ishtirokchilari tayyorgarlik darajasi bo‘yicha bir-biridan farq qiladi – yangi o‘rganuvchilardan tortib tajribali jinoyatchigacha. Motivlar esa oddiy qiziquvchanlikdan tortib, moliyaviy foyda yoki mafkuraviy maqsadlargacha o‘zgarib turadi.

“PowerOFF” deb nomlangan ushbu operatsiya davom etmoqda va endi profilaktika bosqichiga o‘tmoqda. Ko‘rilayotgan choralar sirasiga qidiruv natijalaridan DDoS-hujum servislariga olib boruvchi 100 dan ortiq havolalarni o‘chirish, shu kabi vositalarni qidirayotgan foydalanuvchilar uchun ogohlantiruvchi reklamalarni joylashtirish hamda ushbu xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishda foydalaniladigan blokcheyn-tarmoqlari orqali bildirishnomalar yuborish kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya harbiy razvedkasi manfaatlarida ishlaydigan xakerlar guruhi ko‘plab mamlakatlarning harbiy va hukumat tuzilmalarini Wi-Fi routerlar orqali kuzatish bo‘yicha yirik kuzatuv kampaniyasi ortida turgani ma’lum bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

xaker Evropol DDoS-hujum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing