Isroil xakerlarning “sevimli” nishoniga aylandi

Bu qiziq

image

Isroil 2026 yilning birinchi yarmida e’lon qilingan xakerlik DDoS-hujumlari soni bo‘yicha dunyoda eng ko‘p hujumga uchragan mamlakatga aylandi. Bu haqda “Radware” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, qayd etilgan barcha hujumlarning qariyb 17 foizi ushbu davlat hissasiga to‘g‘ri kelgan. Xaktivistlarning (xaktivist – ijtimoiy, siyosiy, diniy yoki mafkuraviy maqsadlarga erishish uchun kompyuter va tarmoq texnologiyalaridan foydalanuvchi raqamli faol – tahr. izohi) asosiy nishoni davlat tuzilmalari bo‘lgan: e’lon qilingan hujumlarning 37,2 foizi aynan ularning chekiga tushgan.

“Radware” ma’lumotlariga ko‘ra, xakerlarning faolligi geosiyosiy nizolarga bevosita bog‘liq bo‘lgan. 2026 yilning mart oyida, Yaqin Sharqdagi harbiy voqealar haqidagi xabarlar fonida e’lon qilingan hujumlar soni o‘tgan oyga nisbatan ikki baravardan ko‘proqqa ortgan.

2026 yilning dastlabki olti oyida veb-servislarga qilingan DDoS-hujumlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 110,6 foizga o‘sgan. Agar joriy sur’atlar saqlanib qolsa, yil yakunlariga ko‘ra ularning soni taxminan 166 foizga oshishi mumkin.

Bir vaqtning o‘zida veb-ilovalar va API’larga qilingan zararli so‘rovlar soni ham ikki baravardan ziyodga ortgan. “Radware” ma’lumotlariga ko‘ra, zaifliklarning 80 foizdan ortig‘i tegishli CVE identifikatorlari rasman e’lon qilingunga qadar ishlatila boshlangan. Hisobot mualliflari kiberhujumlarning tezlashishini, jumladan, zaifliklarni tezroq topish va g‘arazli niyatdagilarning harakatlarini avtomatlashtirishga imkon berayotgan sun’iy intellektning rivojlanishi bilan bog‘lamoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Xitoy bilan bog‘liq xakerlar guruhi Adliya vazirligi, NASA, Federal zaxira tizimi, Senat va boshqa muhim davlat tarmoqlariga kirgani yoki bunga uringanini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing