15 yoshli qizga tegajog‘lik qilgan instruktorni jarimaga tortish bo‘yicha sud qarori bekor qilindi
3-sahifa
−
06 fevral 9172 2 daqiqa
Farg‘ona viloyatida 15 yoshli qizga buzuq harakatlar sodir etgan instruktorga tayinlangan ma’muriy javobgarlik bekor qilinib, uning qilmishida jinoyat alomatlari bor-yo‘qligini aniqlash uchun viloyat prokuraturasiga yuborildi. Bu haqda “Nemolchi” loyihasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2024 yilning may oyida viloyatning Furqat tumanida M.N. 15 yoshli qizga avtomashinani boshqarishni o‘rgatayotgan vaqtida bir nechta nomaqbul harakatlar sodir etgan. Qizning aytishicha, erkak avvaliga qizning shaxsiy hayoti haqida surishtira boshlagan, so‘ngra unga soatini ko‘rsatgan. Shunda erkak qizning qo‘lini ushlashga uringan. Bir muncha vaqt o‘tgach, uning belidan ham ushlab, nomaqbul jinsiy harakatlarni amalga oshirgan.
Keyinroq M.N. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi ya’ni “Jinsiy zo‘ravonlik” bilan aybdor deb topilib, 1 million 20 ming so‘m miqdorida jarimaga tortilgan.
Bildirilishicha, dekabr oyida Farg‘ona viloyat sudi kassatsiya instansiyasida Farg‘ona viloyati prokurori o‘rinbosarining birinchi instansiya sudining qarori ustidan bergan protesti ko‘rib chiqilgan. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 278-moddasiga muvofiq, agar organ (mansabdor shaxs) huquqbuzarning qilmishini jinoyat tarkibiga kiritish mumkinligi to‘g‘risida xulosaga kelsa, materiallar prokurorga topshirilishi kerak. Sudga ko‘ra, Jinoyat kodeksining 129-moddasiga ko‘ra, 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan nomaqbul harakatlar jinoyat hisoblanadi.
“Qo‘shimcha qilamizki, Oliy sud Plenumining 2018 yil 30 noyabrdagi 35-sonli qarorida o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik ko‘rinishidagi nomaqbul harakatlar Jinoyat kodeksining 129-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi kerakligi belgilab qo‘yilgan”, deyiladi xabarda.
Shu asoslar bo‘yicha sudya X.Sotvoldiyev raisligidagi kassatsiya instansiyasi Furqat tuman sudining hal qiluv qarori va Furqat tumani IIB profilaktika xizmati inspektorining jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilgan. Sud ish materiallarini Jinoyat kodeksining 129-moddasi “16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan nomuvofiq harakatlar”da nazarda tutilgan jinoyat alomatlari bor-yo‘qligini aniqlash uchun viloyat prokuraturasiga yuborish to‘g‘risida qaror chiqargan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida 37 yoshli erkak qo‘shnisining 13 yoshli qiziga pul evaziga jinsiy aloqa taklif qilgani, uning ayoli esa bunda vositachi bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Ushbu ish sudda ko‘rib chiqilganda erkakka 5 sutka qamoq, xotiniga esa 750 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan. Apellyatsiya sudi ham qarorni o‘zgartirmagan. Endilikda tuman va viloyat sudlarining ushbu qarorlariga nisbatan Bosh prokuratura tomonidan Oliy sudga taftish tartibida protest keltirildi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr