13 yashar qiz bilan jinsiy aloqa qilmoqchi bo‘lgan erkakning jazosi o‘zgarishi mumkin

3-sahifa

image

Avvalroq, Andijon viloyatida 37 yoshli erkak qo‘shnisining 13 yoshli qiziga pul evaziga jinsiy aloqa taklif qilgani, uning ayoli esa bunda vositachi bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Ushbu ish sudda ko‘rib chiqilganda erkakka 5 sutka qamoq, xotiniga esa 750 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan. Apellyatsiya sudi ham qarorni o‘zgartirmagan. Endilikda tuman va viloyat sudlarining ushbu qarorlariga nisbatan taftish tartibida protest keltirildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

Bildirilishicha, Andijonda sodir bo‘lgan holat bilan bog‘liq ma’muriy ish bo‘yicha chiqarilgan sud qarorlarining qonuniyligi o‘rganilgan. O‘rganish natijasiga ko‘ra, Bosh prokuratura Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga Jinoyat ishlari bo‘yicha Asaka tuman sudining 2024 yilning 10 dekabrdagi hamda Andijon viloyat sudi apellyatsiya instansiyasining 23 dekabrdagi qarorlariga nisbatan taftish tartibida protest keltirgan.

O‘zi nima bo‘lgan edi?

2024 yil noyabr oyida ish sudda ko‘rilgan. Sudlanuvchining guvohligiga ko‘ra, 1987 yilda tug‘ilgan B.O. rafiqasi bilan intim ehtiyojlarini qondira olmagan va unga qo‘shnisi 2011 yilda tug‘ilgan M.ni olib kelishini aytgan. Biroq uning so‘zlariga ko‘ra, u uxlab qolgan va keyin nima bo‘lganini eslay olmagan.

Voyaga yetmagan M. sudda o‘sha kuni qo‘shnisi uni uyiga olib kelib, eri bilan jinsiy aloqada bo‘lishini aytganini ma’lum qilgan. Ayol, shuningdek, o‘smir “hech narsani ko‘rmasligi va og‘riqni his qilmasligi” uchun ko‘zini bog‘lab qo‘yishini aytgan va buning uchun 50 ming so‘m taklif qilgan. Qizcha rad etgach, suhbatga erkak aralashgan va agar u rozi bo‘lsa, 100 ming so‘m to‘lashini aytgan. Qizcha qo‘rqib ketib, qochib ketgan.

Voyaga yetmagan qizning onasi sudda qizlari M. va R. unga qo‘ng‘iroq qilib, M.ni qo‘shni erkak o‘zining jinsiy ehtiyojlarini qondirishi uchun uyiga olib ketishganini aytgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, tan jarohati yoki zo‘ravonlik holati bo‘lmagan, ammo shikoyatni qanoatlantirishni so‘ragan. Uning fikricha, erkak va uning rafiqasi harakatlarida jinoyat belgilari bo‘lishi mumkin. Shu bois ona birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini bekor qilib, ish materiallarini prokuraturaga yuborishni so‘ragan.

Birinchi instansiya sudi B.O. va uning rafiqasi harakatlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasi 1-qismi “Shahvoniy shilqimlik” bilan to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan deb topgan. Erkakka 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi, xotiniga esa davlat foydasiga 750 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan.

Apellyatsiya sudi ham ma’muriy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi qarorni o‘zgarishsiz qoldirib, jinoyat ishini qo‘zg‘atish zarurligi to‘g‘risidagi arizaga rozi bo‘lmagan. Bolalar ombudsmani matbuot kotibi Dilnoza Yusupovaning QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qilishicha, Bola huquqlari bo‘yicha vakil holat yuzasidan chiqarilgan sud xujjatlarini o‘rganib, ularni bola manfaatiga zid deb hisoblab, 2025 yilning 4 fevral kuni birinchi instansiya va apellyatsiya sudlarining mazkur qarorlari ustidan protest bildirish bo‘yicha Bosh prokuraturaga tegishli iltimosnoma kiritgan.


Maqola muallifi

Teglar

Bosh prokuratura jarima jinsiy aloqa Apellyatsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing