11 mamlakatdan O‘zbekistonga kelganlar majburiy karantinga olinadi
Jamiyat
−
01 dekabr 2021
14006Dunyo bo‘ylab koronavirusning yangi “omikron” shtammi keng tarqalayotganini inobatga olib, O‘zbekistonga ayrim xorij davlatlaridan kirib kelgan yo‘lovchilar majburiy karantinga olinadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasiga Koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining yig‘ilishida mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqarorligini saqlab qolish va yurtimiz hududiga koronavirus infeksiyasining yangi “omikron” shtammi kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bir qator yangi tartib va cheklovlar belgilangan.
Jumladan, endilikda xorijiy davlatlardan O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchilar:
• mamlakatga tashrif buyurishidan kamida 72 soat oldin topshirilgan koronavirus infeksiyasiga PZR test natijasi bo‘yicha manfiy ko‘rsatkichga ega ma’lumotnomaga ega bo‘lishlari lozimligi;
• koronavirus infeksiyasiga PZR test natijasi bo‘yicha manfiy ko‘rsatkichga ega ma’lumoti mavjud bo‘lmaganda, aeroport, temir yo‘l vokzallari va chegara o‘tkazish punktlarida tashkil etilgan koronavirus infeksiyasiga ekspress test topshirishlari shartligi belgilandi.
Shuningdek:
Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan Avstraliya, Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Isroil, Italiya, Niderlandiya, Chexiya va Misr davlatlari hududidan O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib keluvchi yo‘lovchilar yuqoridagi talablar bajarilgandan so‘ng mamlakatimiz hududiga kirib kelgan kundan e’tiboran o‘n kun davomida majburiy uy karantini yoki o‘z hisoblaridan mehmonxonaga karantinga joylashtiriladi.
Eslatib o‘tamiz, “omikron” shtammi ommalashishi oqibatida 2021 yilning 3 dekabridan 2022 yilning 10 yanvarigacha 10 ta mamlakatdan O‘zbekiston hududiga kirish taqiqlandi.
LiveBarchasi