Qoldirilayotgan reyslar, kasallangan vazir. Dunyoda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat qanday? 

Olam

image

Joriy yilning 2 yanvar kuni noqulay ob-havo va koronavirusning “omicron” shtammi tarqalishi tufayli dunyo bo‘ylab 3,6 mingdan ortiq reyslar bekor qilindi. Bu haqda parvozlarni kuzatish bilan shug‘ullanadigan “FlightAware” veb-saytiga asoslanib xabar berilgan.  

Shu bilan birga, 2 yanvar kuni bekor qilinganlar reyslar orasida AQSHga 2,1 mingdan ortig‘i  to‘g‘ri kelgan. 6,4 mingdan ortiq reys kechiktirilgan. 

Agentlikka ko‘ra, Rojdestvo va Yangi yil bayramlari odatda parvozlar eng ko‘p amalga oshiriladigan vaqt hisoblanadi, ammo “omicron” shtammining tarqalishi aviakompaniyalarni uchuvchilar va ekipaj a’zolari xavfsizligini ta’minlash uchun ba’zi reyslarni bekor qilishga majbur qilgan. 

AQSH Mudofaa vaziri uchta dozadan so‘ng koronavirus yuqtirdi 

Pentagon rahbari Lloyd Ostin yangi turdagi koronavirus bilan kasallandi. AQSH Mudofaa vazirining o‘zi koronavirus testining ijobiy natijasini ma’lum qilgan. Ostinning ta’kidlashicha, u koronavirus alomatlari paydo bo‘lganidan keyin test o‘tkazishni so‘ragan. Ta’kidlanishicha, unda kasallikning “yengil alomatlari” mavjud. Ostinning aniqlik kiritishicha, u Mudofaa vazirining barcha vakolatlarini o‘zida saqlab qoladi va karantin davridagi muhim uchrashuvlar va tadbirlarda virtual formatda ishtirok etadi. 

Pentagon rahbari koronavirus testini u bilan bog‘langan har bir kishi o‘tkazishini aytgan. 68 yosh Ostin to‘liq emlangan bo‘lib, u oktyabr oyida busterni ham olgan. 

Niderlandiyada cheklovlarga qarshi namoyish o‘tkazildi 

Niderlandiyaning Amsterdam shahrida odamlar ko‘chaga chiqib, koronavirus cheklovlariga qarshi namoyish o‘tkazdi. Mamlakatda o‘tgan yilning 19 dekabridan beri lokdaun amal qilmoqda, ommaviy to‘planish ham taqiqlangan. 

Norozilarga ko‘ra, koronavirusga qarshi boshqa usullar bilan kurashish lozim. Politsiya talabiga qaramay, niqob taqmagan va bir-biriga yaqin turgan namoyishchilar tarqalishdan bosh tortgan. Niderlandiyada cheklovlar 14 yanvargacha amal qilishi aytilgan, biroq u uzaytirilishi ham mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

koronavirus omikron

Baholaganlar

66

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing