“Kentavr”: “omikron”ning dunyoga tarqalayotgan yangi mutatsiyasi qanchalik xavfli?
Salomatlik
−
14 iyul 2022
15295Yevropa virusologlari Hindistonda tez tarqalib, boshqa mamlakatlarga, jumladan Buyuk Britaniya, AQSH, Avstraliya, Germaniya va Kanadaga yetib kelgan COVID-19 “omikron” shtammining yangi “Kentavr” (BA.2.75) varianti paydo bo‘lganidan xavotirda.
BA.2.75 varianti Yevropa Kasalliklarning oldini olish va nazorat qilish markazi (ECDC) tomonidan diqqat bilan kuzatilmoqda. Tashkilot 7 iyulda uni “kuzatuv ostida” deb qayd etgan. “Kentavr”ning qanday xususiyatlari bor va u avvalgilariga nisbatan qanchalik xavfli?
“Kentavr” kichik shtammining paydo bo‘lishi
“Kentavr” – bu COVID pandemiyasining qorong‘u oti” – “Forbes” jurnalida virusolog Uilyam Xazeltaynning shu nomadagi maqolasi e’lon qilindi. Olim BA.2.75 paydo bo‘lish zanjiri va so‘nggi paytlarda keng tarqalgan boshqa variantlarni kuzatish bilan shug‘ullangan.
Uning eslatishicha, “omikron”ning ajdodlaridan sezilarli farq qiluvchi BA.1 varianti 2021 yil oxirida paydo bo‘lgandi. Uning izidan BA.2 avlodi keldi, bu 2022 yilning qishida Qo‘shma Shtatlardagi kasallanishlarning asosiy qismini tashkil etdi. Xazeltaynga ko‘ra, BA.1, “gamma” va “delta” kabi boshqa shtammlar o‘rtasida deyarli bog‘liqlik yo‘q. Va hozir ko‘p mamlakatlarda uning bevosita “merosxo‘rlari” hukmronlik qilmoqda, ular olimlarga BA.4/BA.5 sifatida ma’lum, shuningdek, o‘sib borayotgan BA.2.75 ham hisobda bor.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, “kentavr” boshoq oqsilining genetik kodida sezilarli mutatsiyalarga ega. Olimning so‘zlariga ko‘ra, noyob mutatsiyalar virusning tashuvchilar o‘rtasida samaraliroq tarqalishiga yordam beradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozir Hindistonda “kentavr”ning yaqin qarindoshlari – BA.2.74 va BA.2.76 bilan kasallanish ham kuzatilyapti.
“Kentavr”ning dunyoda tarqalishi
“Guardian” nashrining yozishicha, “kentavr” 10 ga yaqin davlatda, jumladan, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Germaniya va Kanadada topilgan. Bugun, 14 iyul kuni esa Niderlandiyada ham “kentavr” aniqlandi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakillari ham yangi variantni kuzatmoqdalar, garchi hozirgi vaqtda ushbu kichik turni qanchalik jiddiy deb hisoblash mumkinligini tushunish mumkin emas.
“Omikron”dagi jiddiy muammoni birinchilardan bo‘lib ko‘rgan London Imperial kolleji virusologi Tom Pikok “kentavr”ning paydo bo‘lishi haqida gapirgan.
“Gap ma’lum mutatsiyalarda emas, balki ularning soni va kombinatsiyasida”, deb tushuntirgan mutaxassis.
Uning fikrichi, “kentavr” BA.5. ni almashtirish imkoniyatiga ega. Ammo u oddiy kichik tur bo‘lib qolishi ham mumkin.
Ekspertlarga ko‘ra, Hindistonda infeksiyalarning o‘sishi BA.2.75 muammoli shtamm ekanligini ko‘rsatmoqda. Pikokning ta’kidlashicha, “omikron”ning kichik turlari o‘zgaruvchanlik va “antikorlardan qochish” qobiliyatini oshirgan, shuning uchun virus evolyutsiyasini kuzatib borish oson emas.
“Kentavr” qanchalik xavfli
Sharqiy Angliya universiteti professori Pol Xanterning tushuntirishicha, “kentavr”ning xatti-harakatlarini oldindan aytish qiyin. Ammo hozirda uning BA.5 dan xavfliroq bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas.
Mikrobiolog Devid Livermorning fikricha, Kentavr son-sanoqsiz “omikron” sub-shtammlaridan biridir.
Olimlar BA.2.75imkoniyatlari haqida erta xulosa chiqarishdan ehtiyot bo‘lyapti. Missuri universiteti professori Mark Jonson vaziyat bo‘yicha shunday deydi: “Biz xavotirdamiz, lekin bu aqldan ozish uchun sabab emas”.
Ma’lumot uchun, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyo davlatlari hukumatlaridan niqob taqishni qaytadan yo‘lga qo‘yishga chaqirdi.