11 sentyabr terakti – dunyoni titratgan fojiaga 19 yil to‘ldi
Olam
−
11 Sentabr 2020
28870Dunyoni dahshatga solgan 2001 yil 11 sentyabr. XXI asrdagi yirik qo‘poruvchilik harakatlarining “bosh toji” bo‘lgan teraktga 19 yil to‘ldi. Fojia jahon hamjamiyati va xalqaro tashkilotlarni terrorga qarshi kurash uchun jipslashishiga turtki bo‘ldi.
2001 yil 11 sentyabr AQSH tarixida o‘chmas “dog‘” bo‘lib qoldi. Shu kuni Amerikada dunyodagi eng qo‘rqinchli va qonli terrorchilik harakati amalga oshirildi. Bu Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan dunyoga qarshi tahdid paydo bo‘lganiga ishora bo‘ldi.
Yirik megapolislar Boston, Nyu-York va Vashingtondan havoga ko‘tarilgan 4 ta yo‘lovchi samolyotlarining boshqaruvini qo‘lga olgan bir guruh terrorchilar Nyu-York shahrida joylashgan egizak binolarga va Virjiniya shtatida joylashgan mamlakat Mudofaa vazirligining shtab kvartirasi — Pentagonga borib urildi.
Quyida 2001 yil 11 sentyabr voqealarining asosiy voqelarini daqiqama-daqiqa eslab o‘tamiz:
11 sentyabr, tonggi 07:58
United Airlines aviakompaniyasiga qarashli 175-raqam bilan Bostondan Los-Anjelesga yo‘l olgan Boeing 767 samolyoti yo‘lovchilar orasida bo‘lgan bir guruh terrorchilar tomonidan garovga olindi. Samolyot bortida 56 yo‘lovchi va to‘qqiz nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Los-Anjeles tomon uchayotgan samolyot terrorchilar talabi bilan yo‘nalishni majburiy ravishda Nyu-York shahri tomon o‘zgartirdi.
11 sentyabr, tonggi 07:59
American Airlines aviakompaniyasiga qarashli 11-raqam bilan Bostondan Los-Anjelesga yo‘l olgan Boeing 767 samolyoti yo‘lovchilar orasida bo‘lgan terrorchilar tomonidan garovga olindi. Samolyot bortida 81 yo‘lovchi hamda to‘qqiz nafar ekipaj a’zosi bor edi. Bu samolyot ham o‘z yo‘nalishini majburiy o‘zgartirib Nyu-Yorkka qarab yo‘l oldi.
Soat 08:01
93-raqamli Boeing 767 rusumli samolyot 38 nafar yo‘lovchi hamda to‘qqiz nafar ekipaj a’zosi bilan Nyu-Jersidan San-Fransisko tomon parvoz qila boshladi.
Soat 08:10
Vashington xalqaro aeroportidan 77-raqam bilan Los-Anjeles tomon uchayotgan, bortida 58 yo‘lovchi va olti nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan Boeing 767 garovga olindi.
Soat 08:46
Boston – Los-Anjeles yo‘nalishida uchishi lozim bo‘lgan, ammo samolyotni egallab olgan terrorchilar tomonidan majburiy tarzda Nyu-York tomon yo‘l olgan 11-raqam ostida uchayotgan Boeing 767 samolyoti Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazining egizak binosidan biri, shimol tarafdagi osmono‘par binoga urildi.
Soat 09:03
Boston – Los-Anjeles yo‘nalishida uchishi lozim bo‘lgan, ammo terrorchilar tomonidan Nyu-York tomon yo‘naltirilgan 175-raqam bilan uchayotgan Boeing 767 samolyoti Jahon savdo markazi egizak binosining janub tomondagi ikkinchisiga kelib urildi.
AQSH Federal aviatsiya ma’muriyati Nyu-York aeroporti faoliyatini to‘xtatdi.
Soat 09:45
Vashingtondan 77-raqam bilan Los-Anjeles tomon uchayotgan Boeing 7676 samolyoti AQSH Mudofaa vazirligi binosi — Pentagonga kelib urildi.
Soat 10:05
Jahon savdo markazi egizak binosining janubiysi qulab tushdi.
Soat 10:05
Poytaxt Vashingtonda Oq Uy va boshqa hukumat binolarida faoliyat yurituvchi barcha xodimlar evakuatsiya qilindi.
Soat 10:10
AQSH Mudofa vazirligi ma’muriyati – Pentagonga samolyot urilishi natijasida himoya qo‘rg‘onining bir qismi quladi.
Soat 10:10
Nyu-Jersidan San-Fransiskoga 93-raqam bilan parvoz qilayotgan va yo‘lda terrorchilar tomonidan garovga olingan samolyot yo‘lovchilarning terrorchilarga qattiq qarshiligidan so‘ng Pitsburg shahri yaqinida halokatga uchradi.
Soat 10:28
Jahon savdo markazining egizak binolaridan ikkinchisi, shimoliy tarafdagi osmono‘par bino ham qulab tushdi.
Dunyodagi eng kuchli harbiy kuchga ega bo‘lgan AQSH mudofaasi bu hujumlardan o‘zini himoya qilolmaganligi boshqa mamlakatlarni taajjubga soldi va terror oldida qo‘rquv uyg‘otdi.
Pitsburgda qulagan samolyot Vashington tomon, aniqrog‘i Oq uyga yo‘l olgani surishtiruv natijasida ma’lum bo‘ldi. Ha, terrorchilar AQSH “yuragi”ni nishonga olgandi. Ammo bu dahshatli reja yo‘lovchilarning qarshiligi bilan amalga oshmadi.
Bu vaqtda AQSHning o‘sha vaqtdagi Prezidenti Jorj Bush Florida shtatidagi bir maktabda o‘quvchilarga “Gunoh echkisi” (A scapegoat) nomli hikoyani o‘qib berayotgan edi...
11 sentyabr fojiasi qurbonlari xotirasiga ikkita shunday yodgorlik barpo etilgan
Barcha hujumlar natijasida, jami bo‘lib 2977 kishi halok bo‘lgani ma’lum qilindi.
Bu hujumlar “Al-Qoida” terrorchilik tashkiloti rahbari Usama ben Ladenning maxsus topshirig‘i asosida amalga oshirilgani ta’kidlandi.
Dunyoning bir qancha davlatlariga aziyat bergan radikal islom harakati tarafdori bo‘lgan “Al-Qoida” tashkiloti tarixiga to‘xtalib o‘tsak.
1979 yil SSSR hukumati tomonidan Afg‘onistonga harbiy kuchlarning kiritilishi natijasida Afg‘onistonda SSSR va amaldagi Hukumatga qarshi bo‘lgan kuchlar “mujohidlar” nomi ostida qurolli kurash olib bordi.
1984 yilda Abdulloh A’zam va Usama ben Laden afg‘on “mujohid”larini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Maktab al-Xidmat” (Xizmatlar buyurosi)ni tashkil etadi. Keyinchalik bu tashkilot negizida Usama ben Laden 1988 yilda o‘zining terrorchilik tashkiloti, ya’ni “Al-Qoida”ni tuzadi.
Bu tashkilot yillar davomida ayrim “qora kuchlar” tomonidan moliyaviy va qurol-yarog‘ bilan ta’minlab kelingan. Bunda mintaqadagi geosiyosiy vaziyatni nazorat qilib turish kabi maqsadlar ko‘zlangan edi.
11 sentyabr voqealaridan keyin AQSH Hukumati ben Laden haqida berilgan aniq ma’lumotga ikki million dollar mukofot joriy etdi.
Ammo bu kabi urinishlar o‘z samarasini bermadi. 10 yil davomida “Al-Qoida” yetakchisini qo‘lga olish va yo‘q qilishga qaratilgan harakatlar bekor ketdi.
2011 yil 2 may kuni Pokiston Islom Respublikasining Abbottobod shahrida o‘tkazilgan harbiy operatsiya natijasida dunyoning birinchi raqamli terrorchisi Usama ben Laden o‘ldirildi.
Ayrim siyosatchilarning fikricha, 11 sentyabr voqealari sabab dunyodagi siyosiy vaziyatlar tubdan o‘zgarib ketdi. Avvalo AQSH dunyodan terrorchni yo‘qotish da’vosi bilan chiqdi. Oradan ko‘p o‘tmay Amerika NATOdagi ittifoqchilari bilan Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi.
2003 yilda Iroq Hukumati tomonidan kimyoviy va biologik qurollar ishlab chiqilgani iddao qilinib, Iroq rahbari Saddam Husayn hokimiyatini ag‘darish maqsadida urush e’lon qilindi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, 11 sentyabr 2001 yilda sodir bo‘lgan terroristik hujumi – XXI asrda insoniyat uchun yangi muammo va ziddiyatlar haqidagi xabarning bir “ogohlantirish qo‘ng‘irog‘i” edi. Ushbu voqea dunyo geosiyosatida yangi davrni boshlab berdi.