11 davlat Isroilning Suriyaga hujumlarini qoraladi
Olam
−
18 iyul 2025 3603 2 daqiqa
Turkiya, Saudiya Arabistoni va Iordaniya tashabbusi bilan tayyorlangan va 11 davlat tomonidan imzolangan qo‘shma bayonotda Isroilning Suriyaga qarshi harbiy hujumlari keskin qoralandi. Bu haqda “Anadolu” xabar berdi.
Bayonotda Suriyaning suvereniteti, xavfsizligi, birlik va hududiy yaxlitligi qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlangan. Unga ko‘ra, har qanday xorijiy aralashuvga qat’iy qarshi chiqiladi va Suriyadagi mojaroga faqat siyosiy yo‘l bilan yechim topilishi kerakligi qayd etiladi.
Qo‘shma bayonotga quyidagi davlatlarning Tashqi ishlar vazirlari imzo chekkan:
- Turkiya
- Iordaniya
- Birlashgan Arab Amirliklari (BAA)
- Bahrayn
- Saudiya Arabistoni
- Iroq
- Ummon
- Qatar
- Quvayt
- Livan
- Misr
Shuningdek, bayonotda Isroilning Suriyadagi takroriy hujumlari keskin qoralangan. Unda BMT Xavfsizlik Kengashi Isroilni Suriyaning bosib olingan hududlaridan butunlay chiqib ketishini ta’minlashda huquqiy va ma’naviy javobgarlikni o‘z zimmasiga olishi lozimligi ham aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, 16 iyul kuni Isroil armiyasi Damashqdagi Suriya armiyasi Bosh shtab binosiga havo hujumi uyushtirgandi. Isroil kuchlari tomonidan o‘tkazilgan hujum janubiy Suriyada ayniqsa, Suvayda mintaqasida avj olgan to‘qnashuvlar fonida amalga oshirilgan. Bu hududda druz jamoalari va hukumatga sodiq guruhlar o‘rtasida zo‘ravonlik kuchayib borayotgani kuzatilayotgan edi. Isroil rasmiylari ushbu hujumni “druzlar himoyasi” deb ta’riflagan. 16 iyul kuni kechqurun Suriya hukumati mahalliy etnik jamoalar o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar tufayli mamlakat janubi-g‘arbidagi Suvayda shahridan armiya bo‘linmalari olib chiqilishini e’lon qildi. Hukumat qo‘shinlarining mintaqadan olib chiqilishi druzlar bilan tuzilgan sulh bitimining bir qismi ekani aytildi. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ham Vashington Isroil va Suriya o‘rtasidagi “tashvishli va dahshatli vaziyat”ga yakun yasovchi choralarni kelishib olganini ma’lum qildi. “Axios” nashri yuqori lavozimli amerikalik mulozimga tayanib, AQSHning Suriyadagi maxsus vakili Tom Barrak Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning maslahatchisi Ron Dermer bilan bir necha marta telefon orqali suhbat o‘tkazgani haqida yozgan.
Live
Barchasi