10 oylik faoliyat: Baydenning reytingi rekord darajada tushib ketdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Baydenning amerikaliklar orasida mashhurligi uning inauguratsiyasidan beri eng past darajaga tushdi. Buni “The Washington Post” gazetasi va ABC telekanali o‘tkazgan so‘rov natijalari tasdiqlaydi.  

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Baydenning davlat rahbari sifatidagi faoliyatini respondentlarning 41 foizi ma’qullagan. Ishtirokchilarning 53 foizi qarama-qarshi fikrda. Qolganlari esa javob bermagan. 

Tadqiqotchilarga ko‘ra, bu Baydenning joriy yil yanvar oyidagi inauguratsiyasidan beri 
“The Washington Post” va ABC so‘rovlarida qayd etilgan eng past reytingidir. 

Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi bir necha oy ichida Amerikaning amaldagi rahbarining mashhurligi doimiy ravishda pasayib bormoqda. Buning asosiy sababi saylovchilarning AQSHdagi iqtisodiy vaziyatdan, jumladan, narxlarning oshishidan noroziligi bo‘lgan. 

Sentyabr oyida Baydenning Prezident sifatidagi faoliyati respondentlarning 44 foizi tomonidan ma’qullangan. Ishtirokchilarning 51 foizi qarama-qarshi fikrda bo‘lgan. Iyun oyida bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 50 foiz va 42 foiz, aprel oyida 52 foiz va 42 foiz bo‘lgan. 

“The Washington Post” va ABC tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi so‘rov 7-10 noyabr kunlari mamlakat bo‘ylab taxminan 1000 nafar amerikalik o‘rtasida o‘tkazilgan. Ularga telefon orqali savollar berilgan. 

Amerika yetakchisining mashhurligi pasayganini boshqa ko‘plab sotsiologik tadqiqotlar natijalari ham tasdiqlaydi. 

Avvalroq, Bayden reytingining tushib ketishiga e’tibor bermasligini aytgandi.   

Ma’lumot o‘rnida, demokrat, sobiq vitse-prezident va 36 yillik Kongress a’zosi Bayden 2020 yil 3 noyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlarda AQSHning 46-Prezidenti etib saylandi.


Maqola muallifi

Teglar

reyting Bayden

Baholaganlar

115

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing