Reyting yangilandi: O‘zbekiston pasportining kuchi sezilarli pasaydi
Bu qiziq
−
19:56 6536 2 daqiqa
O‘zbekiston Henley & Partners xalqaro konsalting kompaniyasi tomonidan tuziladigan dunyo pasportlari reytingida 106 ta davlat orasida 82-o‘rinni egalladi. Bu haqda kompaniya tomonidan e’lon qilingan yangilangan reytingda keltirilgan.
Joriy yilning aprel oyida O‘zbekiston ushbu reytingning 73-o‘rinda edi. Shu tariqa, mamlakatning reytingdagi pozitsiyasi to‘qqiz pog‘onaga pasaydi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston 79-o‘rinda joylashgandi.
Reytingning amaldagi natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Burkina-Faso va Togo bilan bir qatorda 82-o‘rinni egallab turibdi. O‘zbekiston fuqarolari 57 ta davlatga vizasiz yoki yetib borgach viza rasmiylashtirish orqali kirishi mumkin.
Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qozog‘iston yetakchi bo‘lib, u 66-o‘rindan joy olgan. Qirg‘iziston esa 81-pog‘onadan o‘rin egallagan. Tojikistonga 87-, Turkmanistonga esa 93-o‘rin berilgan.
Reytingda birinchi o‘rinni Singapur egalladi. Ushbu mamlakat fuqarolari 193 ta mamlakat va hududga vizasiz sayohat qilish imkoniyatiga ega. Afg‘oniston esa reytingni yakunlab bermoqda – ushbu mamlakat pasporti egalari 22 ta davlatga vizasiz tashrif buyurishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Henley Passport Index – mamlakatlar pasportlarining xalqaro sayohatlar uchun yaratadigan imkoniyatlarini, shu jumladan vizasiz kirish mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar sonini hisobga olgan holda tuziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Global Firepower 2026 yil uchun dunyoning eng kuchli armiyalari reytingini e’lon qilgandi. Undagi 145 ta mamlakat ichida O‘zbekiston 53-o‘rinda qayd etildi.
Live
Barchasi