1 yanvardan yo‘lkira haqini to‘lashda avtomatlashtirilgan tizimga o‘tiladi

Jamiyat

image

Bugun, 25 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumiy foydalaniladigan transportda yo‘lovchi tashishda yo‘lkira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. 

Qarorga muvofiq, umumiy foydalaniladigan transportda yo‘lovchi tashish uchun yo‘lkira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bosqichma-bosqich:

•    Toshkent shahrida "Toshshahartransxizmat" AJ va "Toshkent metropoliteni" UKning ayrim yo‘nalishlarida ko‘rsatilgan yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun — 2020 yil 1 yanvardan boshlab;
•    Nukus shahri va viloyat markazlarida yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun — 2020 yil 1 avgustdan boshlab;
•    respublikaning barcha hududida yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun — 2021 yil 1 yanvardan boshlab amalga oshiriladi.

Alohida fuqarolar toifalari uchun imtiyozli transport kartalarini shaxsiylashtirish va karta tannarxi bo‘yicha sotish davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi.

Aholiga transport xizmati ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning  avtomatlashtirilgan tizimga ulanishi yo‘lovchi tashish xizmatlari ko‘rsatish huquqini beruvchi tender (tanlov) bo‘yicha bitimlarda aks ettiriladi.

Qarorga ko‘ra, avtomatlashtirilgan tizim uchun tariflarni belgilash tartibi ishlab chiqiladi.

Unda, bitta to‘lov bilan bir nechta transport yoki transport turidan foydalanish imkoniyati, yo‘nalishdagi vaqt hamda masofadan kelib chiqqan holda belgilanadigan tarif rejalarini joriy etish kabi masalalar nazarda tutiladi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Avtobus yo'lkira haqi Jamoat transporti

Baholaganlar

80

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing