Avtobusda yo‘lkira to‘lamaganlarga jarima keskin oshirilishi mumkin
Jamiyat
−
17:27 891 2 daqiqa
Avtobusda yo‘lkira haqini to‘lamasdan yurgan yo‘lovchilar uchun jarima miqdorini sezilarli darajada oshirish taklif qilinmoqda. Unga ko‘ra, qoidani ilk bor buzgan shaxsga 220 ming so‘m, ushbu holat takrorlangan taqdirda esa 440 ming so‘mgacha jarima qo‘llash nazarda tutilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish davlat muassasasi direktori Muhammadjon Qahhorov “O‘zbekiston 24”ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Yo‘l haqini birinchi marta to‘lamagan fuqaroga bazaviy hisoblash miqdorining yarmi, ya’ni 220 ming so‘m miqdorida jarima belgilanishi mumkin. Qoidabuzarlik yana takrorlansa, jarima BHMning bir baravarigacha – 440 ming so‘mgacha yetadi”, deydi Muhammadjon Qahhorov.
Hozir amalda bo‘lgan tartibga ko‘ra, trolleybus, tramvay, shahar ichi va shahar atrofi yo‘nalishlarida chiptasiz harakatlangan yo‘lovchiga BHMning o‘ndan bir qismi miqdorida, ya’ni 41 ming 200 so‘m jarima solinadi.
Mutasaddilarning ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning dastlabki yetti oyida 82 mingdan ziyod yo‘lovchi yo‘l haqini to‘lamagani aniqlangan. Ushbu holatlar bo‘yicha 2 milliard so‘mdan ortiq jarima undirilgan.
Joriy yil 1 sentyabrdan yangi tartib kuchga kiradi. Unga ko‘ra, yo‘lovchi avtobusga chiqqan paytning o‘zida yo‘lkira haqini to‘lashi yoki imtiyozli yurish huquqini tasdiqlashi kerak. To‘lov transport yoki ijtimoiy karta, bank kartasi, smartfon hamda boshqa kontaktsiz elektron vositalar yordamida amalga oshiriladi. Belgilangan tartibda to‘lov qilmagan yo‘lovchi chiptasiz harakatlangan deb hisoblanadi.
Ta’kidlanishicha, yangi mexanizm yo‘lkira tushumlarini to‘liq hisobga olish, naqd puldan foydalanishni qisqartirish va jamoat transportida elektron to‘lovlarni ommalashtirishga qaratilgan
Mazkur takliflar Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 3 iyundagi 276-son qarori ijrosi doirasida ishlab chiqilgan. Hozirda tegishli hujjatlar Qonunchilik palatasiga kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda tez orada avtobuslarda yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilarni sun’iy intellekt orqali aniqlash tizimi yo‘lga qo‘yilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi