1-sonli Respublika klinik shifoxonasi yopiladimi? Vazir mishmishlarga aniqlik kiritdi

Intervyu

So‘nggi paytda ijtimoiy tarmoqlarda 1-sonli Respublika klinik shifoxonasining (Sodiq Azimov ko‘chasidagi sobiq Glavtashkentstroy shifoxonasi) yopilishi haqida turli ma’lumotlar tarqalyapti.

Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Zangiotadagi yangi shifoxonaning birinchi binosini foydalanishga topshirish vaqtida 1-sonli Respublika klinik shifoxonasi atrofidagi gap-so‘zlarga rasmiy munosabat bildirdi.

“Shuni rasman ma’lum qilamanki, bugungi kunda Respublika klinik shifoxonasi men boshqrayotgan Sog‘liqni saqlash vazirligi balansida qolyapti. Shuningdek, ushbu shifoxona yuridik shaxs sifatida saqlab qolinyapti va hozirda ishlayapti.

Biz aholiga qulaylik yaratish va butun shifoxonani yopmaslik uchun uning bir qism xodimlarini Zangiotadagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘tkazdik. Bundan tashqari, biz xohlovchilarni, hech kim majburlanmaydi, koronavirus bemorlari bilan ishlashga jalb qilyapmiz. Shunga muvofiq, Respublika klinik shifoxonasining bir qism xodimlari Zangiotadagi shifoxonada ishlashga rozi bo‘ldi”, deya mishmishlarni rad qildi Alisher Shodmonov.

U so‘zida davom etib, yangi qurilayotgan shifoxonalar g‘aqida ham aytib o‘tdi va ularning qurilishini Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili kuzatib borayotganini ma’lum qildi.

“Shuni ham aytishim kerakki, har bir (tibbiyot muassasasi – tahr.) qurilishga o‘z vakillarimizni berdik. Xabaringiz bor, Chilonzor tumanining Arnasoy ko‘chasida Perinatal markaz qurib bitkazildi, Prezident topshirig‘i bilan Bolalar shifoxonasi qurilishi yakunlanyapti. Bundan tashqari, endilikda Milliy tibbiyot markazi deb atalayotgan Toshkentdagi TAPoICH shifoxonasi ham bitkazildi. Toshkent tibbiyot akademiyasi (Eski ToshMI) hududida ham qurilish ishlari olib borilyapti. U yerda yangi ko‘p tarmoqli shifoxona qurilyapti”, dedi Shodmonov.

Vazir Respublika klinik shifoxonasi bosh shifokori Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi qurilishini kuzatib borish va kerakli maslahatlarni berish uchun yo‘naltirilganini ma’lum qildi. Respublika klinik shifoxonasi yopilishi haqidagi mishmishlarning kelib chiqish sabablariga to‘xtalib o‘tdi.

“Bu yerga (Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi – tahr.) 1-sonli Respublika klinik shifoxonasi bosh shifokorini yo‘naltirdik. U 2,5 oy mobaynida qurilish vaqtida loyihachi, quruvchilarga kislorod, ventilyatsiya bo‘yicha maslahat berish uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili sifatida shu yerda bo‘ldi. Har kuni ularga maslahat berdi, yordamlashdi va shu yerda ishladi. Endi shifoxonaning barcha infratuzilmasini biluvchi odam sifatida pandemiya davrida shu yerning rahbari etib tayinlandi. Shundan kelib chiqib, balki yolg‘on, behuda gaplar tarqalgan. Huddiki, u shifoxona (1-sonli Respublika klinik shifoxonasi) yopilyapti”, deya yana bir bor turli xabarlarni inkor qildi vazir.

U so‘zida davom etarkan, Zangiotada yangi qurilgan yuqumli kasalliklar shifoxonasi uchun jamoa turli shifoxonalardan xodimlar olish orqali shakllantirilganini aytib o‘tdi.

“Hech qayerda, hech bir hujjatda, hech bir ko‘rsatmada bu haqda so‘z bormagan. Bugungi kunda Respublika klinik shifoxonasi foliyatini olib boryapti, barcha bo‘limlar odatiy tartibda ishlayapti, xodimlarning bir qismi ushbu yuqumli kasalliklar shifoxonasida ishlash uchun yo‘naltirilgan. Bundan tashqari, bu yerga Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi, 3-sonli shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasidan ham xodimlar olinib, bu yerda ishlaydigan jamoani shakllantirdik”, dedi Shodmonov.

Shundan so‘ng, vazir Eski ToshMIda qurilayotgan shifoxona haqida ma’lumot berib, u yerda joylashgan Stomatologiya institutining taqdiri va umuman, eski binolarning nima maqsadda foydalanilishi borasida ma’lumot berdi.

“Eski ToshMIdagi Stomatologiya instituti u yerda saqlab qolinadi. Bu o‘quv binosi. Shu bilan birga, bir qancha davolash korpuslari ham bor. Afsuski, ular zamonaviy talablarga javob bermaydi. U binolar qurilganiga 100 yildan oshdi. 

Biz bu yerda (Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi – tahr.) muhandislik kommunikatsiyasi, loyihalash, qurilish materiallari, bemorlarga va xodimlarga qulaylik bo‘yicha tizimli to‘g‘ri klinika nima ekanini ko‘ramiz. Shu nuqtai nazardan eski ToshMIda yangi ko‘p tarmoqli klinikani quryapmiz. U yerda o‘sha klinika xodimlari ishlaydi. Qurilish ishlari bo‘sh yerda boshlangan, aniqrog‘i yakunlanyapti.

Eski binolar Stomatologiya instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, aniqrog‘i bugungi kunda juda noqulay sharoitda ishlayotgan kafedralar uchun o‘quv-klinik baza bo‘ladi. Balki qaysidir ma’muriy idoramiz ham u yerga ko‘chirilishi mumkin. Bu yer tibbiyot shaharchasi sifatida qoladi”, deya aniqlik kiritdi Shodmonov.


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Shodmonov

Baholaganlar

96

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing