1-bosqich talabalari uchun yotoqxonaga ariza topshirish boshlandi
Jamiyat
−
11:01 299 2 daqiqa
2026/2027 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarining 1-bosqichiga o‘qishga tavsiya etilgan abituriyentlar talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza topshirishlari mumkin. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 18 avgustdan boshlab 1-bosqichga tavsiya etilgan abituriyentlar yotoqxonaga joylashish uchun ariza berishi mumkin. Buning uchun Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilish yoki my.gov.uz portali orqali elektron ariza topshirish talab etiladi.
Talabalar turar joylariga joylashtirish belgilangan tartib hamda mavjud bo‘sh o‘rinlardan kelib chiqib amalga oshiriladi.
Amaldagi nizomga ko‘ra, dastlab imtiyoz va ustuvorlikka ega bo‘lgan talabgorlar yotoqxonalarga joylashtiriladi. Jumladan, “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar, I va II guruh nogironligi bo‘lganlar, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalar farzandlari, shuningdek, “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turadigan talabalar, xalqaro va respublika fan olimpiadalari, “Yil talabasi”, “Talabalar teatr studiyalari” hamda “Zakovat” tanlovlarining respublika bosqichi g‘oliblari yotoqxonaga ustuvorlik asosida qabul qilinadi. Shundan so‘ng qolgan o‘rinlar umumiy ro‘yxatdagi talabalar o‘rtasida navbat asosida taqsimlanadi.
Shuningdek, 1-kurs talabalari uchun TTJlaridagi mavjud o‘rinlarning 55–65 foizigacha ajratilishi belgilangan.
Arizalarni Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali topshirish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-avgustidan boshlab oliy ta’lim muassasalarining yuqori bosqich talabalari uchun talabalar turar joyiga joylashish bo‘yicha arizalar qabuli boshlangan edi.
Live
Barchasi