1 apreldan nimalar o‘zgaradi?
Jamiyat
−
31 mart 8626 4 daqiqa
O‘zbekistonda 2026 yil 1 apreldan e’tiboran mamlakatda bir qancha o‘zgarishlar amalga oshadi. QALAMPIR.UZ ushbu o‘zgarishlarning ayrimlarini bir yerga jamladi.
Naqd pulga uy-joy va avtomobil oldi-sotdisi bekor qilinadi
O‘zbekistonda naqd pulga uy-joy va avtomobil oldi-sotdisi bekor qilinadi. Bu haqda Prezidentning 2025 yil 10 dekabr kuni qabul qilingan “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, 2026 yil 1 apreldan quyidagilar uchun to‘lovlar faqatgina bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi:
- davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar;
- elektr energiyasi, tabiiy gaz, ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar;
- alkogol va tamaki mahsulotlari;
- transportlarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari orqali aholiga neft-gaz mahsulotlarini sotish va elektrda harakatlanadigan transportlarni zaryadlash bo‘yicha xizmatlar;
- qiymati 25 mln so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar;
- ko‘chmas mulk ob’ektlari, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifaga kiruvchi transportlar hamda maxsus avtotransport vositalarini sotish va sotib olish.
Toshkent viloyatida 1 apreldan chiqindi tashish tariflari oshadi
Joriy yilning 1 aprelidan Toshkent viloyatida aholi uchun maishiy chiqindilarni olib chiqish tariflari qariyb 40 foizga, yuridik shaxslar uchun esa 20 foizga oshadi.
Aholi uchun chiqindi tashish to‘lovi har bir kishi uchun oyiga 7 840 so‘mdan 10 864 so‘mgacha oshadi (qo‘shimcha qiymat solig‘i bilan). QQSsiz hisoblanganda tarif 7 000 so‘mdan 9 700 so‘mgacha oshadi (+38,6 foiz).
Yuridik shaxslar uchun chiqindilarni olib chiqish tarifi 1 kubometr uchun 82 880 so‘mdan 97 316,8 so‘mgacha oshadi (QQS bilan). QQSsiz esa 74 000 so‘mdan 86 890 so‘mgacha (+17,4 foiz).
Tariflar “Toza hudud”, “Zero-waste”, “Zangiota Obodon”, “Angren Bunyod Fayz”, “Rahnamo Servis” va “Ohangaron sanitariya tozalash” korxonalari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarga tatbiq etiladi.
Davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi 5 kunlik ish haftasiga o‘tkaziladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025 yil 9 noyabr kuni qabul qilingan 336-sonli “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan 2026 yil 1 apreldan boshlab davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi 5 kunlik ish haftasiga o‘tkaziladi.
Bunda tibbiyot muassasalari ish faoliyatining uzluksizligini ta’minlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zbekistonda futbolchilar daromad solig‘idan ozod etiladi
Joriy yil 1 apreldan boshlab O‘zbekiston Superliga va Pro-ligasida to‘p suradigan futbolchilar 3 yil muddatga daromad solig‘idan ozod qilinadi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 1 aprelidan boshlab davlat Superliga klublariga bu yil 35 mlrd so‘mdan, 2027 yilda 30 mlrd so‘mdan, 2028 yilda 25 mlrd so‘mdan pul beradi. Shuningdek, davlat idorasi hamda sport federatsiyasini boshqarayotgan amaldorlar birinchi ish joyiga tegishli mablag‘lardan federatsiyaga ham berish huquqini oldi.
Qarorga asosan, Sport vazirligi huzurida Sport sohasida tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi. Jamg‘arma davlat byudjeti va boshqa manbalardan moliyalashtiriladi.
Davlat ishtirokidagi korxonalarning sport sohasi uchun ajratadigan homiylik mablag‘lari ham shu jamg‘armaga yo‘naltiriladi.
Turoperatorlarga davlat byudjetidan subsidiya ajratiladi
Joriy yilning 18 mart kuni Narpay tumanida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda mahalliy turoperatorlar uchun ham yangiliklar e’lon qilingan. Xususan, 1 apreldan boshlab turoperatorlarga uch oy davomida jalb qilingan 1 ming xorijiy turist uchun byudjetdan 5 ming dollargacha subsidiya beriladi. Qo‘shilgan qiymat solig‘ining yarmi “keshbek” sifatida qaytariladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda 5 milliondan ortiq kuzatuvchisi bo‘lgan 50 ta xorijiy blogerga O‘zbekistonga kelishi uchun yetti kunlik bepul turpaket taqdim etiladi. Dunyodagi eng yirik onlayn sayyohlik platformalarida O‘zbekistonga sayohat targ‘iboti bilan bog‘liq xarajatlar ham qoplab beriladi.
Farmatsevtika korxonalari yer, foyda va mol-mulk soliqlaridan ozod qilinadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 5 mart kuni farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda joriy yil 1 apreldan boshlab qayerda joylashganidan qat’i nazar, yangi farmatsevtika vositalari ishlab chiqarish, dorivor o‘simlik yetishtirish va qayta ishlash yo‘nalishidagi loyihalar boshlanganidan e’tiboran uch yil muddatga yer solig‘idan ozod qilinadi. Tadbirkorlar loyiha ishga tushgandan boshlab uch yil davomida foyda va mol-mulk soliqlarini to‘lamaydi.
Shu bilan birga, biologik faol qo‘shimcha va kosmetika vositalari ishlab chiqaruvchilari ham xomashyo, uskuna, ehtiyot va butlovchi qismlar importi bojidan ozod qilinadi, farmatsevtika korxonalariga o‘z liniyasida biologik faol qo‘shimcha ishlab chiqarishga ruxsat beriladi.
Live
Barchasi