Ilhom Aliyev rafiqasi bilan qurolli to‘qnashuvlarda jarohatlangan harbiylarni ko‘rgani bordi

Olam

image

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va mamlakat birinchi xonimi Mehribon Aliyeva joriy yilning 27 sentyabr kuni Tog‘li Qorabog‘ mojaroli zonasida boshlangan qurolli hujumlarda jarohatlangan askarlar bilan uchrashdi. Prezident Aliyev va vitse-prezident Aliyeva ularning xolidan xabar olgan Mudofaa vazirligi gospitaliga bordi. 

“Aziz birodarlar, siz Vatan uchun janglarda turli jarohatlar oldingiz. Shifokorlar sizga yaxshi qarashmoqda. Ishonchim komilki, shifokorlar sizni tezda sog‘ayib ketishingiz va normal hayotga qaytishingiz uchun qo‘llaridan kelganicha harakat qilishadi”, deydi Ozarbayjon Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Ilhom Aliyev.  

Ozarbayjon oxirgi uch kun ichida 2300 armanistonlik harbiylar o‘ldirilganini bayon etmoqda. Biroq, rasmiy Baku bugungacha o‘z yo‘qotishlari haqida rasmiy ma’lumotlarni sir saqlab kelmoqda. Prezident Aliyev faqat 13 nafar tinch aholi vakillari qurbon bo‘lganini qayd etdi, xolos. 

Ayni vaqtda aksariyat xorijiy mamlakatlar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar Ozarbayjon va Armanistonni o‘t o‘chishni to‘xtatib, muzokara stoliga qaytishga chaqirmoqda. Biroq, cho‘g‘ allaqachon alanga olib bo‘lgan. Aliyevning quyidagi fikrlari buni tasdiqlaydi. 

"Biz o‘z zaminimizda, Vatan uchun kurashmoqdamiz. Bizning kurashimiz adolatli kurashdir va bu to‘qnashuvda biz xohlagan narsaga erishamiz, adolat g‘alaba qozonadi va Ozarbayjon o‘z hududiy yaxlitligini tiklaydi, deb ishonaman. Ko‘p yillar davomida majburiy migrant sifatida yashab kelayotgan vatandoshlarimiz ham o‘z vataniga qaytadilar”, deydi davlat rahbari.

Ijtimoiy tarmoqlarda birinchi xonim Mehribon Aliyevaning gospitalda davolanayotgan harbiylar bilan xayrlashayotib yig‘lagani aks etgan videolar tarqalmoqda. 

Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari kecha, 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi. Unda mingga yaqin harbiylar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi.  Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev Ozarbayjon-Armaniston Mehribon Alieva Qorabog' to'qnashuvi

Baholaganlar

149

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing