Tengi yo‘q qurollarga ega Putin BMT minbaridan dunyoni qurolsizlanishga chaqirdi

Olam

image

Kecha, 22 sentyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 75-sessiyasida nutq so‘zladi. U o‘z nutqida BMT barcha davlatlarga birdek qarashi kerakligini, kosmosni harbiylashtirishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, koronavirusni yengish va undan keyin iqtisodiyotni tiklash masalalarida fikr bildirdi.

BMTning roli haqida

Putin o‘z nutqi avvalida BMT Nizomi xalqaro huquqning asosiy manbai bo‘lib qolishini, tashqilot o‘zining asosiy missiyasi – tinchlikni saqlashni munosib bajarayotganini eslatdi.

“1945 yilda natsizm mag‘lub etildi, tajovuz va nafrat mafkurasi barbod qilindi. Tajriba va ittifoqchilik ruhi, tinchlik va umumiy g‘alaba uchun to‘langan ulkan badalni anglash urushdan keyingi dunyo tartibini qurishga imkon berdi”, degan Putin.

U BMT yangi haqiqatlarga moslashishi, Xavfsizlik Kengashi esa barcha davlatlarning manfaatlarini to‘laqonli hisobga olishi kerakligini ta’kidladi. Shu bilan birga Xavfsizlik Kengashining beshta doimiy a’zosining “veto” huquqi ishlayapti va dunyodagi haqiqiy harbiy-siyosiy muvozanatni aks ettiryapti, deya qo‘shimcha qilgan RF rahbari.

Tarixni buzib ko‘rsatishga urinishga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida

Putin o‘z nutqida Ikkinchi Jahon urushi natijalarini o‘zboshchimchalik bilan talqin qilishga urinishlardan ogohlantirdi.

“Ittifoqchilar konferensiyasi va Nyurnberg tribunali qarorini boshqacha talqin qilish bu faqatgina pastkashlik emas, balki natsizmga qarshi kurashgan jangchilar xotirasiga jinoyat hamdir. Bu urushdan keyingi dunyo tartibi asoslariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri vayronkor zarbadir”, degan RF yetakchisi. Bunday harakatlar qurolli nazorat tizimi beqaror va inqirozli holatda turganda favqulodda xavflidir, deb qo‘shimcha qildi Vladimir Putin.

Pandemiya sharoitidagi iqtisodiyot haqida

Putin koronavirus pandemiyasi haqida gapirib, bu butkul yangi tahdid bo‘lganini va birdan millionlab insonlarga dahl qilganini ta’kidladi. Uning fikricha, dunyo iqtisodining tiklanishi noodatiy qarorlar qabul qilishni talab etadi.

Rossiya rahbari bunday vaziyatda savdo urushlarisiz, sanksiyalardan holi “yashil yo‘lak” tashkil qilishga chaqirdi.

“Ekspertlar hisob-kitobiga ko‘ra, ikkinchi chorakda dunyoda bandlikning to‘liq yoki qisman cheklanishi 400 million ishchi o‘rnini yo‘qotishga teng. Bunday ishsizlik doimiy bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, odamlar ishiga qaytib oilasini ta’minlashi, kambag‘allik yoqasiga kelib qolmasligi va hayotdan umidsizlanmasligi uchun harakat qilish kerak. Bu haqiqatan eng dolzarb global ijtimoiy muammo, shuning uchun siyosatning maqsadi savdo, qo‘shma loyihalar va adolatli raqobat uchun yo‘l ochishdir, biznes va ishbilarmonlik tashabbuslarining "qo‘lini bog‘lash" emas”, degan Putin.

U Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti salohiyatini kuchaytirish kerakligini aytib, Rossiya bundan eng ko‘p manfaatdor bo‘lishi va ishtirok etishini qo‘shimcha qildi. Shuningdek, u BMT xodimlariga koronavirusga qarshi Rossiya vaksinasini bepul yetkazib berishga tayyorligini bildirdi.

Qurollanish va global barqarorlik ustidan nazorat o‘rnatish to‘g‘risida

Vladimir Putinning ta’kidlashicha, Rossiya barcha tortishuv va kelishmovchiliklarga, ba’zi hamkasblarning ishonchsizligiga qaramasdan mintaqaviy mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilishga ko‘maklashadi va doim konstruktiv tashabbuslarni ilgari suradi.

U rasmiy Vashingtonni birinchi darajali masala – Rossiya va AQSHning 2021 yil fevralda tugaydigan Strategik hujumkor qurollar to‘g‘risidagi shartnomasini uzaytirishni birgalikda hal qilishga chaqirdi.

“Bundan tashqari, yangi raketa tizimlarini o‘rnatishda o‘zaro tiyilib turishga ishonamiz. Avval aytilgan bo‘lsa-da qo‘shimcha qilaman, o‘tgan yildan boshlab Rossiya Yevropa va boshqa mintaqalarda qisqa va o‘rta masofaga uchuvchi raketalarni joylashtirishga moratiy joriy qilgan va bu AQSH bunday harakatlardan tiyilib tursa davom etadi. Afsuski, hozircha taklifimizga na AQSHdan, na uning ittifoqchilaridan javob olmadik”, degan Putin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu strategik barqarorlikka ta’sir qiluvchi barcha omillar bo‘yicha chuqur muloqot uchun asos yaratgan bo‘lardi.

Rossiya tashabbuslari to‘g‘risida

Prezident Rossiya barcha kosmik davlatlarning kosmosga qurol joylashtirishini taqiqlash to‘g‘risidagi qonuniy majburiy bitim tuzish tashabbusi bilan chiqqanini eslatdi.

Bundan tashqari, Moskva “Katta beshlik” davlatlarining (BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy besh a’zosi – AQSH, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya, Fransiya) sammitini o‘tkazishni taklif qilgandi.

“Uning maqsadi xalqaro maydonda o‘zini tutishning asosiy tamoyillarini tasdiqlash, zamonamizning eng dolzarb muammolarini samaril hal etish yo‘llarini tasdiqlashdir. Hamkorlarimiz bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagani quvonarli. Epidemiologik vaziyat imkon berishi bilan bu sammitni o‘tkazamiz”, degan Putin.

RF rahbari o‘z chiqishida dunyo jamoatchiligini birgalikda harakatlanishga va BMT Nizomi normalariga suyanishga chaqirdi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytib o‘tish kerakki, Putin kuni kecha Rossiyada qurolsozlar kuni nishonlanganda mamlakat dunyoda tengi yo‘q qurollarga ega ekanini aytib chiqqandi. U bu borada raqobatchi davlatlarni quvib yuruvchi rolidan voz kechganini, endilikda boshqa davlatlar Rossiyaga yetib olishi kerakligiga shama qilgan. Endi bo‘lsa, BMT bosh minbaridan dunyoni qurolsizlanishga, raketalarni joylashtirishni tiyilishga chaqiryapti.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin BMT

Baholaganlar

606

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing