Andijondagi voqeada fuqaro IIBga olib ketilganda, oilasiga xabar berilmagan – Ombudsman
Jamiyat
−
24 iyun 2020
15245Joriy yilning 13 iyun kuni Andijondan kelgan mash’um xabar butun O‘zbekistonni larzaga soldi. Ichki ishlar bo‘limi ma’muriy binosida Jinoyat qidiruv bo‘limi vakillari tomonidan shafqatsizlarcha qiynoqqa solingan fuqaro A.Abdukarimov shifoxonada jon bergani ma’lum bo‘ldi. Holat bo‘yicha ma’lumot bergan Bosh prokuratura uch nafar Ichki ishlar xodimi qamoqqa olingani va jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi. Ichki ishlar vazirligi IIBning 5 xodimi lavozimidan ozod etilgani, 19 nafariga nisbatan jazo tayinlangani haqida ma’lum qildi.
Ushbu voqea O‘zbekistonda huquq-tartibot organlarida doim haspo‘shlab kelingan haqiqiy holatni yana bir bor yuzaga chiqardi. Ammo galdagi voqeani yashirishning imkoni bo‘lmadi. Holat ayni vaqtda nafaqat mamlakat ichkarisida, balki tashqarida ham katta muhokamalar, e’tirozlar, qoralovlarga sabab bo‘lmoqda. Xalqaro tashkilotlar mamlakatdagi inson huquqlari va qiynoqlar borasida yana bong urmoqda.
IIBdagi qiynoqlardan so‘ng vafot etgan marhum A.Abdukarimov IIBga olib ketilganda, uning qarindoshlariga xabar berilmagan. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakatida o‘tgan jamoatchilik muloqotida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyev ma’lum qildi.
“Kuni kecha davlat rahbarining Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi farmoni imzolandi. Farmonda Milliy strategiyani amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” belgilangan. Unga ko‘ra, ushlangan shaxsni videotasvirga yozish, unga protsessual huquqlarini tushuntirish va advokatni rad etish tartibi joriy qilindi.
Ushlab turilgan shaxsning yaqin qarindoshlarini, ular mavjud bo‘lmasa, boshqa qarindoshlarini bu haqda darhol xabardor qilish majburiyatini huquqni muhofaza qiluvchi organlariga yuklash masalasi ham kiritilgan. Andijondagi voqea misolida qarasak, fuqaro IIBga olib ketilganda hech kimga xech narsa aytilmagan, qarindoshlari uning qayerdaligidan bexabar qolishgan. Shunday holat bo‘lmasligi kerak! Hamma jarayonlar rivojlangan mamlakatlarda bo‘lgani kabi qonuniy bo‘lishi lozim. Ya’ni fuqaro ushlanib, olib ketildimi, uning qayerdaligi, nima ayb qo‘yilganidan qarindoshlari boxabar qilinishi zarur”, deydi Muhammadiyev.
Andijonda bo‘lib o‘tgan holat mamlakat elitasidan tortib, jamoatchilik vakillarining e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Deputat Rasul Kusherboyev Ichki ishlar vaziri iste’fo berishi kerakligini aytib chiqdi. “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi huquq-tartibot organlaridagi bunday muammolarni bir necha kishini jazolash orqali yechim bo‘lmasligini qayd etdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo‘rayev esa IIV marhumning oila a’zolaridan uzr so‘rashi kerakligini talab qilib chiqdi. Deputat Gulruh Ag‘zamova esa ushbu holatni 2005 yilda ro‘y bergan Andijon voqealariga tenglashtirdi.
Bugungi yig‘ilishda Ulug‘bek Muhammadiyevning qayd etishicha, ombudsmanga huquq-tartibot organlaridagi qiynoqqa solish, qo‘pol muomala bo‘yicha yuzlab murojaatlar kelib tushmoqda.
“Ikki yildan buyon mamlakatimizda inson huquqlari holati bo‘yicha parlamentga hisob berar ekanmiz, insonlarga nisbatan tazyiqlar, qiynoqlar masalasida ma’lumotlarni alohida kiritib kelyapmiz, ochiq e’lon qilinyapti. Deputatlar ko‘p muhokama qilishdi. Hisobot yakunida, albatta takliflarimizni ham berib kelyapmiz. Aytmoqchi bo‘lganim shuki, mamlakatimizda mahkumlar sharoitini yaxshilashdan tortib, erkinlik berilayotgani, afv etilishigacha katta qadamlar qo‘yildi. Lekin bizga ichki ishlar idoralari xodimlaridan norozilik bildirilgan shikoyatlar (2019 yilda 100 dan ortiq) kelishi hamon davom etyapti. Ularda qiynoqqa solish, qo‘pol muomala, tazyiq o‘tkazish bayon etilgan. Aynan mana shunday murojaatlarni alohida o‘rganuvchi tashkilot tuzilishi kerakligi haqida takliflar bildirgandik. Shundan kelib chiqib, yaqinda Qiynoqlarga qarshi kurash qo‘mitasini tuzish loyihasi ishlab chiqildi”, deydi Muhammadiyev.
LiveBarchasi