Prokuratura tergovidagi qiynoqlarni tanqid qilgan QALAMPIR.UZ Bosh prokuratura “ZAPRET”iga tushdi...mi?
Jamiyat
−
29 may 2020
19886Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish faoliyatida qiynoqning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasini ishlab chiqish yuzasidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun brifing o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik. Prokuratura organlari tergovidagi qiynoqlar yuzasidan surishtiruv o‘tkazib, tanqid qilgan va “Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (18+)” nomli filmni tayyorlagan QALAMPIR.UZ ushbu brifingga taklif etilmadi.
Brifingda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari Svetlana Ortiqova, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Ulug‘bek Muhammadiyev ishtirok etgan.
Joriy yilning 21 fevral kuni QALAMPIR.UZ’da “Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (18+)” nomli maxsus film e’lon qilindi. Ushbu filmda 2017 yilning kuzida “Bekobod metallurgiya ishi” bo‘yicha 30 dan ortiq fuqarolar jinoyat kodeksining talon-toroj qilish va boshqa moddalari bilan ayblanganligi, ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergovdagi shaxslarning huquqlari tergovchilar tomonidan poymol etilgani bayon etilgandi.
Shuningdek, tergov vaqtida Bosh prokuratura xodimlari ularni ayovsiz kaltaklagani, boshlariga “sellofan” paket kiydirgani, sovuq xonalarda yechintirgani, turli darajadagi jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazgani ma’lum qilingandi.
Ushbu film va unda yoritilgan masala hozirgacha jamoatchilik, siyosiy elita diqqat markazida bo‘lib kelmoqda.
Mazkur filmda jamoatchilik o‘z munosabatini bildirdi. Deputatlar Rasul Kusherboyev va Xurshid Do‘stmuhammad Ombudsmanni so‘roqqa tutdi. Xurshid Do‘stmuhammad Bosh prokuratura tergovidagi qiynoqlarni “fashistik azob” deb atadi. Tanqidlar va deputatlar so‘roviga javoban Muhammadiyev ushbu masala o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Ammo bugungacha natijalarini e’lon qilgani yo‘q.
Film e’lon qilingandan bir kun o‘tib, 22 fevral kuni Bosh prokuratura rasmiy bayonot berib, holat bo‘yicha tekshirish harakatlari boshlangani va natijasi e’lon qilinishini aytdi.
“Tekshirish natijasiga ko‘ra, e’lon qilingan maqola va film bo‘yicha barcha tomonlarning harakatlariga huquqiy baho berilishi ta’minlanadi”, deyildi bayonotda. Oradan 3 oydan ortiq vaqt o‘tdi hamki, na Bosh prokuratura, na Ombudsman va boshqa vakolatli idoralar ushbu ish haqiqatlarini oshkor etgani yo‘q. Kim biladi, balki natija prokuratura tarafda bo‘lmagandir... Bu ham yetmagandek, aynan shu mavzuda so‘z ochilishi kerak bo‘lgan bugungi yig‘ilishga QALAMPIR.UZ taklif etilmadi. Bu tasodifmi yo tasdiq?
QALAMPIR.UZ brifingga taklif etilmagani yuzasidan Bosh prokuratura Matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov bilan bog‘landi. Idora rasmiysi QALAMPIR.UZ’ning brifingga taklif etilmasligiga u tor doirada o‘tkazilganini ro‘kach qildi.
Butun jamoatchilikning e’tiborini tortgan, 30 dan ortiq odamlarning hayotida tub burilish yasagan va o‘chmas, alamli, achchiq xotiralarni, yaralarni qoldirgan ushbu tergov haqidagi haqiqatlar yuzaga chiqishi kerak. Bosh prokuratura belni mahkam bog‘lab, haqiqat ortidan tushishiga hamon ishonamiz. Axir u yerda Ortiqovadek halol, vatanparvar, mehnatkash prokurorlar bor.
Darvoqe, bu orada jinoyat ishi bo‘yicha allaqachon sud hukmi o‘qildi. Tergovga tortilganlardan yana biri vafot etdi.
LiveBarchasi