Blogerlar bir “vzvod”dir, lekin jurnalistlarning armiyasi bor – Qudratxo‘jayev

Jamiyat

Joriy yilning 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan Oliy Majlis va mahalliy kengashlar deputatlari saylovini kuzatish uchun Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining 300 dan ziyod kuzatuvchisi O‘zbekistonga keldi. Tashkilot saylovoldi jarayonlar bo‘yicha dastlabki xulosalarni e’lon qildi. 

YeXHT hisobotida blogerlarning saylov jarayonlarining yoritishdagi faolligiga alohida urg‘u berilgan. Xo‘sh, nega jurnalistlar emas, aynan blogerlar. MSK a’zosi Sherzod Qudratxo‘jayev QALAMPIR.UZ bilan suhbatda YeXHT hisobotidagi ana shu jihatga to‘xtaldi. 

Bahodir Ahmedov, jurnalist: – Hisobotda blogerlarning faol qatnashishi ham aytib o‘tilibdi. Ularning faolligi qanchalik darajada muhim?

Sherzod Qudratxo‘jayev, MSK a’zosi: – Buni aytmaganingizda o‘zim aytardim. Jurnalistika universitetining vakili sifatida hisobotning shu qismi menga ham tegib ketdi. Jurnalistlarning blogerlarga nisbatan “rashqi” bor. Blogerlar bo‘shliq bo‘lgan vakuumni to‘ldirishmoqda. Lekin jurnalistlar xafa bo‘lishmasin, ulardan saylov haqida tahliliy, mushohadali, tanqidiy maqolalar berilmadi. Odam nimaga saylovga borishi kerak? Qanday nomzodga ovoz berish kerak? Partiyaning bir-biridan farqi qanday? Elektoral madaniyat qanday shakllanadi? Blogerlar buni har kuni qilishdi.  Misol uchun, saylov uchastkasiga boradi, bir nomzodni surati turibdi. Suratni rasmga oladi va “falonchi yoshda tergovchi bo‘libdi, falonchi yoshda bunaqa ish qilibdi” deb yozadi. Bunday ishni jurnalistlar qilmadi. Balki ularning boshqa ishlari bordir. Bugun O‘zbekistonda blogerlarga nisbatan jurnalistlarning “armiyasi” juda katta. Blogerlar harbiy tilda aytganda bir “vzvod”dir, lekin jurnalistlarning armiyasi bor. Jurnalistlarimiz xafa bo‘lishi kerak emas, men ham hayratlandimki, missiyaning hisobotida blogerlar alohida e’tirof etilgan. Ular tahliliy, tanqidiy, mushohadali material bermaguncha, blogerlarning faoliyati birinchi qatorga chiqib kelaveradi. 


Maqola muallifi

Teglar

Sherzod Qudratxo'jaev

Baholaganlar

73

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing