Qudratxo‘jayev: partiyalar “qovun tushirishi” – sog‘lom jarayon (videointervyu)
Intervyu
−
17 dekabr 2019
7820Markaziy saylov komissiyasi a’zosi, siyosiy fanlar nomzodi Sherzod Qudratxo‘jayev siyosiy partiyalarning “qovun tushirish”lari sog‘lom jarayonligi, ko‘p yillik yopiqlikdan so‘ng bu hol tabiiy ekanligini aytmoqda.
Ayni vaqtda partiyalarning saylovoldi harakatlari juda ko‘p muhokamaga sabab bo‘lmoqda. Oshkoralik asosida partiyalarning salohiyati va kamchiliklari ko‘zga tashlanib qolmoqda. Ushbu masala yuzasidan Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Sherzod Qudratxo‘jayev bilan suhbatlashdik.
– Joriy yil 13 dekabr kuni YeHXT tomonidan O‘zbekistondagi saylovoldi harakatlar bo‘yicha 1999 yildan beri birinchi marta ijobiy fikr berildi. Bunga qanday omillar sabab bo‘ldi?
– Keling, siz bilan huquqshunos emas, jurnalist sifatida gaplashaylik. Bizga 1999 yildan beri birinchi marta cheklanmagan missiya keldi. YeHXTning demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi bor. Ilgari ular kelganda nari borsa 30 kishi kelardi. Bu safargi saylovga ular 300dan ortiq keldi. Bu degani O‘zbekistondagi saylovlarga qiziqish va ularni tan olinishida mexanizmni ko‘rish va ko‘rsatishdir. O‘zbekistondagi yangi muhitni, ya’ni erkinlikni ko‘rsatadi. To‘g‘ri, bugun biz partiyalarni, ularning raxbarlarini tanqid qilyapmiz, xayplar qilyapmiz. Tasavvur qiling, 3 yil ilgari bu bo‘larmidi? 3 yil ilgari ma’lum ssenariydek bo‘lardi. Shu 5ta partiya butaforiya vazifasini o‘tardi. Kerakmi kerak, qabilida bo‘lardi. Bugun bunday talab yo‘q.
Bugungi nomzodlar adashishyapti, tarjimai holida xatolar qilyapti. Qo‘pol qilib aytganda “qovun tushirishmoqda”. Bu sog‘lom jarayon. Biz 25 yil tuxumda o‘tirgan holatdan endi chiqdik. Buncha vaqtdan keyin qanday to‘g‘ri narsa qilish mumkin? Bu erkinlik. Bu xato qilishga ham imkoniyat berishdir. Ular Britaniyadagi “tori” va “vigi”lar yoki AQSHdagi respublikachilar va demokratlar emas. Bittasi 7 asrga teng, yana biri bir asrdan ko‘p tajribaga ega. Bizda bitta kommunistik partiya bo‘lgan. 80 yillarda eslayman, borib saylab emas, tayinlab kelardik. Lekin bugun haqiqiy raqobat paydo bo‘ldi. O‘zining muammolari va o‘zining yutuqlari bilan.
– Hisobotda blogerlarning faol qatnashishi ham aytib o‘tilibdi. Ularning faolligi qanchalik darajada muhim?
– Buni aytmaganingizda o‘zim aytardim. Men o‘zim jurnalistika universitetining vakili sifatida menga ham tegib ketdi. Jurnalistlarning blogerlarga nisbatan “rashqi” bor. Blogerlar bo‘shliq bo‘lgan vakuumni to‘ldirishmoqda. Lekin jurnalistlar xafa bo‘lishmasin, ulardan saylov haqida tahliliy, mushohadali, tanqidiy maqolalar berilmadi. Odam nimaga saylovga borishi kerak? Qanday nomzodga ovoz berish kerak? Partiyaning bir-biridan farqi qanday? Elektoral madaniyat qanday shakllanadi? Blogerlar buni har kuni qilishdi. Misol uchun, saylov uchastkasiga boradi, bir nomzodni surati turibdi. Suratni rasmga oladi va “falonchi yoshda tergovchi bo‘libdi, falonchi yoshda bunaqa ish qilibdi” deb yozadi. Bunday ishni jurnalistlar qilmadi. Balki ularda boshqa ishlari bordir. Blogerlarga nisbatan jurnalistlar “armiyasi” katta. Blogerlar harbiy tilda aytganda bir “vzvod”dir. Missiyaning hisobotida blogerlar alohida ta’kidlandi. Ular tahliliy, mushohadali material bermaguncha, blogerlar birinchi safda bo‘laveradi.
– Hozir “butaforiya” atamasini ishlatdingiz. Ko‘pchilikka bu qiziq. Siyosiy partiyalar butaforiyasi nima o‘zi?
– Butaforiya deganda, biror binoning oldidan o‘tayotganingizda uning fasadi chiroyli qilib xo‘jako‘rsinga qilib qo‘yilganini aytish mumkin. Ichkariga kirsangiz, bino juda eski, oxori to‘kilgan joylari bor, ta’mirtalab joylari bor bo‘ladi. Ko‘chadan qarasangiz bu chiroyli. Bizda ko‘p yillar partilar sun’iy ravishda tuzildi. “O‘zbekistonni demokratik deyish uchun 5ta partiya kerakmi, bo‘lsin 5ta partiya” degan ma’noda qilindi. Bugun masalan, O‘zLiDep va Milliy tiklanish partiyalari bitta koalitsiyada bo‘lsa ham, bunga qarashmayapti. Baribir bir-birini “cho‘qiyapti”. Ekologik partiyaga nisbatan ko‘p tanqidlar bo‘lmoqda. Bu partiya yosh partiya. Lekin tanqidlar to‘g‘ri bo‘lmoqda. Ular kostyum kiyib yuradigan emas, ular o‘rmonda yuradigan va tabiat uchun bir ish qiladigan odamlardir. Ular amaldorlar emas, konservativ odamlar emas. Xuddiki, “yil odami” bo‘lgan Greta Tunberg singari. Shu qiz 16 yoshda bo‘lsa ham hammani, BMTning e’tiborini qarata oldi. Ortda qancha prezidentlar, boy odamlar qolib ketdi. Bugungi partiyalarga kreativlik, “tesha tegmaydigan” uslublar yetishmayapti. Bizda doim nomzodning tarjimai holida pasportga rasmga tushgandek rasm bo‘ladi. Yozuvi ham 12 intervalda yozilgan bo‘ladi. Men bunga qarshiman. Galstukda bo‘lishi shart emas. Gandi o‘zining xalqi bilan gaplashganda galstuksiz gaplashgan. Bizda ko‘pchilik xalq bilan o‘sha darajaga tushib gaplashishi kerak. Milliy kiyimda, boshimizga do‘ppimizni kiyib gaplashish kerak. Odamlar shunda sizni tushunadi va uyiga, qalbiga kiritadi. Biz hozir ko‘p muammolarni ko‘ryapmiz. Aslida, biz bu yo‘lni bosib o‘tishimiz kerak edi. Bitta saylov bilan hammasi hal bo‘lib qolsa, noto‘g‘ri bo‘lardi. Oldimizda hali saylovlar bor. Mukammal holga kelishi uchun yana 2-3 marta saylov kerak.
– Siyosiy faollikni aytib o‘tdingiz. Bilasiz, Britaniyada “tori” va “vigi”lar partiyalari bor. Ularda parlamentarizmda katta tajribaga ega. Bizning jamiyat ularning darajasiga yetishi uchun nimalar bo‘lishi lozim?
– Bugun jamiyat ham o‘zgarishi kerak. Ko‘pchilik O‘zbekistonda nechta partiya borligini, ularning raxbarlarini, proporsional va majoritar saylov tizimi farqlarini bilmaydi. Bunga odamlar ham qiziqishi kerak. Faqat qorin dardida, qora qozon dardida bo‘lsa, biz hech qachon Buyuk Britaniya bo‘lolmaymiz. Ularning bolalari qiziqadi, o‘qiydi, beparvo emas. Bugun odamlarimiz xoh qorovul, xoh bozorda ishlaydigan odam, xoh ishbilarmon bo‘lsin, partiyalar haqida qiziqishi kerak. U bilimni nafaqat o‘zi, balki bolalariga ham ulashishi kerak. Shunda yoshlarimizda siyosiy partiyalarga qiziqish bo‘ladi.
– So‘nggi savolim shuki, partiyalar tomonidan debatlarda “qovun tushirishlar” ko‘p bo‘ldi. Nima deb o‘ylaymiz, bu kabi holatlar o‘tib ketarmikin?
– Albatta, o‘tib ketadi (kuladi). Biz hammamiz hozir ulg‘ayayotgan jismmiz. Albatta, o‘tib ketadi. Komillikka erishish shunday bo‘ladi. Xato qilsa, bir ko‘chadan boshqasiga kiriladi. Bu hayot. Kim adashmaydi?! Bizning ibtidoimiz qayerda edi? Bizning ibtidoimiz totalitarizmda bo‘lgan. Bugun bularni o‘zgarishi uchun muhit endi paydo bo‘ldi. Muhit bo‘lmasa, daraxt ham, rayhon ham o‘smaydi. Biz bu yo‘lni bosib o‘tishimiz kerak edi. Biz avval kasal bo‘lib, keyin uni davolab kuchli bo‘ladigan jarayon. Bu holat Qozog‘istonda, Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tdi. Biz bunga yopiqligimiz tufayli kechroq keldik. Buning jazosi shu. Bugun globallashuv davri. Bugun siz Trampni ham, Angela Merkelni ham ko‘rib o‘tirasiz. Boshqa davlatlarning siyosatchilarini ko‘rasiz va bizniki ham shunday bo‘lishini xohlaysiz. Lekin bu televizorda ko‘radigan jarayon emas. Bu peshonada sho‘rni chiqarib, shuni tuzini yeb bo‘ladigan jarayondir. Bizda debatlar tarixda to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir bo‘lmagan. Bitta muxbir ekologik partiya vakillariga arqon berib o‘zini bog‘lashini aytdi. Qachon shu narsa tasavvur qilingan?
Xulosa qilib shuni aytamanki, OAV vakillari sizlardan xalqimiz, oddiy odamlar saylovlar haqida qiziqarli, kreativ, mushohadali materiallarni kutadi. Shunda blogerlar bilan sal balans to‘g‘rilangan bo‘ladi. Bu sog‘lom raqobat deb bilaman. Kurashda eng haloli va kuchlisi yutadi. Shuning uchun bu borada kimgadur ortiqcha imtiyoz berishga ham qarshiman. Bugun bizning diplomimiz bormi, yo‘qmi deb o‘tirishmaydi. Internetga kiring qancha taniqli odamlar bor. Ularning yozganlarini millionlab odamlar o‘qiyapti.
Barcha saylovchilarimizga 22 dekabr kuni faol bo‘lishga chaqirib qolaman. Shuningdek, xorijdagi vatandoshlarga ham shuni aytib qolaman.
LiveBarchasi