“HUMAN”ning tumanli taqdiri: IIV tergovida nimalar fosh etildi?

Intervyu

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan “HUMAN xususiy bandlik agentligi” MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining firibgarlik moddasi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari  yakunlandi, deya QALAMPIR.UZ saytiga xabar berdi IIV huzuridagi tergov departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari Oybek Qulbekov.

Joriy yilning 20 sentyabrida jamiyat rahbari Sh.F.ga nisbatan jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan ayblov e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgandi.

Tergov jarayonida mingdan ortiq fuqaro jabrlanuvchi va fuqaroviy da’vogar deb e’tirof etildi va ularga tashkilot tomonidan jami 21 mlrd so‘mdan ziyod zarar yetkazilganligi aniqlandi.

Dastlabki tergov davomida Sh.F.ga tegishli bo‘lgan  xonadonlar, avtomashinalar xatlovga olingan bo‘lib, ular 6 mlrd so‘mdan ortiq summani tashkil qiladi. Shuningdek, jamiyat ofisi va boshqa joylardagi mol-mulklar ham xatlanib, 350 mln so‘mdan ziyod narxga baholatilgan.

Zararni qoplash maqsadida, Sh.F. tomonidan turli xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning hisob raqamlariga o‘tkazilib, kelib chiqishiga qonuniy tus berilgan 1,5 mlrd so‘mga yaqin pul mablag‘lari  ham xatlangan. Bu summa IIV huzuridagi depozit hisob raqamiga topshirilgan. Xatlangan mol-mulklar keyinchalik sudning qonuniy qarori bilan sotilib, depozitdagi pul mablag‘lari bilan birga jabrlanuvchilarga yetkazilgan  zararni qoplash uchun qaytarilishi rejalashtirilgan.

Aniqlanishicha, fuqarolardan olingan 15 mlrd so‘mga yaqin pul mablag‘lari 11 ta xo‘jalik yurituvi sub’ektlarning hisob raqamlariga o‘tkazilgan va naqdlashtirilib, o‘zlashtirilib yuborilgan.

Hozirda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jabrlanganlarga yetkazilgan zararlarni undirish yuzasidan tegishli choralar ko‘rilishi maqsad qilingan.

2019 yil 7 dekabr sanasida Sh.F.ga nisbatan e’lon qilingan ayblov jinoyat kodeksining savdo qoidalarini buzish, rasmiy hujjatlarni qasddan nobud qilish, soxta tadbirkorlik, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va nodavlat tijorat tashkiloti mansabdor shaxsi tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish jinoyatlari uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalari bilan to‘ldirilgan.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan ayblov xulosasi tuzilib, ayblov xulosasini tasdiqlash va tegishli sud idorasiga mazmunan ko‘rib chiqish uchun berish maqsadida, prokuratura idorasiga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan jamiyatga qarashli O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish izlayotgan shaxslarni ishga joylashtirish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun berilgan litsenziyaning amal qilishi vaqtinchalik to‘xtatilgandi.

Keyinroq unga jinoyat kodeksining tegishli moddasi doirasida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergandik.
 


Maqola muallifi

Teglar

Tergov departamenti HUMAN xususiy bandlik agentligi Oybek Qulbekov

Baholaganlar

176

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing