Haftaning muhim voqealari suratlarda

Tahlil

image

Tugab borayotgan hafta xalqaro maydonda va O‘zbekistonda ko‘plab voqealarga boy bo‘ldi. Quyida ularni suratlar orqali e’tiboringizga havola etamiz. 

15 iyul, dushanba. Ozarbayjonning Sheki rayonida joylashgan “Xonlar saroyi” majmuasidagi 5 asrlik chinorning xoxi odamlar ustiga quladi

Daraxtning qurigan shoxi sinib tushishi oqibatida 19 kishi jarohatlangan. Jarohatlanganlarning 5 nafari Suriya, 2 nafari Rossiya fuqarolari bo‘lgan.

15 iyul, dushanba. 80 yoshli otaxon To‘xtamish Sultonov Surxondaryo viloyati Angor tumani Davlat xizmatlari markazi orqali oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirdi.

Yoshi eng ulug‘ abituriyent Samarqand davlat universitetining Biologiyani o‘qitish metodikasi hamda Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialining davolash va pediatriya ishi yo‘nalishini tanlagan.

15 iyul, dushanba. Turkiyaning Istanbul shahrida Otaturk aeroportida 2016 yilning 15 iyul kuni ro‘y bergan terroristik akt, davlat boshqaruvi va konstitutsion tizimga qarshi to‘ntarishga urinish ustidan qozonilgan g‘alabaning uch yilligi munosabati bilan Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an ishtirokida miting bo‘lib o‘tdi. Unda millionlab turkiyaliklar qatnashdi

15 iyul, dushanba. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘FA prezidenti lavozimini tark etgan Ochilboy Ramatovning o‘rniga DXX raisi Abdusalom Azizov yagona nomzod sifatida ko‘rsatildi va uning nomzodi delegatlar tomonidan bir ovozdan saylandi.

15 iyul, dushanba. Toshkent shahrida go‘sht narxi 60 ming so‘mga ko‘tarilib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Toshkent shahar hokimligi esa “Elga xizmat” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari go‘sht arzonlashtirilgan narxda sotilayotganini aytib chiqdi. Holat bo‘yicha QALAMPIR.UZ bozorlarda surishtiruv o‘tkazdi. “Farhod” dehqon bozori, “Chorsu”, “Chilonzor” dehqon bozori, “Yunusobod”, “Tansiqboyev” dehqon bozorlarida go‘sht haqiqatan ham arzonlashtirilgan narxlarda sotilayotgani, ammo bu narx sun’iy tarzda ushlab turilgani, sotuvchilar bozor rahbariyati tomonidan go‘shtni arzon narxda sotishga majbur qilinayotgani aniqlandi

16 iyul, seshanba. “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi o‘tgan hafta “Million” jamoasi litsenziya uchun 187.727.980 so‘m qarzdorlik bo‘yicha to‘lovlarni joriy yilning 16 iyuliga qadar amalga oshirmasa, jamoa bilan tuzilgan litsenziya shartnomasi bekor qilinishi bo‘yicha rasmiy ogohlantirish xati yuborganini aytib chiqqan edi. 16 iyul kuni jamoa sardori Davron Kabulov litsenziya bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish boshlanganini ma’lum qildi. Bu orada Namangan, Jizzax, Andijon, Farg‘ona, Buxoro, va Shahrisabz shaharlaridagi gastrol konsertlar qoldirilmasligi ma’lum qilindi

Mazkur xabar QALAMPIR.UZ`da e’lon qilingach, yuzlab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi va shaxsan tashkilot direktori Odiljon Abduqahhorovning faoliyatini tanqid ostiga oldilar. Izohlarga ko‘ra, so‘nggi davrlarda “O‘zbekkonsert” litsenziya berish va uni olib qo‘yish bilan shug‘ullanyapti, san’atda o‘sish, rivojlanish, xalqaro sahnalarga chiqish kuzatilmayapti. 

16 iyul, seshanba. Yosh shaxmatchi Javohir Sindorov yana shohsupada! Toshkent shahridagi Xalqaro shaxmat akademiyasida shaxmat bo‘yicha erkaklar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati – Oliy liga bahslari o‘tkazildi. Chempionatda O‘zbekistonning eng kuchli 13 nafar shaxmatchisi g‘oliblik uchun o‘zaro dona surdilar. Keskin va murosasiz o‘tgan bahslarda 10 ochko to‘plagan Javohir Sindorov shohsupaning birinchi pog‘onasidan joy egalladi. E’tiborlisi, u bu muvofaqqiyat bilan O‘zbekiston Shaxmat tarixida eng yosh chempionga aylandi.

16 iyul, seshanba.  Jizzax viloyati Zafarobod tumanidagi “Umar ibn Xattob” jome masjidining yangi binosiga birinchi g‘isht qo‘yildi. Marosimda Zafarobod tumani hokimi I.Qarshiboyev, Jizzax viloyati bosh imom-xatibi Mehmonali domla Jabborov va boshqalar ishtirok etishdi.

Yangi masjid sig‘imi 250 kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, shu yilning yakuniga qadar bitkazilishi rejalashtirilgan. Qurilish ishlari xalq hashari va mahalliy tadbirkorlar ko‘magida amalga oshiriladi.

16 iyul, seshanba. Toshkent viloyati Ohangaron yo‘li A373 trassasida mudhish YTH yuz bergan. Yuk mashinasi va Spark yengil avtomobili ishtirokida sodir bo‘lgan YTH natijasida ikki avtomobil ham yona boshlagan. Oqibatda trassada harakatlanib bo‘lmagan, boshqa avtomobillar va odamlar YTH bo‘lgan joyga yaqin bora olmagan. IIV, FVV mazkur holat bo‘yicha bayonot bergani yo‘q. 

17 iyul, chorshanba. “Beyneu – Akjigit – O‘zbekiston chegarasi” xalqaro avtomagistralining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Uni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin ochib berdi.

17 iyul, chorshanba. Rossiyaning Krasnodar shahrida noyob yovvoyi jonivorlarni olib ketishga uringan o‘zbekiston fuqarosiga nisbatan jinoyat ishi ochildi

Erkak Krasnodardan Toshkentga uchish uchun ro‘yxatdan o‘tayotganda qo‘lga olingan. U jonivorlarni plastmassa konteynerlarda olib ketmoqchi bo‘lgan. Jonivorlar Krasnodardagi hayvonot bog‘iga berilgan.

17 iyul, chorshanba. Ijtimoiy tarmoqlarda davlat raqami ko‘rsatilmagan oq rangdagi Nexia avtomobilining surati tarqaldi. Ushbu surat Toshkentning Navoiy shox ko‘chasida – Alisher Navoiy nomidagi kinoteatrning qarshisida tushirilgan. 

Unda avtomobilning davlat raqami o‘rnatilishi kerak bo‘lgan qora rangdagi plastik qismiga maxsus moslama joylashtirilganini ko‘rish mumkin. Mazkur moslama yo‘lda harakatlanib ketayotgan avtomobillarning tezligini o‘lchab boradi va ma’lumotlarni avtomobil saloniga o‘rnatilgan fotoradar xotirasiga uzatadi.

18 iyul, payshanba. “Toshkent-Samarqand” yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan Nexia-3 avtomashinasi “Yuqori nuqta” postidan o‘tgandan so‘ng, Bulung‘ur tumani hududida yo‘ldan chiqib ketib, yo‘l-transport hodisasini sodir etdi. Voqea guvohlarining aytishicha, mazkur holatga 85 217 VSF raqamli (YPX) xizmat avtomashinasi sabab bo‘lgan.

18 iyul, payshanba. Farg‘onada mudhish YTH sodir bo‘ldi. Yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi DAMAS rusumidagi avtomobillar bir-biri bilan to‘qnashishi oqibatida ikkisi ham og‘ir darajada shikastlangan. Avtomobillar odamlar bilan to‘la bo‘lgan. Natijada yo‘lovchilarning ko‘p qismi jarohatlangan. Guvohning qayd etishicha, voqea joyiga 5-6 ta tez yordam mashinasi kelgan, ular jarohatlanganlarni shifoxonaga tashib ulgirmagan.

18 iyul, payshanba. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutilmaganda Xovosga bordi. Bu davlat rahbarining joriy yilda tumanga ikkinchi bor kelishi.

Davlat rahbari Xovos shaharchasining yangi markazini bunyod etish ishlari bilan tanishdi.

18 iyul, payshanba. Yaponiyaning Kioto shahrida vahshiy jinoyat sodir etildi. Erkak anime studiyasiga bostirib kirib, yonuvchan suyuqlik sepib, yoqib yubordi.Yong‘in natijasida 28 kishi halok bo‘ldi va 30 nafardan ortig‘i jarohatlandi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, erkak binoga “O‘llaring”, deb baqirib, kirgan. Politsiya xodimlari jinoyatchini qo‘lga olgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, uning qo‘l va oyog‘i kuyib, hozirda shifoxonaga yotqizilgan.

18 iyul, payshanba. Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida yopiq usulda qurilayotgan yangi stansiyalar oralig‘idagi tunnelning navbatdagi qismida burg‘ulash ishlari boshlandi.

Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘nalishining ikkinchi bosqichi qurilishi loyihasining umumiy qiymati – 124,8 mln AQSH dollarini tashkil etadi. Barpo etilayotgan yangi yo‘lning umumiy uzunligi 2,93 kilometrdan iborat.

18 iyul, payshanba. Turkiyaning Antaliya shahrida O‘zbekiston fuqarosi baxtsiz hodisa qurboni bo‘ldi. Antaliyada 82 yoshli Z.X. yo‘lni kesib o‘tayotganda mototsikl tomonidan urib yuborilgan va voqea joyida vafot etgan.

19 iyul, juma. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Myuller bilan muzokara o‘tkazdi

Uchrashuvda O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida kechayotgan o‘zgarishlar, xususan, iqtisodiy-ijtimoiy yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan yangilangan siyosat mehnat huquqi, aholi salomatligi, ta’lim kabi sohalarda sezilarli natijalarga erishish imkonini berayotgani qayd etildi.

19 iyul, juma. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Siril Myuller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi va Jahon banki o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

19 iyul, juma. Toshkent shahrining Bektemir tumanidagi Ohangaron va Husayn Boyqaro ko‘chalari kesishmasidagi “Suvsoz” aylanmasi markazida bayroq o‘rnatildi. Uning balandligi 35 metrni tashkil etadi.

19 iyul, juma. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi, Prezident xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari, Triatlon federatsiyasi Prezidenti Otabek Umarov yo‘l harakati qoidalarini buzgani uchun jarimaga tortildi. U ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qarorning suratini joylashtirgan

20 iyul, shanba. O‘zbekiston Respublikasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Moskvaga bordi. U Moskvada tarixda ilk bor o‘tkazilayotgan yoshlar o‘rtasidagi badiiy gimnastika bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etyapti.

Saida Mirziyoyeva gimnastika bo‘yicha JCHda ishtirok etayotgan O‘zbekiston terma jamoasini tabriklab, musobaqa tashkilotchisi milliarder Alisher Usmonovning rafiqasi Irina Viner-Usmonovaga minnatdorlik bildirdi.

20 iyul, shanba. Poytaxt Toshkentda zamonaviy kamondan otish sport bazasi barpo etildi. Uning ochilish marosimida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning o‘g‘li – Butunjahon etnosport Konfederatsiyasi prezidenti Bilol Erdo‘g‘an ishtirok etdi.

Marosimida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Rustam Shoabdurahmonov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Qosimov, Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Surayyo Er ham ishtirok etgan.

20 iyul, shanba. Toshkent osmonida noma’lum jism aniqlandi.Jismdan taralayotgan yorug‘lik kameralarda ham ilg‘angan. Osmonda ko‘rilgan jism soat 21:00 atrofida uchib o‘tgan. Ijtimoiy tarmoqlarda jism Qozog‘istondagi Boyqo‘ng‘ir kosmodromidan uchirilgan "Soyuz-FG" raketasi ekani aytilmoqda.

21 iyul, yakshanba. Namangan shahrida joylashgan “Chorsu” bozorida mudhish yong‘in sodir bo‘ldi

Ko‘rilgan choralar natijasida yong‘in o‘chirilgan. Yong‘in oqibatida dehqon bozorida yonma-yon joylashgan dorixona, sartaroshxona va parfyumeriya mahsulotlari savdo do‘konlarining 200 kv metr maydoni hamda non rastasining 600 kv metr maydoni yonib zarar ko‘rgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

20

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing