Sudi boshlangan Abdullayev, OTM rektorlarining va’dasi, haydovchilarga qo‘yilgan tuzoq va boshqa xabarlar

Jamiyat

17 iyul sanasi ham nihoyasiga yetyapti. Quyida bugunning eng muhim xabarlariga to‘xtalib o‘tamiz.

Andijonga yo‘lga chiqqan poyezd nega to‘xtab qolgani ma’lum bo‘ldi

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatiga yo‘lga chiqqan poyezd bir soat to‘xtab qolgani haqida xabarlar tarqalgandi. “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati bu holat yuzasidan izoh berdi va yo‘lovchilardan uzr so‘radi.

QQSdan ozod qilingan mahsulotlar ro‘yxati o‘zgardi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 16 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan realizatsiya qilish oborotlari qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan oziq-ovqat mahsulotlari ro‘yxatiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Chegara masalasi Prezidentlargacha yetib bordi

Qirg‘iziston va Tojikiston hukumatlari delegatsiyalarining ikki mamlakat chegarasini delimitatsiya qilish bo‘yicha navbatdagi uchrashuv Isfara shahrida bo‘lib o‘tdi.

Tojikiston hukumatidan ma’lum qilinishicha, yaqin vaqtlarda Isfara shahrining Vorux jamoatida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov uchrashishi rejalashtirilgan.

Aripov xalqaro avtomagistralni ochib berdi

Bugun, 17 iyul kuni “Beyneu – Akjigit – O‘zbekiston chegarasi” xalqaro avtomagistralining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Uni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin ochib berdi. 

Ixtiyor Abdullayev ishi bo‘yicha sud boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq raisi Ixtiyor Abdullayev ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. Bu haqda bir biridan mustaqil bir-nechta manbalar xabar berdi.

Ixtiyor Abdullayev ishi O‘zbekiston harbiy sudida ko‘rib chiqilyapti va tamomila yopiq holatda o‘tkazilyapti.

Ohangaronda mudhish YTH (video)

Kecha, 16 iyul kuni soat 21:00 atrofida Toshkent viloyati Ohangaron yo‘li A373 trassasida mudhish YTH yuz bergan. Bu haqda voqea joyidan  QALAMPIR.UZ muxbiri xabar bermoqda. 

Yuk mashinasi va Spark yengil avtomobili ishtirokida sodir bo‘lgan YTH natijasida ikki avtomobil ham yona boshlagan. Oqibatda trassada harakatlanib bo‘lmagan, boshqa avtomobillar va odamlar YTH bo‘lgan joyga yaqin bora olmagan.

OTM rektorlari pora olmaslikka “qasamyod qildi”

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va oliy ta’lim muassasalari rektorlari xalqqa murojaat bilan chiqdi. OTM rektorlari korrupsiyaga qarshi kurashishga va’da berdi.

O‘zbekiston MTJning JCH-2022 saralashidagi raqiblari ma’lum bo‘ldi

bugun, 17 iyul kuni Malayziya poytaxti Kuala Lumpurda joylashgan Osiyo futbol konfederatsiyasi bosh qarorgohida Jahon chempionati-2022 hamda Osiyo kubogi-2023 musobaqalari saralash bahslariga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston terma jamoasi D guruhidan o‘rin egalladi.

D guruhi:

Saudiya Arabistoni
O‘zbekiston
Falastin
Yaman
Singapur

Toshkentda haydovchilarni tuzoqqa tushirishning eng past usulidan foydalanilyapti...mi?

Ijtimoiy tarmoqlarda davlat raqami ko‘rsatilmagan oq rangdagi Nexia avtomobilining surati tarqaldi. Ushbu surat Toshkentning Navoiy shox ko‘chasida – Alisher Navoiy nomidagi kinoteatrning qarshisida tushirilgan. 

Unda avtomobilning davlat raqami o‘rnatilishi kerak bo‘lgan qora rangdagi plastik qismiga maxsus moslama joylashtirilganini ko‘rish mumkin. Mazkur moslama yo‘lda harakatlanib ketayotgan avtomobillarning tezligini o‘lchab boradi va ma’lumotlarni avtomobil saloniga o‘rnatilgan fotoradar xotirasiga uzatadi.

Suriyadagi o‘zbekistonliklarni qutqarish operatsiyasiga tayyorgarlik boshlandi

O‘zbekiston Yaqin Sharqdagi jangovar harakatlar davom etayotgan hududlardagi 177 nafar fuqarosini qaytarishga tayyorgarlik ko‘ryapti. “Ular hozir Suriyaning Al-Xasaka viloyatidagi “Al-Xol” lagerida. Ularning shaxslari aniqlangan. Ular 48 ta ayol, qolganlari esa bolalardan, jumladan uchta yetim boladan tashkil topgan”, degan DXX vakili.

Buxoro viloyatiga yangi prokuror tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyrug‘iga asosan adliya katta maslahatchisi Dilshod Nadjimovich Fayziyev Buxoro viloyati prokurori lavozimiga tayinlandi.

MOQ Bosh kotibi lavozimidan ozod qilindi

Bugun, 17 iyul kuni O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi majlislar zalida Qo‘mitaning navbatdan tashqari XXXVI Bosh Assambleya yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda Bosh kotibi lavozimida ishlab kelgan Jasur Matchanovning o‘z hoxishiga ko‘ra yozgan arizasi ko‘rib chiqildi. Bosh Assambleya a’zolari Jasur Matchanovning iste’fosini bir ovozdan qabul qilishdi va Jasur Matyakubovich O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi lavozimidan ozod etildi.

Ravshan Zolotoy O‘zbekistonga qaytdi

O‘zbekistonlik taniqli tadbirkorlardan biri, AIBA’ning sobiq prezidenti G‘afur Rahimovning jiyani, “kriminal avtoritet” sifatida ko‘rib kelingan “Ravshan Zolotoy” – Ravshan Muhiddinov O‘zbekistonga qaytdi. Bu haqda bir-biridan mustaqil manbalar ma’lum qilmoqda. 

Toshkentda 3 oylik chaqaloq vafot etdi. Bunga emlash sababmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 15 iyul kuni 100 kunlik chaqaloq poliklinikada emlashdan keyin vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Unda 3 oylik chaqaloqqa onasining ruxsatisiz 3 xil emlash dori vositasi yuborilgach, go‘dak ikki kun harorati ko‘tarilib yotgach, vafot etgani aytiladi.

Mazkur xabarlarga aniqlik kiritish uchun O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati bilan bog‘landik. Vazirlik joriy yilning 5 aprel kuni tug‘ilgan M.N.ning o‘limi yuzasidan dastlabki o‘rganish natijalari bo‘yicha QALAMPIR.UZ`ga ma’lumot berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

27

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing