Ham “xo‘rdani", ham “burda”ni. Amaldorlikni ham, tadbirkorlikni ham do‘ndirganlar

Tahlil

Bilsangiz kerak, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi Qonunning 13-moddasida Davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar aniq qilib yozilgan. 

Ushbu moddaga asosan mansabdor shaxsning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 595-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqning namunaviy qoidalari”ning 13-bandida davlat xizmatchilari ishdan tashqari vaqtda tadbirkorlik yoki haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan shug‘ullanmasligi belgilangan.

Buni qarangki, bizning “uddaburon” amaldorlarimiz, davlatning ishini ham, shaxsiy bizneslarini ham do‘ndirishadi. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ijtimoiy tarmoqlarda Davlat boshqaruvi va hokimiyati organlarining ayrim mansabdor shaxslari tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotganiga oid xabarlar tarqalganidan keyin, ochiq ma’lumotlar asosida o‘tkazgan o‘rganishlari davomida bir qator mansabdor shaxslar tadbirkorlik sub’ektlarida ta’sischi yoki ulushga ega ekani ma’lum bo‘ldi. 

Qayd qilinishicha, manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini bartaraf etish yuzasidan agentlik tomonidan chora ko‘rilgan. Natijada, quyidagi mansabdor shaxslarning tadbirkorlik sub’ektlarida ta’sischilik va rahbarlik faoliyati tugatilgan.

Agentlik bergan ro‘yxatda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirining qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mamadaminov Umid Mahmudovich ham bor. 

Ochiq ma’lumotlar qidiruv bo‘limiga Mamadaminov Umid Mahmudovich deb yozsangiz uning bir emas, naqd 7 ta mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi ekanini ko‘rasiz. Ularning 100 foizlik ulushi ham aynan “zam ministr”ning o‘ziga tegishli. Bir MCHJda ta’sischi deb ko‘rsatilgan Umid Mamadaminov, yana birida ham ta’sischi ham direktor sifatida qayd etilgan. 

2023 yilning 23 fevral kuni Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, shu yilning 17 avgust kuni Energetika vaziri o‘rinbosari lavozimida ish boshlagan Mamadaminovning tarjimai holida ham u xususiy korxona egasi bo‘lgani aytilgan. 

Mansabdor 7 508 555 100 so‘mlik ustav fondi bilan 2017 yilda ochilgan va hozirgacha tegirmon-yorma sanoati mahsulotlari ishlab chiqaradigan “JIZZAKH AGRITRADE“ MCHJni 47.80 foiz ulushiga egalik qilgani ko‘rsatilgan. Statistika qo‘mitasi bergan 2024 yil 4 yanvardagi ma’lumotda esa mansabdor egalik qilgan 47.80 foizlik ulush boshqa odamga berib yuborilgan. 

Umid Mamadaminov 100 foiz ulush bilan ochgan keyingi MCHJ esa 2018 yilda tashkil etilgan “GOLDEN HARVEST FARM“ MCHJ. 

2019 va 2022 yillarda 2 tadan tashkil etilgan MCHJlarda ham 100 foizlik ulush aynan Energetika vaziri o‘rinbosariga tegishli ekanini ko‘rish mumkin. Bu korxonalar, kompleks ma’muriy-boshqaruv xizmati ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish, quruqlik transporti sohasida xizmatlar ko‘rsatgan. Ha ko‘rsatgan. Chunki, bugungi kunda mansabdorga tegishli bo‘lgani aytilib, boshqa odamga o‘tkazilgan “JIZZAKH AGRITRADE“ MCHJdan boshqa barcha korxonalar faoliyati tugatilgan. Qachon va nima uchunligi aytilmagan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tadbirkorlik bilan shug‘ullangan deb aytgan navbatdagi mansabdor Toshkent shahri Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov. 

Sayfutdinov 2023 yilning 7 oktyabr kuni Mirobod tumani hokimi lavozimiga tayinlangan. Unga qadar, aniqroq aytganda, 2019 yilning sentyabr oyidan Yakkasaroy tumani hokimi lavozimida ishlagan.

Tuman hokimi Anvar Sayfutdinovning MCHJ ta’sischisi ekani 2023 yildagi ochiq ma’lumotlar portalida yozilgan. Unda, toshni kesish, ishlov berish va pardozlash bilan shug‘ullanadigan “SANICO GROUP“ MCHJning 17 foiz ulushi aynan Mirobod tuman hokimiga tegishli ekani yozilgan. Buni qarangki, 2024 yil 4 yanvardagi Yuridik shaxs to‘g‘risida ma’lumotlar portali esa hokimning ta’sischilar qatoridan chiqqanini ko‘rsatmoqda. MCHJ hozirgi vaqtda ham faoliyatini davom ettirmoqda.

Tadbirkorlik bilan shug‘ullangan keyingi davlat xizmatchisi 2021 yilning 24 avgust kuni Andijon viloyati Bo‘ston tumani hokimi sifatida ish boshlagan Sanobarxon Nosirovadir. 

Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, hokima 2019 yilning 24 iyunida tashkil etilgan Transport vositalari haydovchilarini tayyorlash bilan shug‘ullanadigan “QORASUV AVTO SCHOOL“ MCHJning 9 foizlik ulush bilan ta’sischisi hisoblanadi. 

Bundan tashqari, hokimlikka tayinlanishidan bir yil oldin, 2020 yilning 3 iyul kuni ta’sis etilgan “SMART KIDS 777" MCHJ maktabgacha ta’lim muassasasining 100 foizlik ulush bilan ta’sischisi va rahbari hisoblanadi. Bugungi kunda har ikkala MCHJning faoliyati tugatilgan. 

Tadbirkorlik bilan shug‘ullangani aytilayotgan Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi rahbari Sherali Abdujabborovning ma’lumotlari ham ochiq ma’lumotlar portalida bor. 

Portal ma’lumotlariga ishonadigan bo‘lsak, Abdujabborov 2015 yil noyabr oyida tashkil etilgan “OʼZPAXTASANOATEKSPORT“ xolding kompaniyasi va 2016 yilning boshlarida ta’sis etilgan ”LIONS FRUIT“ MCHJ sohibi bo‘lgan. Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi rahbari yuqoridagi korxonalarning birida 100 foiz, ikkinchisida 40.10 foizlik ulushga ega ta’sischi va direktor hisoblanadi. Hozirgi kunda har ikki muassasa faoliyati to‘xtatilgan. 

2022 yilning iyun oyida Milliy antidoping agentligi rahbari bo‘lgan Abdushukur Sodiqovning ham tadbirkorlik bilan shug‘ullangani aniqlandi. 

2018 yildan yuqoridagi lavozimga tayinlanguniga qadar MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori lavozimida ishlagan Sodiqov haqidagi ma’lumotlar ham ochiq ma’lumotlar portalidan topiladi. Unga ko‘ra, Sodiqov 2008 yilning iyul oyida ta’sis etilgan, ixtisoslashgan do‘konlarda motor yoqilg‘isi chakana savdosi bilan shug‘ullanadigan “PERFEKT-PETROL“ xususiy korxonasi va 1995 yilning noyabrida tashkil etilgan ”ALI-F“ xususiy korxonasi ta’sischisi va direktori hisoblanadi. Hozirgi kunda har ikkala korxona faoliyati to‘xtatilgan.

Davlat xizmatchisi bo‘lish bilan birga tadbirkorlik bilan shug‘ullangani aytilgan Markaziy bank Axborotlashuv bosh markazi rahbari Dilshod Sarixo‘jayev haqida hech qanday ma’lumotlar mavjud emas.

Tasdiqlanmagan ma’lumotlarda, 2023 yilning avgust oyi o‘rtalarigacha Prezident Administratsiyasi rahbari yordamchisi lavozimida ishlagan Sunnatilla Husanovich Bekenov bilan qarindoshligi aytiladigan Turizm qo‘mitasi huzuridagi Milliy PR-markazi direktori Dilfuza Samandarovaning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi aniqlangani yodingizda bo‘lsa kerak. O‘shanda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan berilgan taqdimnomaga binoan, Dilfuza Samandarovaning “Avtoimkon trade” MCHJ ta’sischiligidagi faoliyatini tugatish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmaslik va kelgusida shu kabi holatlarga yo‘l qo‘ymaslik haqida rasman ogohlantirish berish va tushuntirish ishlarini olib borish aytilgan edi. 

Xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, ogohlantirilgan chog‘i Samandarova tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatgan. Bu hujjatda. Aslida to‘xtatdimi yoki yo‘qmi, bu bizga qorong‘i. Samandarova MCHJdagi 50 foizlik ulushini o‘sha vaqtda direktor bo‘lgan Ziyatov Nodirjon Taxirovichga bergan ko‘rinadi.

Yuridik shaxs to‘g‘risida ma’lumotlar portalida keltirilishicha, bugungi kunda “Avtoimkon trade” MCHJ faoliyatini davom ettirmoqda va MCHJ ta’sischilari yoki direktori ro‘yxatida Dilfuza Samandarova yo‘q. 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan amaldorlar qatorida Samandarova borligini ham aytgan. Ammo aynan qaysi tadbirkorlik faoliyati ekanini ochiqlamagan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizovni ham tadbirkorlik bilan shug‘ullangani aytilmoqda.

Ochiq ma’lumotlar portalining eski ma’lumotlarida, u 2022 yilda tashkil etilgan toshni kesish, ishlov berish va pardozlashga ixtisoslashgan “CONSTR” MCHJning 100 foizlik ta’sischisi ekani yozilgan. Statistika qo‘mitasining 4 yanvar 2024 yildagi ma’lumotida esa MCHJ ta’sischisi Azizova Umida Baxtiyorovna ekanini ko‘rasiz. Familiyani solishtirganda katta ehtimol bilan bu ayol agentlik direktorining yo xotini yoki onasi.

O‘zi bizda SSSRdan qolgan odat bor va bu MDH mamlakatlarida urchigan. Buni siz ham inkor qilmasangiz kerak. Erkaklar boshiga ish tushish xavfi bo‘lsa, topganini turmush o‘rtog‘i yo onasining nomiga o‘tkazadi. Ayollar – erlar uchun eng yaxshi biznes hamkor.

Aslida amaldorlar mana shunday “manyovr” qilmasligi uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev farmon imzolagan.

Yuqorida aytganimizdek, ijtimoiy tarmoqlarda davlat boshqaruvi va hokimiyati organlarining ayrim mansabdor shaxslari tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgani haqida xabarlar tarqalgani uchun Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tekshiruv o‘tkazgan va yuqorida guvoh bo‘lganingiz amaldorlarning tadbikorlik bilan shug‘ullanganini aniqlagan. Bu hali butun boshli aysbergning ko‘zga ko‘ringan qismi. Ehhe hali qanchadan qancha “kattakon”larning “biznescha”larini bilmaymiz. Bilganlar ham ko‘z yumadi. Har holda u restoran falonchi, bu do‘kon pistonchi akaxonlar-u opaxonlarniki ekanini eshitib qolamiz.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mansabdorlarning xurmacha qiliqlarini ochiqlagani yaxshi. Endi bir narsani eslatib qo‘ysak! O‘zbekistonda 2022 yilning 1 yanvaridan amaldorlarning mol-mulki deklaratsiya qilinishi aytilgan edi. Bu talab Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 6 iyulda qabul qilgan va 7 iyuldan kuchga kirgan “Korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida nazarda tutilgan.

Prezident Farmonida 2022 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari, o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi ham joriy etilishi belgilangandi.

Biroq, mana 2024 yilni ham boshlab oldik, haligacha uning ijrosidan darak yo‘q! Hurmatli, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va uning rahbari Akmal Burxonov, Farmonning ijrosini ta’minlash haqidagi “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ishlab chiqilib, uni Vazirlar Mahkamasiga kiritish vaqti kelib, o‘tib ham ketti chog‘i.


Maqola muallifi

Teglar

tadbirkor amaldor Korruptsiyaga qarshi kurashish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing