Putin Qorabog‘ bo‘yicha umidini ochiq aytdi
Olam
−
20 Sentabr 2023
15640Rossiya tinchlikparvar kuchlari Tog‘li Qorabog‘dagi mojaroga aloqador barcha tomonlar bilan faol ishlamoqda. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 20 sentyabr kuni Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashuvda so‘z ochdi.
“Bizning tinchlikparvar kuchlarimiz ushbu mojaroda ishtirok etgan barcha tomonlar bilan faol ishlamoqda. Ular tinch aholini himoya qilish uchun hamma narsani qilmoqdalar”, deydi u.
Shuningdek, u, suhbat davomida Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish yo‘liga o‘tishga umid qilayotganini ochiqlagan.
U Rossiya tinchlikparvar kuchlarining asosiy bazasida 2000 dan ortiq tinch aholi borligi, ulardan mingdan ortig‘i bolalar ekanini aytgan.
“Biz mojaroning barcha tomonlari va Yerevan, Stepanakert va Baku hokimiyatlari bilan juda yaqin aloqadamiz. Umid qilamanki, biz keskinlikni pasaytira olamiz va bu muammoni hal qilishni tinch yo‘lga o‘tkazamiz”, deydi Putin.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog‘da “Ozarbayjon Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini tiklash maqsadida” mahalliy aksilterror choralari boshlanganini e’lon qilgandi. Baku tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi nishon emasligini ta’kidlagandi. Keyinchalik Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xavfli hududdan aholini evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘laklar va qabul punktlari yaratilganini bildirgan. Voqealar fonida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazib, (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qilgan. Majlisdan so‘ng, Pashinyan Armaniston Ozarbayjonning Qorabog‘ hududidagi harbiy amaliyotlarda qatnashishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi. Fransiya esa BMT Xavfsizlik kengashining Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat bo‘yicha favqulodda yig‘ilishini talab qildi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida Ozarbayjonning (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqot qilib, tomonlarni muzokaralar stoliga chaqirdi. 20 sentyabrga kelib Ozarbayjon Mudofaa vazirligi ma’lum shartlari asosida aksilterror harakatlari to‘xtatilganini e’lon qildi.
LiveBarchasi