Shilqimlikka uchragan bog‘cha bolalari

Jamiyat

So‘ngi kunlarda voyaga yetgan yoki maktab, bog‘cha yoshidagi qizlarga tegajog‘lik qilish yoki zo‘rlash holatlari ko‘p uchramoqda. Yunusobod tumanida erkak 6 yoshli qizchani aldab tegajog‘lik qilgani, 47 yoshli erkak yosh qizni aldov yo‘li bilan pod’ezdga chaqirib, uni yechintirib, tegajog‘lik qilgani, Xorazmdagi Pedofil amaldorlarning voyaga yetmagan qizlarni bir necha oy zo‘rlagani kabi jirkanch holatlar hali odamlar esidan chiqqanicha yo‘q.

Tarmoqlarda bu kabi holatlar muhokama bo‘lishi, jinoyat ishlari ochilib javobgarlik kuchaytirilishiga qaramasdan jirkanch ishlarning oxiri ko‘rinmayapti. Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi bolalar bog‘chalaridan birida direktorning o‘g‘li 4 nafar qizchaga tegajog‘lik qilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Tarqalgan xabarlarga ko‘ra, bog‘cha mudirasining 11-sinf o‘g‘li 4 nafar qizchani uxlashga yotganidan so‘ng, ularga turli xil tegajonliklar qilgan.

Bosh prokuraturaga bergan ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 230-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida sodir bo‘lgan.

“Natijalari haqida xabar berilishi ta’minlanadi”, deyilgan Bosh prokuratura xabarida.

Toshkent shahar IIBB holatga izoh berib, 15 yoshli bola bog‘cha tarbiyalanuvchilariga tegajonlik qilgani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Aytilishicha, shu yilning 2 may kuni 4 nafar fuqaro Chilonzor tumani Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilgan. Ular farzandlari (6 yoshli qizlar) Chilonzor tumanidagi maktabgacha ta’lim muassasalaridan birida uxlab yotgan vaqtida, voyaga yetmagan 15 yoshli bola qizlarning tanasini turli qismlarini qo‘li bilan ushlab, uyatsiz buzuq harakatlar sodir qilganligini ma’lum qilgan va unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

“Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25-moddasi orqali 119-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda. Jinoyat ishi doirasida barcha holatlar batafsil o‘rganilib, zaruriy tergov harakatlari o‘tkazilishi va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi”, deyiladi Toshket shahar IIBB xabarda.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi holatga izoh berar ekan Chilonzor tumanidagi bog‘cha rahbari xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashib, bolalar hayotini xavf ostiga qo‘yganligi uchun lavozimidan ozod qilinganini ma’lum qildi.

Vazirlikka ko‘ra, mazkur bog‘cha rahbari bog‘cha hududiga begona shaxsni kirishiga yo‘l qo‘yib berganligi, tarbiyalanuvchi bolalar hayotini xavf ostiga qo‘yganligi, ichki mehnat tartib-qoidalarini buzganligi va o‘z xizmat vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondashganligi sababli u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 5-bandiga asosan bekor qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

zo'rlash tegajog'lik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing