Hakimi zo‘rlash ishi bo‘yicha sud qilinadi
Sport
−
15:12 453 2 daqiqa
Fransiya Oliy sudi “Pari Sen-Jermen” himoyachisi va Marokash terma jamoasi sardori Ashraf Hakimiga nisbatan zo‘rlash ayblovi bo‘yicha sud jarayoni o‘tkazilishini tasdiqladi. Bu haqda “Le Figaro” nashri xabar berdi.
“Kassatsiya sudi Hakimining apellyatsiyasini rad etdi va ishni qabul qilish uchun jiddiy asoslar mavjud emas, degan qarorga keldi”, deydi jabrlanuvchi tomon advokati Bertran Perre.
Nashrga ko‘ra, mazkur apellyatsiya futbolchining Fransiya sud tizimidagi so‘nggi chorasi bo‘lgan. Bundan avval, joriy yilning fevral oyida Nanter prokuraturasi ishni O-de-Sen departamenti jinoyat ishlari sudiga yuborgan. Iyun oyi o‘rtasida esa Versal apellyatsiya sudi mazkur qarorni qo‘llab-quvvatlagan.
Barcha ayblovlarni rad etib kelayotgan Hakimi o‘sha vaqtda o‘z pozitsiyasini sudda bayon qilish imkoniyatini kutayotganini aytgan. Sud jarayonining boshlanish sanasi hozircha ma’lum emas.
“Uch yarim yillik sud jarayonlaridan so‘ng, himoya tomonining tuhmat va bo‘htonlariga duch kelgan mijozim adolat qaror topishi uchun qat’iy kurashadi va oxirigacha boradi”, deydi jabrlanuvchining yana bir advokati Reychel-Flor Pardo.
Hodisa 2023 yil fevral oyida Parij yaqinida sodir bo‘lgan. Ayol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga futbolchi bilan ijtimoiy tarmoqlar orqali tanishgani va keyin uning uyiga borganini aytgan. Ayolning da’vo qilishicha, Hakimi uning rad javobini inobatga olmay, unga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan. Hodisadan so‘ng u futbolchining uyini tark etib, politsiyaga murojaat qilgan.
2023 yil mart oyida Hakimi hibsga olinib, keyin sud nazorati ostiga olingan. So‘roq jarayonida futbolchi barcha ayblovlarni qat’iyan rad etgan. Uning advokatlari esa ishni tovlamachilik sxemasining bir qismi sifatida baholagan.
Ma’lumot uchun, Ashraf Hakimi 2021 yildan buyon PSJ safida to‘p surib keladi.
Live
Barchasi