Ortiqxo‘jayev Bosh vazirga “zam” bo‘ldimi?
Tahlil
−
16 mart 2023
16591Joriy yilning 16 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida energiya resurslari ta’minoti yuzasidan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “oyog‘i yerdan uzilgan” degan tamg‘a bilan lavozimidan ozod etilgan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ishdan ketsa ham odamlar e’tiboridan qolmadi.
Tarmoqlarda Ortiqxo‘jayevni u yoki bu chiqishlari doim muhokama bo‘ladi. Shu kecha-kunduzda ham sobiq poytaxt hokimi Vazirlar Mahkamasida ish boshlagani, Bosh vazir Abdulla Aripovga maslahatchi bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi.
Hatto, sobiq deputat, Tabiat resurslari vaziri maslahatchisi bo‘lgan Rasul Kusherboyev ham bu haqdagi xabarni o‘zining Telegram-kanaliga joylashtirdi.
QALAMPIR.UZ Bosh vazir Abdulla Aripovning matbuot kotibi Bekzod Shukurov bilan bog‘lanib, holatni aniqlashga urindi.
“Lavozimga tayinlash qaysidir darajadagi hujjat bilan amalga oshiriladi. Lavozim darajasiga qarab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, qarori yoki Vazirlar Mahkamasining qarori, farmoyishi chiqishi kerak. Hozircha bunday hujjat mavjud emas”, dedi Shukurov.
Tarmoqlarda gap bolalagandan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining matbuot xizmati rasmiy ma’lumot berib, Jahongir Ortiqxo‘jayevning O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi lavozimiga tayinlangani haqidagi xabarlar yolg‘on ekani va tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.
16 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan tanqidiy yig‘ilishdan so‘ng Ortiqxo‘jayev tarmoqlarda ma’lum muddat ko‘rinish bermadi.
Oradan biroz vaqt o‘tib, aniqroq aytganda 3 mart kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining 1-turidan o‘rin olgan “Paxtakor” va “Olimpik” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinga Ortiqxo‘jayev ham borgani haqidagi ma’lumot va rasmlar tarmoqlarda paydo bo‘ldi. Ma’lumki, sobiq hokim Toshkentning “Paxtakor” klubi egasi hisoblanadi.
Toshkent aholisi va mehmonlari Ortiqxo‘jayevning ketishiga qanday munosabat bildiradi? Hokimlikning 5 yili mobaynida uning qanday xato-kamchiliklari va yutuqlarini ayta oladi? Ayni shu savollar bilan QALAMPIR.UZ 17 yanvar kuni poytaxt ko‘chalarida o‘tkazgan so‘rovnomadan javob topasiz. Videoni QALAMPIR.UZ'ning YouTube sahifasida tomosha qiling.
LiveBarchasi