Vazirlar Mahkamasi Ortiqxo‘jayevning Aripovga maslahatchi bo‘lganini rad etdi
Jamiyat
−
15 mart 2023
7762Jahongir Ortiqxo‘jayevning O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi lavozimiga tayinlangani haqidagi xabarlar yolg‘on, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Matbuot xizmati xabar berdi.
Bugun, 15 mart kuni QALAMPIR.UZ’ga poytaxt Toshkentning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Vazirlar Mahkamasida ish boshlagani, u Bosh vazir Abdulla Aripovga maslahatchi bo‘lgani haqida xabarlar yetib keldi. Tahririyat bularga aniqlik kiritish maqsadida kecha, 14 mart kuni Bosh vazirning Matbuot kotibi Bekzod Shukurov bilan bog‘landi.
Shukurov QALAMPIR.UZ muxbiri bilan suhbatda shunday dedi:
“Lavozimga tayinlash qaysidir darajadagi hujjat bilan amalga oshiriladi. Lavozim darajasiga qarab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, qarori yoki Vazirlar Mahkamasining qarori, farmoyishi chiqishi kerak. Hozircha bunday hujjat mavjud emas”.
QALAMPIR.UZ mazkur masalaga kechaning o‘zida oydinlik kiritib bo‘lgan bo‘lsada, bugun, 15 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Ortiqxo‘jayevning Vazirlar Mahkamasida ish boshlagani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Hatto, sobiq deputat, Tabiat resurslar vaziri maslahatchisi Rasul Kusherboyev ham bu haqdagi xabarni o‘zining Telegram-kanaliga joylashtirdi.
Eslatib o‘tamiz, 16 yanvar kuni Prezident huzurida bo‘lib o‘tgan energiya resurslari ta’minoti yuzasidan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevni ishdan olganini e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, Ortiqxo‘jayev ogohlantirishlarga qaramay qishga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rmagan.
LiveBarchasi