O‘zbeklar urush olovini yoqqan Rossiyadan qayta oladimi?
Olam
−
24 Sentabr 2022
22702Turmush o‘rtog‘ini ishlash uchun uzoq davlatga kuzatgan ayol farzandlari uchun ham ota, ham ona bo‘ladi. Ona bo‘lib shirin gapirishga, ota bo‘lib tanbeh berishga, uy ro‘zg‘or g‘amini o‘z yelkasiga olishga mahkum bo‘ladi. Kamlik qilgandek uzoqdagi turmush o‘rtog‘ini issiq-sovug‘i haqida ham ayol qayg‘uradi. U ketgan mamlakat tinch bo‘lsak-u mayli, notinchliklar bo‘layotgan yurtda bo‘lsa, dard ustiga chipqon deyavering.
Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi urush oila a’zolari ayni shu mamlakatda bo‘lganlarni xavotirga soldi. 21 sentyabr kuni Prezident Vladimir Putin mamlakatda qisman harbiy safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni imzolagani, safarbarlik tadbirlariga start berilgandan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda migrantlarni pul evaziga urushga yollash boshlangani haqidagi xabarlar tarqalgani esa bu xavotirlarni yanada oshirdi.
Shu bilan birga, Rossiya Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi Kiril Kabanov Rossiya oxirgi 10 yilda fuqarolikka qabul qilingan markaziy osiyoliklarni ham harbiy xizmatga jalb qilish uchun takliflar tayyorlanayotganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, taklif Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan ko‘chib o‘tgan fuqarolarga taalluqli bo‘ladi va harbiy xizmatdan bosh tortganlarning o‘zi ham, oila a’zolari ham fuqarolikdan chiqariladi.
Rossiya IIV ma’lumotlarda keltirilishicha, so‘nggi 10 yil ichida Rossiya pasportini olgan chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar soni yildan-yilga oshmoqda. Birgina 2021 yilning o‘zida "yangi ruslar" soni 12 foizga o‘sib, 735,4 ming kishini tashkil etgan.
Rossiya fuqaroligini olganlarning aksariyati Ukrainada tug‘ilganlar. Umumiy 376 ming ukrainalik Rossiya fuqaroligini olgan. Tojikistondan 14,1 foiz yoki 103,7 ming, Qirg‘izistondan 2,6 foiz yoki 19,2 ming, Qozog‘istondan 6,8 foiz yoki 49,9 ming kishi, O‘zbekistondan 4,3 foiz yoki 31,9 ming kishi 2021 yilda Rossiya fuqaroligiga o‘tgan.
Fuqarolikka ega bo‘lganlarning orasida Ozarbayjon, Belarus, Moldova, Armaniston fuqarolari ham bor. Shuningdek, 481 nafar Germaniya, 388 nafar aqsh, 226 nafar Italiya, 183 nafar Gretsiya va boshqa bir qator mamlakatlar fuqarolari Rossiya pasportiga ega bo‘lishgan.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining keltirgan ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil 1 mart holatiga ko‘ra xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan mehnat migrantlarining o‘rtacha soni 2,4 mln yanada aniqroq aytadigan bo‘lsak 2.356.954 kishini tashkil etgan. Ularning 568,5 mingi yoki 24,1 foizi xotin-qizlar, 827,1 ming yoki 35,1 foizi yoshlarni tashkil etadi.
Ularning 1,5 millioni Rossiya Federatsiyasida mehnat qiladi. Vatandoshlarimizning 52,7 foizi qurilish, 16,4 foizi savdo va xizmat ko‘rsatish, 12,8 foizi sanoat, 10 foizi qishloq xo‘jaligida, 8,1 foizi boshqa sohalarda mehnat qilmoqda.
Safarbarlik tadbirlariga start berilgandan so‘ng, ijtimoiy tarmoqlarda migrantlarni pul evaziga urushga yollash boshlangani haqidagi xabarlar ham tarqaldi. Bu esa, yaqinlari Rossiya hududida bo‘lgan o‘zbekistonliklarni xavotirga tushirib qo‘ydi. QALAMPIR.UZ bu ma’lumotlarga oydinlik kiritish uchun Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norov bilan bog‘landi.
“2022 yil boshidan buyon 18 ming fuqaro rasman Rossiyaga mehnat migranti sifatida ketgan. Hozirgacha, yoki Rossiyada harbiy safarbarlik e’lon qilingani sababli O‘zbekistonga qaytish istagini bildirib, yoki harbiy harakatlarda ishtirok etishga chaqiriq bo‘lganini aytib, murojaat qilganlar yo‘q”, deydi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rasmiysi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi birinchi qismiga ko‘ra yollanish, ya’ni nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 1541 moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirishi 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan, yollanishi esa 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishiga sabab bo‘ladi.
LiveBarchasi
AQSH dollarining rasmiy kursi pasaydi.
27 dekabr