BP xorijdagi o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi
Jamiyat
−
21 Sentabr 2022
13815O‘zbekiston fuqarolarining chet davlatlar harbiylashgan tuzilmalariga yollanishi javobgarlikka sabab bo‘ladi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xorijdagi fuqarolarga shunday ogohlantirish bilan chiqdi.
BPning qayd etishicha, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi birinchi qismiga ko‘ra yollanish, ya’ni nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 154-1-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirishi 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan, yollanishi esa 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishiga sabab bo‘ladi.
“Shunga ko‘ra, chet mamlakatlarda bo‘lib turgan hamyurtlarimizdan harbiylashgan tuzilmalarga yollanmaslikka, harbiy harakatlarda ishtirok etmaslikka chaqiramiz va bunday harakatlar jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida yana bir bor ogohlantiramiz”, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 21 sentyabr kuni Rossiyada qisman harbiy safarbarlik e’lon qilindi. Buning ortidan mamlakat bo‘ylab namoyishlarga chiqish bo‘yicha chaqirishlar yangray boshladi.
LiveBarchasi