Suriya Rossiyadan Bashar Asadni berishni so‘radi – “Reuters”
Olam
−
29 yanvar
7801Bugun, 29 yanvar kuni Suriya poytaxti Damashq shahrida Rossiya va Suriya vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda Suriyaning yangi yetakchisi Ahmad ash-Shara (Jo‘loniy nomi bilan ham mashhur) Rossiya vakillaridan sobiq prezident Bashar Asadni topshirishni talab qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Damashq vakillari qo‘shimchasiga mamlakatdagi fuqarolar urushida Asadni qo‘llab-quvvatlagan Rossiya tomoniga “tovon to‘lashi” kerakligini bildirgan.
Shuningdek, Rossiya munozaralar davomida mamlakatdagi ikkita harbiy bazasini saqlab qolishga harakat qilgan. Qolaversa, uchrashuvda Rossiya tomoni Suriyada ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlagan.
Suriyaning yangi rasmiylari Rossiya bilan munosabatlarni tiklashda o‘tmishdagi xatolarni hisobga olish, Suriya xalqining irodasini hurmat qilish va ularning manfaatlariga xizmat qilish kerakligini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning noyabr oyi oxirida “Hayat Tahrir ash-Shom” guruhi Suriya shimoliy qismiga yurishni boshladi. Ular Idlib viloyatini, mamlakatdagi aholi soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi Halab shahrini, Hama va Homs viloyatlari hududlarining bir qismini o‘z nazoratiga oldi. Shundan so‘ng Damashqqa kirdi. Sobiq prezident Bashar Asad esa oilasi bilan mamlakatdan qochib ketdi va Rossiyadan boshpana oldi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 29 yanvar kuni Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Rossiya Federatsiyasi Suriyaning yangi hukumati vakillari bilan muloqotni davom ettirishi haqida aytgandi.
LiveBarchasi