Yil boshidan beri Ukraina Rossiyaga ikkinchi yirik dron zarbasi uyushtirdi
Olam
−
29 yanvar
10735Bugun, 29 yanvarga o‘tar kechasi 104 ta Ukraina uchuvchisiz dronlari Rossiyaning to‘qqizta viloyatida urib tushirilgan. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu yil boshidan beri Ukraina tomonidan amalga oshirilgan ikkinchi yirik hujumdir. 24 yanvar kuni vazirlik bir kechada 121 ta dron urib tushirilganini xabar qilgandi.
Vazirlik xabariga ko‘ra, Nijniy Novgorod viloyatida uchta dron urib tushirilgan.
“Kstovo korxonalaridan biri hududiga dron qoldiqlari tushdi va yong‘in boshlandi”, degan gubernator Gleb Nikitin.
“Kommersant”ga ko‘ra, dronlar asosan neft zavodiga hujum qilishga uringan.
Shuningdek, Smolensk viloyatida ham 11 ta dron urib tushirilgani aytilgan. Gubernator Vasiliy Anoxinning so‘zlariga ko‘ra, dronlardan biri atom energetikasi ob’ektiga hujum qilish chog‘ida yo‘q qilingan. Smolensk AES normal rejimda ishlamoqda.
Tver viloyati rahbari Igor Rudenyaning aytishicha, tunda 29 ta dron tomonidan qilingan hujum qaytarilgan. Mudofaa vazirligi bo‘lsa, o‘z hisobotida bor-yo‘g‘i yettita urib tushirilgan dron haqida xabar bergan. Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, dronlar Toropets munitsipal okrugiga hujum qilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Kursk viloyatida eng ko‘p – 47 ta uchuvchisiz dronlar urib tushirilgan. Bryansk viloyatida 27 ta, Belgorod viloyatida 4 ta, Kaluga viloyatida 3 ta, Rostov va Leningrad viloyatlarida esa 1 donadan dron urib tushurilgan.
Qayd etilishicha, Sankt-Peterburg aeroporti faoliyatini to‘xtatgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 yanvar kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan muzokara o‘tkazishga ruxsat bergandi, shu bilan birga u bilan tinchlik shartnomasini imzolash imkoniyatini rad etgandi. Putin Ukraina davlati rahbarini qonuniy deb hisoblamasligini aytgan. Shundan so‘ng, Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘i orqali Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga nisbatan tinchlik muzokaralaridan qochayotganini va abadiy urush qilishni xohlayotganini aytgandi.
LiveBarchasi