Sovet zulmiga tik boqqan Mirziyoyev, dunyoga “qo‘l siltagan” Gorbachyov, “tirilgan” jadidlar – Hafta Markazida

Tahlil

“Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir” deb yozgan edi shoir va yurt ozodligi uchun kurashgan, buning ortidan 1937 yilning 14 iyulida qamoqqa olinib, 1938 yilning 4 oktyabrida otib tashlangan Cho‘lpon. Chin ma’nodagi mustaqillikdan nishona shuki, bu hafta Cho‘lpon kabi hurlik uchun kurashgan jadidlar nomi ko‘kka ko‘tarildi. So‘nggi yuz yillikdagi tariximiz, sovet davrida o‘zbek xalqiga qilingan adolatsizliklarga panja ortidan emas, tik qaraldi. Doimgi navbatchi gaplar o‘rniga xalqning ko‘ksini ko‘taradigan so‘zlar aytildi. Mubolag‘a bilan aytsak, bu hafta hamma jadidga aylandi. O‘zim ham jadidlarga ko‘rsatilgan bu ehtiromdan ruhlanib, hafta bo‘yi sodir bo‘lgan voqea-hodisalar tahlilini aynan Cho‘lpon qalamiga mansub yuqoridagi misralar bilan boshlashga qaror qildim.  

Tarixga tik boqqan Mirziyoyev

Bundan ikki yil avval QALAMPIR.UZ ijodxonasini ta’mirlayotganimizda tahririyatning kirishida aynan Cho‘lpon boboning “Xalq dengizdir, xalq to‘lqindir, xalq kuchdir” deb aytgan misralari yozilsinki, har kuni ishga kelayotib kim uchun ishlayotganimizni eslab turaylik, degandim. Prezident ham bu hafta aynan shu so‘zlarga ishora qildi. 

Davlat rahbari an’anaga ko‘ra, 31 avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga bordi. Dasturxonga osh tortildi, Qur’on tilovat qilindi, shahidlar xotirlandi. U Cho‘lpon nomini tiklash qanchalik qiyin bo‘lganini aytdi. 

“Bugun biz pastga tushinglar, xalqning ichiga boringlar, deyapmiz, xalqdan kuch olayapmiz. Cho‘lpon ham shunday degan”, dedi Shavkat Mirziyoyev Cho‘lponning “Butun kuchni xalq ichidan olaylik, Quchoq ochib xalq ichiga boraylik!” degan misralariga ishora qilib. 

Mirziyoyev “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi bilan tanishdi. Bobolar 100 yillar Istiqlol uchun kurashgani, 100 ming vatandoshimiz qatag‘onga uchrab, 13 ming nafari shafqatsiz otib tashlanganini aytdi.

Hali bu tarix oxirigacha o‘rganilmagani, qatag‘on qurbonlarini aniqlash va xotirasini tiklash bo‘yicha izlanishlarni davom ettirish kerakligini ta’kidladi.

U, shuningdek, yaqin tarixda sodir bo‘lgan “paxta ishi” tamg‘asi bilan soxta ayblovlar orqali yuritilgan zulmni esladi. Bunday alamli voqealarni hech qachon unutib bo‘lasligini urg‘uladi. Prezidentning bu gaplari Moksvada ham kutilgan to‘lqinlarni keltirib chiqardi. Bu masalaga birozdan keyin qaytamiz.

Alvido, Mixail Sergeyevich!

Dunyo siyosatiga oshkoralik va qayta qurish atamalarini kiritgan, jahon hamjamiyatini yer kurrasini saqlab qolish va yadrosizlanishga chaqirgan Sovet Ittifoqining birinchi va so‘nggi prezidenti Mixail Gorbachyov 30 avgust kuni 91 yoshida uzoq davom etgan og‘ir xastalikdan so‘ng vafot etdi. 

Dunyoning yirik yetakchilari, ayniqsa, Yevropa mamlakatlari rahbarlari Gorbachyovning vafoti munosabati bilan iliq so‘zlarga to‘la hamdardlik bildirdi. Jumladan, AQSH Prezident Jo Bayden Gorbachyovni “boshqa kelajak” uchun o‘z karerasini xavf ostiga qo‘yishga jur’at eta olgan noyob yetakchi”, deb atadi. 

Gorbachyov vafoti munosabati bilan rasmiy Toshkent va ko‘zga ko‘ringan siyosatchilar hamdardlik bildirgani yo‘q. 

Mixail Gorbachyoyev 3 sentyabr kuni Moksvada dafn etildi. Dafn va vidolashuv marosimlarida Prezident Vladimir Putin ishtirok etmadi. Davlat rahbari 1 sentyabr kuni Gorbachyov davolangan va vafot etgan Markaziy shifoxonaga borib, uning tobuti oldida xotirasiga hurmat ko‘rsatdi, tobuti oldiga gul qo‘ydi va vidolashdi

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov ham aynan 3 sentyabr kuni qabrga qo‘yilgan edi. 

Bag‘dodda hammayoq notinch

Bir necha kun oldin Iroqda o‘q ovozlari tinmadi. 29 avgust kuni siyosatdan ketishini e’lon qilgan shia imomi Muqtado as-Sadrning  yuzlab tarafdorlari shaharning hukumat idoralari va xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari joylashgan “yashil hududi”ni egallab, Respublika saroyini o‘rab olib, binoga kirdi. Namoyishlar sadrchilarni quvib chiqarishga urinayotgan xavfsizlik kuchlari bilan qurolli to‘qnashuvlarga aylangan. Shiddatli to‘qnashuvlarda halok bo‘lganlar soni 30 kishiga yetgan, 300 dan ortiq kishi jarohatlangan. Namoyishlar va to‘qnashuvlar Iroqning boshqa hududlarini ham qamrab oldi.

So‘ng Muqtado as-Sadr o‘z tarafdorlariga 60 daqiqa ichida Bag‘dodning “yashil zonasi”dagi parlament hududini tark etishni buyurdi. U o‘z harakati tarafdorlarining zo‘ravonliklarga olib kelgan harakatlarini tanqid qildi. Keyin esa namoyishchilar tarqala boshladi, butun mamlakat bo‘ylab joriy qilingan komendantlik soati bekor qilindi. 

Oling quda, bering quda 

Bu hafta juda ko‘pchilik uchun quvonchli bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risidagi bir necha farmonlarni imzoladi. Mukofotlangan orasida AQSHning O‘zbekistondagi elchisi, muddati tugayotgan Deniyel Rozenblyumdan tortib, Turkiya Respublikasi Vitse-Prezidenti Fuat O‘ktaygacha bor. 

Gap hozir bu haqida emas. Gap Prezident Mirziyoyev Ozarbayjonliklarni mukofotlaganida. Oxirgi vaqtlarda O‘zbekiston Ozarbayjon munosabatlari iliq darajadan ko‘tarilishi fonida, Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchisi Guseyn Guliyev va yana 3 kishini “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi. Keyingi paytlarda O‘zbekistonga serqatnov bo‘lib qolgan va Sevara Nazarxonning “Ulug‘imsan Vatanim” qo‘shig‘ini qayta ijro etgan Gulyanaq Mammadovani O‘zbekiston xalq artisti unvoni bilan siyladi

O‘zbekiston tomonining siylovi javobsiz qolmadi. Prezident Ilhom Aliyev sozanda Abduhoshim Ismoilov, dirijyor, O‘zbekiston Konservatoriyasi rektori Kamoliddin O‘rinboyev va sirdaryolik ozar shoir Ali Nosirlini “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlash haqidagi hujjatni imzoladi. Xonanda Nasiba Abdullayevani esa Ozarbayjon xalq artisti unvoni bilan taqdirladi

Jazavaga tushgan Zatulin

Boya Prezident Shavkat Mirziyoyevning Sovet Ittifoqi davrida o‘zbek xalqiga qilingan adolatsizliklar haqidagi gaplari Moskvada ham to‘lqinlar paydo qilganini aytgandim. Mavzuni chala qolgan qismidan davom ettirsak. Prezidentning gaplaridan keyin Davlat Dumasining MDH,  Yevroosiyo integratsiyasi va vatandoshlar bilan aloqalar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Konstantin Zatulin tilga kirdi. 

“Sovet Ittifoqida o‘zbek millatini hech kim yo‘q qilmadi. Hozir Sovet Ittifoqida ukrainlarni ataylab och qoldirgan, Boltiqbo‘yi xalqlarini qirib tashlagan va hokazolarni aytadigan butun bir panteon mavjud. Sovet Ittifoqi barcha kamchiliklariga qaramay xalqaro hamjamiyat edi va O‘zbekiston dastlab dunyo xaritasida Sovet Ittifoqi tarkibida paydo bo‘lgan, keyin esa mustaqillikka erishgan, tilini saqlab qolgan, o‘zini xalq sifatida saqlab qolgan”, deydi Zatulin.

Albatta, jazavaga tushgan Zalutinning iddaolarini o‘zbek siyosatchilari ham javobsiz qoldirmadi. Odatda bunday bahslarga kirmaydigan Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev mustabid tuzum shafqatsiz va berahm bo‘lgani yoki halok bo‘lganlar haqiqatan ham g‘ayriinsoniy qatag‘on qurbonlari ekanini aqli to‘g‘ri va xotirasi aniq bo‘lgan hech qaysi inson so‘roq ostiga qo‘ya olmasligini aytdi. 

“Tuzumga qarshi, Vatan ozodligi uchun o‘z ovozini baland ko‘tarishga jur’at etgan minglab va minglab yurtdoshlarimiz uchun poligon va qabriston bo‘lib qolgan joyda o‘tgan marosimda men ham qatnashdim. U chin qalbdan, yorug‘ va tantanali, qandaydir samimiy, insoniy tarzda o‘tdi.

Aynan shu joyda jallodlar tomonidan o‘z o‘limini jasorat bilan qabul qilganlar oldidagi qarzimizni insoniy ravishda qaytardik. Bu endi shov-shuvli siyosiylashtirish va populistik vahima uchun sababmi?”, deydi Safoyev

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov esa Zatulinning asossiz talqini xato xulosalar keltirib chiqarayotganini urg‘uladi. 

“Prezident nafaqat o‘zbek, balki o‘sha davrda sovet davlatida yashagan barcha millatlarning ziyolilariga nisbatan qilingan vahshiy nohaqliklar haqida gapirdi. Buni anglash va to‘g‘ri talqin qilish uchun katta tarixchi bo‘lish shart emas, menimcha”, deydi Qodirov. 

Munozaralar shu yerda yakun topdi, hozircha. 

O‘zbekiston tarixida ilk bor Turkiston muxtoriyati yodga olindi

Shu kunlarda O‘zbekistonda nafaqat haftaning, balki so‘nggi 30 yillikning tarixiy voqeasi ro‘y berdi. Siz ham bu voqeaga bevosita yoki televizoringiz orqali guvoh bo‘lganingiz aniq.  Mustaqillikning 31 yilligi munosabati mamlakat siyosiy elitasi ishtirokida “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida o‘tkazilgan davlat tantanasida ilk bor Turkiston muxtoriyatiga yodga olinib, jadid, mutafakkir, shoir Cho‘lponning “Go‘zal Turkiston, senga ne bo‘ldi?” nomli she’ri bilan kuylangan marsh ijro etildi

Gap shundaki, mustaqillikning dastlabki 25 yilida, Birinchi Prezident Islom Karimov davrida O‘zbekiston zaminidan o‘tgan tarixiy shaxslar nomi tiklanib, shahidlar, qatag‘on qurbonlari ma’lum sanalardagina yod etilgan bo‘lsa-da, ularning nomi ko‘pincha tilga olinmas, hayoti, faoliyati, ilmiy izlanishlari xususida tadqiqotlar olib borilmas, bu haqida ortiqcha og‘iz ochilmas edi. So‘nggi besh yilda esa O‘zbekistonda Turkiston, jadidlar degan quloqqa tanish, ammo ancha uzoq bo‘lib ketgan so‘zlar bot-bot chalinadigan bo‘ldi. 

Jadidlar hayoti va faoliyati aks ettirilgan sahna ko‘rinishi davlat tadbiridan o‘rin olishi esa Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi O‘zbekiston o‘zining yaqin va uzoq tarixini tan ola boshlagani, unga ochiq ko‘z bilan qarayotganidan dalolatdek. 

QALAMPIR.UZ’gacha yetib kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, tantanali marosimdagi ushbu chiqish tashabbuskorlaridan biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi – Spichrayter Xayriddin Sultonov bo‘lgan.  

Sahna ko‘rinishi avvalida shoir Jumaniyoz Jabborov tomonidan yozilgan jadidlar haqidagi ushbu satrlar o‘qib eshittirildi. Unda Behbudiy obrazi so‘zi so‘nggida “Yashasin Turkiston muxtoriyati” deb hayqiradi. 

Mirziyoyev Oqsaroyga borib, Karimovni xotirladi

2 sentyabr O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov vafot etgan kun. Islom Karimov vafot etganiga bu yil 6 yil to‘ldi. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev an’anaga ko‘ra, 2 sentyabr kuni tongda Islom Karimov faoliyat yuritgan Oqsaroyga borib, Birinchi Prezident haykali poyiga gul qo‘ydi.

Xotira tadbirida Islom Karimovning xalq manfaati yo‘lidagi xizmatlari yodga olindi. Qur’on tilovat qilindi. 

Marosimda Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova, Oliy Majlis, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, poytaxt jamoatchiligi vakillari ham ishtirok etib, Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi. 

3 sentyabr, Islom Karimov dafn etilgan kunda esa Oqsaroy qarorgohida xotira tadbiri o‘tkazildi. 

18 ming bilan ushlangan “hokimvachcha”

O‘zbekistonda korrupsion jinoyatlar davom etmoqda. Biroq, ko‘pincha qo‘lga tushadiganlar nahanglar emas, mayda korrupsionerlar. Tugayotgan haftada Toshkent viloyati Zangiota tumani hokimligi xodimi 18 ming AQSH dollari bilan ushlandi

U 2 nafar fuqaroni Qirg‘izistondagi oliy o‘quv yurtida o‘qishi haqida soxta hujjatlar tayyorlab, so‘ngra ularning o‘qishlarini poytaxtdagi oliygohlardan birining 2-bosqichiga ko‘chirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga 18 ming AQSH dollari olgan.

Shuningdek, Toshkent shahrida o‘tkazilgan yana bir tezkor tadbirda poytaxtdagi nufuzli oliygohlardan birining 3-bosqich talabasi 2 nafar fuqarodan 2 ming AQSH dollari olgaida  ushlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, u Qozog‘iston Respublikasidagi oliygohlardan birining 2-bosqichini tamomlagani haqida soxta hujjat olib berib, mazkur hujjat orqali Toshkent shahridagi xususiy universitetning 2-bosqichiga o‘qishga kiritib qo‘yishini va’da qilgan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Erdo‘g‘anning kuyovidan yangi harbiy dron

“Bayraktar” harbiy dronlari bilan dunyoda shuhrat qozongan Turkiyaning “Baykar Makina” kopaniyasi joriy haftada Samsun shahrida o‘tgan “Teknofest” aerokosmik festivalida tovushdan tez uchuvchi uchuvchisiz samolyoti “Kizilelma”ni taqdim etdi. 

Ma’lumotlarga qaraganda, qisqa uchish-qo‘nish yo‘laklariga ega bo‘lgan kemalardan havoga ko‘tarilish va qo‘nish qobiliyatiga ega bo‘lgan “Bayraktar Kizilelma”, korpus ichida olib yuradigan o‘q-dorilari bilan belgilangan nishonlarga hujum qila oladi. Dron 12 km balandlikda 5-6 soat havoda qolishi mumkin. Loyiha muallifi Turkiya rahbariga begona emas, uning kuyovi Selchuk Bayroqdor. 

Darvoqe, u Samsunda o‘tayotgan festivalga kelishini so‘rab, O‘zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayevga taklifnoma yubordi. Balki Sa’dullayev Turkiyaga borib, “Kizilelma”ni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, “Qachon biz ham shunday texnikalarni ishlab chiqararkinmiz”, deb bosh qashlab qaytgandir.

Bu Selchuk Bayroqdor dunyo urush maydoniga kiritayotgan uchinchi dron. Bungacha u “Akinci”, “Bayraktar” dronlarini ishlab chiqargan. 

O‘ta muvaffaqiyatli texnika sifatida dunyoda tan olingan “Bayraktar” dronlaridan 2019 yil iyun oyida Liviyada, 2020 yil martda Suriyada, 2020 yil iyun oyida Qorabog‘ urushida qo‘llanilgandi. Fevral oyi oxiri, mart oyi boshlarida Rossiya hujumi ostida qolgan Ukraina ham ushbu uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalandi.

Biroq, “Baykar Makina” kopaniyasi ushbu dronlarni Rossiyaga sotmoqchi emas. Kompaniya bosh direktori Haluk Bayroqdor ular uchun pul birinchi o‘rinda emasligi, Ukraina bilan do‘stligi va hamkorligi ko‘p yillardan buyon davom etib kelayotgani, shu bois qancha pul taklif qilinishidan qat’i nazar uchoqlarni Rossiyaning qo‘liga topshirish haqida gap bo‘lishi mumkinmasligini aytib chiqdi. 

MAGATE missiyasi Zaporoje AESda tekshiruvlarni boshladi

30 avgust kuni Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik – MAGATE rahbari Rafael Grossi boshchiligidagi missiya Kiyevga yetib bordi. 31 avgust kuni ertalab esa missiya karvoni Kiyevdan chiqib, Energodardagi Zaporoje atom elektr stansiyasi tomon yo‘l oldi. 1 sentyabr kuni ekspertlar stansiyaga yetkazilgan zararni aniqlash bo‘yicha o‘z ishini boshladi

Ekspertlar guruhi 5 sentyabrgacha stansiyada bo‘lishi kutilmoqda. Grossining qayd etishicha, dastlabki baholash o‘tkazilgach, hisobot tayyorlanadi. MAGATE ekspertlari stansiyada doimiy ishtirok etishni rejalashtirmoqda. 

Rossiya mart oyi boshida Zaporoje atom elektr stansiyasini egallab oldi. So‘nggi kunlarda elektr stansiyasi muntazam ravishda o‘qqa tutilmoqda, bunda Rossiya va Ukraina bir-birini ayblamoqda. Rasmiy Moskvaga ko‘ra, Ukraina bo‘linmalari tomonidan Zaporoje atom elektr stansiyasining o‘qqa tutilishi yadroviy terrorizm akti va bu Chernobildan ham kattaroq falokatga olib kelishi mumkin.

Zaporoje Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi bo‘lib, u Ukrainadagi barcha elektr energiyasining chorak qismini ishlab chiqaradi. Qariyb 6 ming megavatt quvvatga ega ushbu inshoot oltita energiya blokidan iborat. Hozirda atom elektr stansiyasi to‘liq quvvatining 70 foizida ishlaydi.

Odamlar uyida hayvonot bog‘i ochyaptimi?

Tugayotgan haftada Toshkent xalqaro aeroportida kutilmagan voqea yuz berdi. Ochig‘i safarga chiqqanimizda kim belgilangandan oshiq pul, kim ruxsat etilmagan mahsulotlar, yoki noqonuniy tamaki, ko‘p miqdordagi tilla bilan qo‘lga tushganini, yo‘ldan kelayotganlar unga bunga “telefon olib chiqib bering”, “pulimning yarmini ovoling”, deganini ko‘rmagan-u, ammo samolyotda timsoh yetaklab kelinganini... Yana bir emas, ikki emas, naq 56 ta. 

Gap shundaki, 30 avgustdan 31 avgustga o‘tar kechasi “Toshkent” xalqaro aeroportida “Qoxira-Toshkent” yo‘nalishida uchib kelgan va bojxonadan “yashil” yo‘lak orqali harakatlangan fuqaroning bagajlari ko‘zdan kechirilganda, bojxona nazoratiga belgilangan tartibda taqdim etilmagan 56 bosh tirik timsoh bolalari borligi aniqlandi

Timsoh yetmagandek, o‘sha kuni mamlakatga buqalamun – xameleon olib kirishga ham urinish bo‘ldi va yana Toshkentda, va yana Qoxiradan. 

Misrdan Toshkentga uchib kelgan fuqaroning yuklari tekshiruvdan o‘tkazilganda, ular orasidagi plastik idishda 10 dona buqalamun borligi aniqlangan

Hozirda buqalamunlar Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan. Tashish va saqlash qoidalariga rioya qilinmaganligi sababli, mutaxassislar tomonidan ulardan 6 tasining “ahvoli og‘ir” deb baholangan. 

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

To‘qayev prezident saylovini muddatidan oldin o‘tkazmoqchi

Qozog‘iston Respublikasi Prezident Qosim-Jomart To‘qayev 1 sentyabr kuni xalqqa murojaat qildi va joriy yilning kuzida navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari o‘tkazilishini aytdi

Uning qayd etishicha, adolatli Qozog‘istonni barpo etish yo‘lidagi keng qamrovli islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun xalqning yangi ishonch mandati zarur. 

Shuningdek, u prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirishni, nomzod faqat bir marta saylanish huquqiga ega bo‘lishini taklif qildi. 

Ayni vaqtda Qosim Jomart To‘qayev prezidentlik muddatining uchinchi yilini o‘tamoqda. Mavjud qoidalarga ko‘ra, uning birinchi muddati bo‘yicha vakolati tugashiga yana ikki yil bor. Qayta saylangan taqdirda ham To‘qayev umumiy hisobda yana yetti yil Prezident bo‘lishi mumkin. Prezident saylovining muddatidan avval o‘tkazilishi ham aslida To‘qayev uchun hech narsani o‘zgartirmaydi. Chunki Prezident vakolati muddati besh yildan yetti yilga uzaytirlsa va qayta saylanish huquqidan mahrum etilsa, baribir yetti yil Prezident bo‘ladi. 

Murojaatga qaytadigan bo‘lsak, To‘qayev joriy yil sodir bo‘lgan “qonli yanvar” voqealarida hibsga olinganlarga bir martalik amnistiya berilishi, biroq bu buzg‘unchi xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ygan, qonunni buzishga da’vat qilayotganlarga tegishli emasligini aytdi. 

Shuningdek, u oiladagi zo‘ravonliklar uchun jazoni kuchaytirish vaqti kelganini urg‘uladi. 

Aliyev va Pashinyan uchrashuvi

Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bir-birlariga qilgan mislsiz haqoratlari va mazaxlariga qaramay, shu hafta Belgiya poytaxti Bryusselda Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel vositachiligida uchrashdi va muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuvda chegaralar delimitatsiyasi va xavfsizlik bo‘yicha komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini noyabr oyida Bryusselda o‘tkazishga kelishib olindi. Shuningdek, o‘shanda Armaniston va Ozarbayjon rahbarlari uchrashadi.  

Tomonlar, shuningdek, tinchlik shartnomasini imzolash bo‘yicha muzokaralarni davom ettirishga ahdlashgan. 

Bundan tashqari, Pashinyan va Aliyev Qorabog‘, harbiy asirlar va delimitatsiya bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilgan. Ko‘tarilgan masalalar orasida asirlarni ozod qilish va bedarak yo‘qolganlar taqdirini aniqlash, mintaqaviy kommunikatsiyalarni blokdan chiqarish ham bor. 

Uyg‘urlar bo‘yicha kutilgan hisobot

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonida inson huquqlarining buzilishi haqida kutilgan va uzoq muddatdan beri taqdim etilmay kelinayotgan hisobotni e’lon qildi

Hisobot Oliy komissar Mishel Bacheletning ushbu lavozimdagi muddati tugashidan bor-yo‘g‘i bir necha soat oldin e’lon qilindi. 

Unda aytilishicha, BMT Shinjonda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bahonasida inson huquqlarining jiddiy buzilishini hujjatlashtirgan. Bu qonunbuzarliklar “insoniyatga qarshi jinoyat bo‘lishi mumkinligi” ta’kidlangan. 

“Inson huquqlari buzilishi bahonasida aksilterrorizmga oid qonunlar xalqaro inson huquqlari normalari va standartlari nuqtai nazaridan juda muammoli. Hukumatga keng ko‘lamli tergov, taqiq va bosim o‘tkazish huquqini beruvchi qonun juda noaniq, keng va tushunarsiz ta’riflarni o‘z ichiga oladi”, deyiladi Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi hisobotida. 

Hisobot mualliflari, jumladan, qayta tarbiyalash lagerlarida mahbuslarga nisbatan qiynoqlar, shafqatsiz muomala va majburiy davolash haqidagi xabarlarning to‘g‘riligini tasdiqlagan. 

Hisobot Pekinni qayta tarbiyalash lagerlari, qamoqxonalar va shunga o‘xshash hibsxonalarda o‘zboshimchalik bilan ushlab turilganlarni zudlik bilan ozod qilishga, Shinjon-Uyg‘ur muxtoriyatidagi oilalari ular bilan bog‘lana olmagan shaxslarning qayerda ekani haqida ma’lumot berishga, terrorizmga qarshi qonunlarni qayta ko‘rib chiqishga, Milliy xavfsizlik va ozchiliklar huquqlari bo‘yicha zudlik bilan qayta tarbiyalash lagerlaridagi huquqlar poymol etilishi bo‘yicha tekshiruvni tashkil etish va mintaqadagi masjidlar, ibodatxonalar va qabristonlarning vayron qilingani haqidagi da’volarga aniqlik kiritib, aniq ma’lumotlarni taqdim etishga chaqirish bilan yakunlanadi.  

O‘tgan haftadagi chiqishimizda yoz nihoyalab kuz kelayotgani, g‘alvirni suvdan ko‘taradigan palla ostonasida turganimiz haqida aytgandim. Nihoyat kuz ham keldi. 5 sentyabrdan O‘zbekistondagi barcha ta’lim muassasalarida o‘qish boshlanadi, faqat Samarqanddan tashqari. Samarqanddagi ta’lim muassasalari 15-16 sentyabr kunlari Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti o‘tishi munosabati bilan o‘quvlarga eshiklarini 21 sentyabrdan ochadi. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

63

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing