O‘zbekiston so‘kong‘ich hokimlar mamlakati...mi yoxud hokimlar daxlsizmi?
Intervyu
−
22 avgust 2022
29880O‘zbekiston so‘kong‘ich hokimlar mamlakatimi? Nega doim hokimlarning kimgadir o‘dag‘aylagan, kimnidir haqorat qilgan, so‘kinib majlis o‘tkazgan yoki boshqa idoralar xodimlarini pisand qilmay, ularni sharmanda qilganiga oid videolar, xabarlar va audioyozuvlar tarqalaveradi.
2019 yilda Farg‘ona viloyati hokimi lavozimida faoliyat yuritgan Shuhrat G‘aniyevning ayollar ro‘moli haqida aytgan gaplari tushirilgan audioyozuv ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, yuqori idoralargacha yetib borgan edi. Vaqtni cho‘zmay Senatning Reglament va odob-axloq komissiyasi G‘aniyevni Toshkentga chaqirtirib, masalasini majlisda ko‘rdi. G‘aniyev kechirim so‘radi, Senat unga muhlat berdi.
Kuni kecha esa Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovniki ekani aytilayotgan haqoratlarga to‘la audioyozuv ham tarqaldi. Unda Angor tumani prokurori bilan telefon orqali suhbat yozib olingani aytilmoqda.
Audiodan anglashilishicha, prokuror davlat byudjetini talon-toroj qilishda gumonlangan tashkilot xodim yoki rahbarlarini so‘roq qilish uchun tergovga jalb qilgan. Go‘shak orqali unga holat bo‘yicha qayta tekshiruv o‘tkazish haqida buyruq berilgan. Prokuror esa buni pisand qilmagan. Ana undan keyin ko‘ring tomoshani. Itaraman, tiqib yuboraman, ket, sen meni sovunimga kir yuvmabsan... Hokimbuvaning og‘zidan chiqqanlarni eshitgan bo‘lsangiz kerak.
Xo‘sh, O‘zbekistonda hokimlarga shu qadar katta vakolat berilganmi? Ular daxlsizmi? Hokimlar nega so‘kong‘ich?
QALAMPIR.UZ yuqoridagi savollar bilan 2019 yil G‘aniyev Senatga chaqirilgan paytda Reglament va odob-axloq komissiyasi raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan, ayni vaqtdagi Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimovaga yuzlandi. O‘shanda Alimova majlisda keskin tanqidiy chiqish qilgandi. Shuningdek, QALAMPIR.UZ'ga bergan intervyusida agar G‘aniyev o‘zida o‘zgarish qilmasa, hokimlikdan ham ketishini dadil aytgandi. Xo‘sh, u Bobolovniki deyilayotgan audioga qanday qaraydi?
“Agar haqiqat bo‘lsa, bu butkul noto‘g‘ri. Birinchidan, prokuratura nazorat organi, uning ishiga aralashish mumkin emas. Masalan men hokim sifati prokuror va sudning ishiga aralashmayman. Mumkin emas. Tanish-bilishchilik qilmayman, birovning o‘rtasiga tushmayman. Qonun qanday bo‘lsa, shunday ishlash kerak”, deydi Alimova.
Avvaliga Gavhar Alimova Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov haqida gaplashishni istamadi. Bir necha bor savol bilan murojaat qilganimizdan keyin, “Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi”, degan javob bilan cheklandi.
Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi Gavhar Alimova bilan intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi