O‘zbekistonda barcha ijtimoiy tarmoqlar bloklanishi kerak
Tahlil
−
16 iyul 2022
30725O‘zbekistonda Telegram, Instagram, WhatsApp, Facebook, istalgan vaqt bloklanishi mumkin. Tik-tok va Twitter esa allaqachon taqiqlanganlar ro‘yxatida turibdi. Bu tarmoqlardan ko‘pchiligimiz, hatto, rasmiylar, amaldorlar, taqiqlashga ovoz berganlarning o‘zlari ham VPN orqali foydalanadi.
O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlar, ayrim ijtimoiy tarmoqlar o‘z-o‘zidan bloklangani yo‘q. Albatta, bunga asos bor. Qonun bor.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 2019 yil 16 aprelda “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilgandi. Shu yilning 21 iyun kuni Qonun senatorlar stoliga yetib keldi. Senatning yalpi majlisida ishtirok etayotgan 83 senatorning 80 nafari qonunni yoqlab qo‘l ko‘tardi. Biroq, qonunning 2019 yildagi tahririda hozirgi 271-modda, ijtimoiy tarmoqlarni qafasga tiqadigan band bo‘lmagan.
2020 yil 15 dekabr kuni, to‘g‘rirog‘i mahalliy kengashlari va parlament quyi palatasiga saylovlar o‘tkazilganidan roppa-rosa bir yil o‘tib, Nurdinjon Ismoilov raisligidagi parlament quyi palatasi tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish” to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Ushbu qonunning 13-moddasi aynan ijtimoiy tarmoqlarning oyog‘i bolta uradigan band sifatida tarixda qoldi, desak mubloaha bo‘lmaydi. Aynan ushbu modda bilan “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunda 271 – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishning alohida shartlari moddasi paydo bo‘ldi. Senat ham 2020 yilning 19 dekabr kuni, yanada aniqrog‘i, Oliy Majlisda qabul qilinganidan 4 kun o‘tib, miq etmay, ushbu qonunni ma’qulladi.
Endi qonun mazmuniga e’tibor bersak. Qonunning 271-moddasida shunday deyiladi:
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishning alohida shartlari
Mulkdor va (yoki) operator O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining shaxsga doir ma’lumotlariga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida ishlov berishda ularning jisman O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan texnik vositalarda hamda belgilangan tartibda Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxsga doir ma’lumotlar bazalarida yig‘ilishini, tizimlashtirilishini va saqlanishini ta’minlashi shart.
Qonunlar doim shunday tushunarsiz bo‘ladi. O‘shanda bu qonunni nafaqat oddiy odamlar, balki ba’zi qonun chiqaruvchilarning o‘zi ham tushunmagan, gap nima haqida ketayotganini anglamagan bo‘lsa, ajabmas. Qayta-qayta o‘qib chiqishimizga qaramay, biz ham tushunmadik. Tushuntirib berishdi. Anglashilishicha, ushbu moddada biz foydalanayotgan ijtimoiy tarmoqlar, ya’ni Telegram, Instagram, Facebook, Twitter, Tik-tok, Odnoklassniki, WhatsApp, VKontakte’larning serveri o‘zbekistonda joylashgan bo‘lsa, foydalanish mumkinligi, agar bu ma’lumotlar bazasi boshqa davlatda bo‘lgan taqdirda, barcha (serveri yo‘q) tarmoqlar bloklanishi haqida so‘z boradi.
Endi ijtimoiy tarmoqlardan qaysilarining serveri o‘zbekistonda bor degan savolga javob topsak. Hech qaysi.
Lekin norasmiy manbalarga ko‘ra 2008 yildan 2014 yilgacha tarmoqlarda mashhur Odnoklassniki’ning serveri O‘zbekistonda mavjud yoxud O‘zbekistondagi Proksi-serveri orqali undan foydalanish mumkin.
Demak, qonunning 271-moddasiga asosan O‘zbekistonda foydalaniladigan hamma tarmoqlar Telegram, Instagram, Facebook, Twitter, Tik-tok, Odnoklassniki, WhatsApp, VKontakte – xullas bizda serveri bo‘lmagan hammasi to‘liq bloklanishi kerak. Lekin qonun ayrim manfaat va maqsadlar yo‘lida ishlayapti. Buni mamlakatda faqat Twitter, Tik-tok va VKontakte bloklanganida ko‘rish mumkin.
Bir necha yildirki, O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlarning qaysinisi bloklanib, qay biri faol ishlashi bo‘yicha bahslar tinayotgani yo‘q. Hatto, deputatlar ham o‘zi chiqargan qonundan o‘zi bexabardek, ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishi haqida og‘iz ko‘pirtirib gapirib qoladi. Masalan, Tik-tok’ni bloklash bo‘yicha old qatorlardan o‘rin olgan Alisher Qodirov Facebook va Telegram’ga kelganda “nafsi”ni tiyib turolmaydi. Yoki Qonunning Senatdan o‘tishiga bosh-qosh bo‘lgan siyosiy elita – Tanzila Norboyeva Twitter’ning faol a’zosi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning esa deyarli barcha ommabop ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy sahifalari bor va u har kuni yangilab boriladi.
2019 yildagi qonunni to‘liq qo‘llab quvvatlagan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev qonunga 271-modda qo‘shilganidan keyin tarmoqlarning qisman cheklanishi mantiqsizlik ekanini aytib norozilik bildirgan va “O‘zkomnazorat” boshlig‘iga Twitter’ning bloklanishi masalasida asoslantirilgan tushuntirish berish va cheklovni olib tashlash choralarini ko‘rish masalasida deputatlik so‘rovi kiritgan. Kusherboyevning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, unga “O‘zkomnazorat” boshlig‘i A’zam Abdullayev imzosi bilan mujmal javob kelgan. Kusherboyev bundan qoniqmagan va qayta so‘rov kiritish niyatida.
Endi masalani yana bir tomoni bor. To‘g‘ri, O‘zbekistonda Tik-tok va Twitter bloklandi. Bu tarmoqqa nisbatan qo‘yilgan cheklov edi, lekin odamlarga emas.
Bu degani siz ham, men ham, hatto, ijtimoiy tarmoqlarni bloklash uchun qo‘l ko‘targan deputatlar-u uni qabul qilishga bosh-qosh bo‘lgan senatorlar ham bu platformalarga kira oladi. Albatta, VPN bilan.
Biroq, bunda qonun chiqaruvchilar ham, uni ijro etuvchilar ham bir narsani yoddan chiqaryapti. Qonun shaxsga doir ma’lumotlarni o‘z mamlakati hududida bo‘lishini ta’minlash uchun qabul qilinyapti. Ammo VPN ishlatish orqali hamma o‘z shaxsiy ma’lumotlarini, telefonidagi yozishmalardan tortib, suratlarigacha qo‘sh-qo‘llab global serverga uzatmoqda. Bu nafaqat shaxsiy ma’lumotlar, balki davlat xavfsizligi uchun ham xavf.
VPN orqali pornografik saytlarga kirish cheklanmagan. Bu esa bolalarimiz tarbiyasiga chang solayotgan eng katta xavf.
O‘zbek elitasidan kimlar Twitter’da faol?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Prezident Matbuot kotibi Shezod Asadov, Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi raisi Komil Allamjonov va uning o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Adliya vazirligi, shuningdek, hukumat portali GOV.UZ. Bundan tashqari ko‘plab faollar va deputatlar ham Twitt yozishni yaxshi ko‘rishadi.
Siz ham ichingizda nega bloklashdi va nega kirishyapti degan savolni o‘ylayapsizmi? Yana qaytaramiz, cheklov tarmoqqa, odamlarga emas. Bo‘yog‘i o‘zbekchilik.
Twitter mavzusida gap ketganda, bir nechta savollar paydo bo‘ladi. Bu savollar qonun ishlab chiquvchi va qabul qiluvchi, shuningdek, uni bajaruvchilarga aloqador.
Birinchidan, agar siz shaxsga doir ma’lumotlar boshqa tomonning qo‘lida saqlanmasligini istab qonun ishlab chiqqan va uni ma’qullagan ekansiz, nega qonun to‘liq ishlashini taminlamayapsiz? Ya’ni serveri O‘zbekistonda bo‘lmagan barcha tarmoqlar bloklanmayapti?
Ikkinchidan, qonun chala ishlab, qaysidir tarmoqlar bloklangan ekan bloklaganlarning o‘zi nega tarmoqda faol? Axir biz ma’lumotlarni chetga chiqib ketishidan qo‘rqmayotganmidik?
Uchinchidan, agar qonunni qabul qilganlar uni aylanib o‘tarkan, nega ishlamaydigan qonunlarni qabul qilasiz?
To‘rtinchidan, yodingizda bo‘lsa 2021 yilning 3 noyabr kuni You Tube, Facebook, Telegram va Instagram bloklandi. Buning ortidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziring qaroriga asosan Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ziyayev G‘olibsher Meliboyevich noto‘g‘ri va kelishilmagan hatti-harakatlari uchun egallab turgan vazifasidan chetlatildi.
Shuningdek, IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i Olimjon Umarov hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov ham lavozimidan ozod etildi.
Endi savol. Agar vazirlik mutassadillari qonun asosida tarmoqlarni bloklagan bo‘lishsa nega ular ishdan olindi?
Iltimos shuncha gapdan keyin ham O‘zbekistonda qonunlar ishlaydi, ijrosi ta’minlanadi demanglar.
LiveBarchasi