Olmazordagi qurilishda qon chiqdi. Hokimbuva qayerdasiz?
Tahlil
−
06 avgust 12652 12 daqiqa
Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi Beruniy ko‘chasida qurilish maydonida yuz bergan falokat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar orqali jamoatchilik e’tiboriga tushdi. QALAMPIR.UZ muxbiri holatni yaqindan o‘rganish maqsadida voqea joyiga yetib bordi.
Surishtiruvlar davomida bir qancha savollar muhokama markaziga chiqdi. Jumladan, qurilish vaqtida yerning o‘pirilib ketishi ortidan aholi orasida savollar ko‘paydi. Tadbirkor bu hududni o‘zboshimchalik bilan egallab olganmi? Qurilish uchun ruxsat qaysi shartlar asosida berilgan? Nazorat inspeksiyasi qurilish jarayonida texnik talab va me’yorlarga amal qilinayotganini tekshirganmi? Hududdagi daraxtlarning kesilishi va boshqa joyga ko‘chirilishidan ekologiya idoralari xabardor bo‘lganmi?
Falokatdan keyin olingan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, Toshkent shahar hokimligi hodisa oqibatida jarohatlangan va tez yordamga murojaat qilganlar yo‘qligini ma’lum qildi.
Biroq QALAMPIR.UZ’ga voqea guvohlari va mahalla aholisi yetkazgan ma’lumotlar, shuningdek, hodisa aks etgan videolarda jarohatlangan shaxslar bo‘lgani va tez tibbiy yordamga murojaat qilingani ko‘rinadi.
“Bular hatto tez yordam ham chaqirmadi. Biz o‘zimiz daraxt bosib qolgan odamni ko‘rib tezda tez yordam chaqirdik”, deydi voqeaga guvoh bo‘lgan aholi vakili.
Oradan ko‘p o‘tmay, Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ’ga falokat oqibatida bir kishi jarohatlanganini va u ayni paytda shifoxonada davolanayotganini ma’lum qildi.
Bosh prokuratura bergan ma’lumotga ko‘ra, qurilishga aloqador MCHJ mansabdor shaxslarining xatti-harakatlarida Jinoyat kodeksining 257-moddasi — mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish hamda 192¹¹-moddasi — nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilishda nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjudligi sababli jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov olib borilmoqda.
“DONMAH-IMEX” kimga tegishli?
Endi voqea joyidagi qurilishning o‘ziga to‘xtalamiz. Bu hududda aynan qanday ob’ekt qurilayotgani, qurilish uchun kim ruxsat olgani va ushbu kompaniyaning ortida kimlar turgani jamoatchilik uchun qiziq.
Qurilish pasportida ko‘rsatilgan QR-kod orqali MCHJ haqidagi ma’lumotlarni olish mumkin. Unda keltirilishicha, “DONMAH-IMEX” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2019 yil 6 fevralda ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Jamiyatning ustav fondi 10 mlrd 924 mln 206 ming 300 so‘mni tashkil etadi. Kompaniyaning rasman ro‘yxatdan o‘tgan faoliyat turiga ko‘ra, u g‘alla, urug‘lar va hayvonlar uchun ozuqalarning ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadi.
Ammo Beruniy ko‘chasidagi manzilda nima qurilayotgani bo‘yicha ham ochiq hujjatlarda ma’lumot bor. Ob’ektning tegishli yuridik hujjatlarida bino zamonaviy mehmonxona apartamentlari binosi sifatida ixtisoslashtirib rekonstruksiya qilinishi belgilangan. Rejaga ko‘ra, qurilish yakunlanishiga 562 kun qolgan.
Navbat ta’sischilarga.
Yaqin vaqtgacha “DONMAH-IMEX” MCHJning 95 foiz ulushiga Yakubov Samuk Salixdjanovich egalik qilgan. Abdusattarov Abdumannon Kaharovich esa qolgan 5 foiz ulush egasi bo‘lgan.
Ammo joriy yil 15 iyul kuni kompaniya qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Natijada ta’sischilardan biri butunlay o‘zgargan, ikkinchisining ulushi esa qisqarib, kompaniyada teng hamkorlik ko‘rinishi paydo bo‘lgan.
Hozirda yangi shaxs — Xusanov Muhammad Murod o‘g‘li va Yakubov Samuk Salixdjanovich kompaniyaning 50 foizdan ulushiga ega.
Jumladan:
- ob’ekt bosh rejasining yechimi to‘g‘ri topilgani;
- ob’ektning me’moriy yechimi to‘g‘ri topilgani;
- loyihada avtoturargoh masalasi hal etilgani;
- qurilish chizig‘iga amal qilingani
kabi talablar bajarilgani qayd etilgan.
Qolaversa, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi tomonidan ham 2026 yil 12 fevral kuni qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ob’ekt ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqida ruxsatnoma berilgan.
Demak, qog‘ozlarda loyiha ijobiy. Ammo bu yerda boshqa savol paydo bo‘ladi. Loyiha 2025 yil 3 fevralida ijobiy baholangan bo‘lsa, hudud aholisi manzil 2023 yilning o‘zidayoq o‘rab olinganini aytmoqda. Bu qanday bo‘lgan?
Qurilish loyihasi hali ijobiy xulosa olmagan paytda hududda qanday ishlar amalga oshirilgan?
Aholining aytishicha, bu yerda yillar davomida o‘nlab daraxtlar kesilgan. Buning oqibatida tabiatga qariyb 1 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.
“1980 yillarda katta-katta chinorlar bor edi. Bu yer yashil hudud edi. Hatto yaqin yillarda ham yam-yashil, hushmanzara joy edi. Bolalarimiz va o‘zimiz shu yerga chiqib dam olardik”, deydi mahalliy aholi.
QALAMPIR.UZ’da bu bo‘yicha aniq raqamlar va ma’lumotlar bor. Ammo bunga birozdan keyin qaytamiz. Avval bir paytlar davlatga tegishli bo‘lgan yer qanday qilib tadbirkorga o‘tib qolgani haqida gaplashamiz.
Davlat mulki qanday qilib “DONMAH-IMEX”ga o‘tdi?
Bu yerdagi bino 2000 yillar boshigacha “Karvonbakka”ga tegishli bo‘lgan. Korxona bankrot deb e’lon qilingach, bino bir muddat xalq tili bilan aytganda, Olmazor tumanining “pasport stoli”ga aylantirilgan.
QALAMPIR.UZ o‘z manbalari orqali qo‘lga kiritgan ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahar hokimining 2018 yil 12 oktyabrdagi 1474-sonli qaroriga asosan, 2019 yil 13 dekabrda hudud Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasi, 243-sonli umumta’lim muassasasi nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Keyinchalik esa Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi, Olmazor tumani 243-sonli umumta’lim maktabi va “DONMAH-IMEX” mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida 2020 yil 8 mayda investitsiya majburiyatlarini bajarish sharti bilan oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan.
Shuningdek, 2020 yil 12 mayda berilgan 17-sonli davlat orderiga asosan, mazkur hudud “DONMAH-IMEX” MCHJ nomiga 2022 yil 23 avgustda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Biroq, bu yerda eng muhim nuqta bor. Hujjatlarda “investitsiya majburiyatlarini bajarish sharti bilan” degan jumla mavjud. Lekin aynan qanday investitsiya majburiyatlari nazarda tutilgani, kompaniya davlatdan ushbu hududni olish evaziga nimalarni bajarishi kerak bo‘lgani, ushbu majburiyatlarning ijrosi kim tomonidan nazorat qilingani va bajarilmagan taqdirda qanday choralar ko‘rilishi kerakligi bo‘yicha na shahar hokimligi, na boshqa mas’ul tashkilotlar bizga aniq javob berdi.
Demak, davlat mulki xususiy kompaniya tasarrufiga o‘tgan. Ammo buning evaziga kompaniya zimmasiga qanday majburiyat yuklangan? Va eng muhimi — ular bajarilganmi? Bu savol hozircha ochiq qolmoqda.
3006 kvadrat metr yer masalasi
Kadastr hujjatiga ko‘ra, doimiy foydalanish huquqi bilan yer uchastkasining maydoni 3006 kvadrat metrni tashkil etadi. Kompaniya rahbari sifatida esa Olimov Komoliddin Zulpikarovich ko‘rsatilgan.
Bosh prokuratura bergan ma’lumotda ushbu uch shaxsning barchasi yoki ulardan qaysidir biri qo‘lga olingani hozircha ochiqlanmagan. Qiziq jihati shundaki, joriy yil 15 iyulga qadar kompaniyaning asosiy ulushdori bo‘lgan Yakubov Samuk Salixdjanovich yana bir kompaniya — “EVRODOM” MCHJning ham 58,43 foiz ulushiga egalik qiladi. Nomidan ham anglash mumkin: “EVRODOM” qurilish sohasiga ixtisoslashgan.
Yana bir e’tiborli jihat — Beruniy ko‘chasidagi bahsli qurilish markazida turgan “DONMAH-IMEX” MCHJ rahbari sifatida ko‘rsatilgan Olimov Komoliddin Zulpikarovich “EVRODOM” MCHJda ham xuddi shu lavozimni egallaydi.
Bu holatlar hali o‘z-o‘zidan biror qonunbuzarlikni anglatmaydi. Ammo aynan shu ma’lumotlar ushbu qurilish loyihasining ortida kimlar turgani va kompaniyalar o‘rtasidagi aloqalar qanday ekani haqidagi savollarni yanada dolzarb qiladi.
Hujjatlarda hammasi joyidami?
Yer o‘pirilishiga sabab bo‘lgan qurilish loyihasi pasportida keltirilgan hujjatlarga qaralsa, hammasi ijobiy. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasi, loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 2025 yil 3 fevraldagi xulosasiga ko‘ra, qurilish loyihasi 11 ta kategoriya bo‘yicha to‘liq ijobiy baholangan.
Biroq, mahalla aholisi vakillari qurilish jarayonida texnik talablar buzilgani, loyihada belgilangan hududdan ko‘ra ko‘proq yer egallab olingani haqida e’tiroz bildirmoqda.
Agar bu da’volar tasdiqlansa, unda yana bir muhim savol paydo bo‘ladi: Kompaniya o‘ziga tegishli yoki foydalanish huquqi berilgan 3006 kvadrat metrdan tashqariga chiqqanmi? Agar chiqqan bo‘lsa, bunga kim ruxsat bergan? Ruxsat berilmagan bo‘lsa, nazorat qiluvchi idoralar buni qachon aniqlagan?
Mahalla raisining so‘zlariga ko‘ra, u raislikka saylangunga qadar barcha hujjatlar allaqachon rasmiylashtirib bo‘lingan. Rais hujjatlar bilan tanishmoqchi bo‘lganda, mahalla raisini quruvchi-tadbirkorlar xatlab o‘tib, hech qanday hujjat taqdim etmagan.
Shundan so‘ng, Toshkent shahar qurilish sohasidagi hududiy nazorat inspeksiyasi xodimidan izoh olishga harakat qildik. Xodimning so‘zlariga ko‘ra, hozirda o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Tayinli javob ololmagach, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasi matbuot xizmatidan izoh so‘radik. Ular quyidagicha javob berdi:
“Hozir o‘rganish ishlari davom etmoqda. Kotlovan qazish jarayonida buyurtmachining, texnik loyihachining, mualliflik pudratchining ichki nazoratchilari faoliyati hamda loyiha hujjatlari ishchi guruh tomonidan o‘rganilmoqda. Uning yakunlariga ko‘ra rasmiy ma’lumot beriladi”.
Ha, matbuot xizmati mana shunday “hamma narsa haqida hech narsa” qabilidagi rasmiy ma’lumot berdi. Jamoatchilik kutayotgan savollar bundan ancha aniq. Qurilish boshlanishidan oldin hudud tekshirilganmi? Kotlovan qazish jarayonida xavfsizlik talablariga amal qilinganmi? Loyihada belgilangan maydon buzilmaganmi? Ichki nazorat tizimi ishlaganmi? Va agar ishlagan bo‘lsa, nega falokat yuz berdi? Bu savollarga tergov va maxsus komissiya xulosasi oydinlik kiritishi kerak.
800 million so‘mlik daraxtlar masalasi
Endi yuqorida aytganimiz — hududda qurilish kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan daraxtkushlik haqida gapiramiz. Mazkur hududda poytaxt Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hamda Ekologiya xodimlari tomonidan olib borilgan o‘rganishlar davomida ushbu qurilish ob’ektida ekologiya qonunchiligi talablari ketma-ket buzilgani aniqlangan.
Jumladan, 2025 yil 16 aprel kuni hududdagi 2 tup chinor daraxti belgilangan tartibdagi ruxsatnomalarsiz boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazilgani aniqlangan.
Sud qaroriga asosan huquqbuzarga 24,7 million so‘m jarima hamda 6,6 million so‘m miqdorida tabiatga yetkazilgan zarar belgilangan. Oradan ko‘p o‘tmay, 2025 yil 24 aprel kuni o‘tkazilgan nazorat tadbirida 14 tup chinor daraxti noqonuniy ravishda ko‘chirib o‘tkazilgani oqibatida shikastlangani aniqlangan. Sud qaroriga muvofiq 9,3 million so‘m jarima hamda 42 million so‘m miqdorida zarar undirilgan. Voqea shu bilan tugamagan.
2025 yil 17 dekabr kuni mazkur qurilish maydonida 6 tup chinor, 3 tup archa va 1 tup sofora daraxti noqonuniy kesilgani aniqlangan. Buning oqibatida tabiatga 605 million so‘m miqdorida zarar yetkazilgani belgilangan. To‘plangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga yuborilgan.
Shuningdek, yetkazilgan zarar summasini huquqbuzar MCHJdan undirish yuzasidan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan tegishli qaror qabul qilingan. Biroq bugungi kunga qadar mazkur zarar qoplanmagan.
Shu sababli sud qarorini majburiy tartibda ijro etish uchun hujjatlar Majburiy ijro byurosiga yuborilgan. Ammo qurilish kompaniyasi shunda ham yetarli xulosa chiqarmagan ko‘rinadi.
2026 yil 13 iyul kuni o‘tkazilgan navbatdagi o‘rganishda yana 3 tup chinor daraxti tag qismidan noqonuniy kesib tashlangani aniqlangan.Huquqbuzarga nisbatan 10,3 million so‘m jarima hamda 218,3 million so‘m miqdorida zarar qo‘llash yuzasidan sudga da’vo arizasi kiritilgan.
Shu o‘rinda qator savol tug‘iladi: Bu kompaniya vakillari navbatdagi “blatnoy”larmi? Nega shuncha daraxtning kesilishi, noqonuniy ko‘chirilishi va tabiatga yetkazilgan yuzlab million so‘mlik zarar boshqa holatlardagidek shov-shuv bo‘lmadi? Nima uchun jarima va zarar undirish bo‘yicha sud qarori mavjud bo‘la turib, keyinchalik yana daraxt kesilgan?
Umuman, bir necha marotaba ekologik qonunchilikni buzgan kompaniya faoliyati ustidan nazorat qanday olib borilgan? Manzilda umumiy hisobda 800 million so‘mlik zarar yetkazilgan 13 tup daraxt kesib tashlangan va 16 tup chinor noqonuniy ko‘chirilib, ularga shikast yetkazilgan. Bular oddiy raqam emas–bu shahar ekologiyasi. Bu esa davlat tomonidan himoyalanishi kerak bo‘lgan yashil hudud.
Moratoriy bor edi. Ammo daraxtlar nega kesildi?
Vaholanki, bunday vaziyatlarning oldini olish uchun davlat darajasida qator farmon va qonunlar qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan O‘zbekistonda daraxt kesishga muddatsiz moratoriy e’lon qilingan. Ushbu qurilish kompaniyasi bunga amal qilmagan.
Qolaversa, ekologik muammolar ko‘paygani ortidan bu sohaga alohida e’tibor berilib, 2025 yil 19 noyabr kuni “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni qabul qilingan.
Unga ko‘ra, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqarilib, uning negizida amaldagi shtat birliklari saqlangan holda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etilgan.
Ya’ni ekologiya, daraxtlar va atrof-muhit masalasiga davlat darajasida e’tibor kuchaytirilgan bir davrda Olmazor tumani Beruniy ko‘chasida aynan daraxtlarning kesilishi va o‘zboshimchalik bilan ko‘chirilishi holatlari qayd etilgan.
Jarimalarni to‘lab qo‘yib, yana bilganimizcha kesaveramiz, degan qarash bilan harakat qilinganmi? Yoki kimdir bu kompaniyaga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilmasligiga ishonganmi? Jarima huquqbuzarlikni to‘xtatish vositasimi yoki shunchaki “ish xarajati”ga aylanib qolganmi? Savollar ko‘p. Javoblar esa hozircha aniq emas.
Falokatdan keyin maxsus komissiya tuzildi. Ammo “kattalar” qayerda?
Hududda kuzatilgan fojiadan keyin vaziyat Toshkent shahar hokimining nazoratiga olingan.
Hokim topshirig‘iga binoan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasini nazorat qilish inspeksiyasi, prokuratura organlari, Olmazor tumani hokimligi hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirokida tezkor maxsus komissiya tuzilgan.
QALAMPIR.UZ voqea joyiga borganida ishchi guruh a’zolarining bir nechtasini ko‘rdi. Ammo ular kichik xodim ekanini, intervyu bera olmasligini bildirdi. Ularning ta’biri bilan aytganda, “kattalarni topishning imkoni bo‘lmadi”. Bu holat ham o‘z-o‘zidan savol uyg‘otadi.
Agar vaziyat shahar hokimining nazoratida bo‘lsa, maxsus komissiya tuzilgan bo‘lsa, qurilish, prokuratura, Favqulodda vaziyatlar va hokimlik vakillari jarayonni o‘rganayotgan bo‘lsa — nega jamoatchilikka tushuntirish beradigan mas’ul shaxsni topish shunchalik qiyin?
Beruniy ko‘chasidagi voqea oddiy bir qurilishdagi baxtsiz hodisa sifatida qaraladigan masaladan ancha kattaroq. Chunki bu yerda bir vaqtning o‘zida bir nechta savol tug‘ilmoqda.
Birinchisi — qurilishning o‘zi. Loyiha hujjatlari ijobiy xulosa olgan. Qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun ruxsatnoma berilgan. Ammo amaldagi jarayonda xavfsizlik talablari buzilganmi yoki yo‘qmi — buni tergov va maxsus komissiya aniqlashi kerak.
Ikkinchisi — yer masalasi. Bir paytlar davlat tasarrufida bo‘lgan hudud investitsiya majburiyatlarini bajarish sharti bilan xususiy kompaniyaga o‘tgan. Ammo ushbu majburiyatlarning mazmuni va ijrosi jamoatchilikka aniq tushuntirilmagan.
Uchinchisi — yer maydoni. Kadastr bo‘yicha 3006 kvadrat metr yer mavjud. Aholi esa qurilish vaqtida bundan kattaroq hudud egallab olinganini aytmoqda. Bu da’voga huquqiy baho berilishi kerak.
To‘rtinchisi — daraxtlar. 13 tup daraxt kesilgan, 16 tup chinor noqonuniy ko‘chirilib, shikastlangan. Tabiatga yetkazilgan zarar yuzlab million so‘mga baholangan. Sud qarorlari ham bor. Shunga qaramay, yangi daraxt kesilishi holati qayd etilgan.
Beshinchisi — nazorat. Agar ob’ektga barcha tegishli ruxsatnomalar berilgan bo‘lsa, unda qurilish jarayonini kim va qanday nazorat qilgan? Nazorat amalga oshirilgan bo‘lsa, nega ekologik qonunchilikning ketma-ket buzilishlari o‘z vaqtida to‘xtatilmagan?
Va nihoyat, oltinchi savol — javobgarlik. Bugun mazkur voqea bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum. Bir kishi jarohatlangan. Tergov davom etmoqda.
Hozircha bu savollarning barchasiga to‘liq javob yo‘q. Bu voqea hujjatlardagi “ijobiy xulosa” bilan real hayotdagi vaziyat o‘rtasidagi tafovutni, davlat mulkining xususiy sektorga o‘tishi jarayonidagi shaffoflikni, qurilish ustidan nazoratni va eng muhimi, daraxtlar muhofazasi bo‘yicha amaldagi talablarning qanchalik ishlayotganini yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi.
Voqea tafsilotlari bilan batafsil tanishish uchun QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasi orqali ushbu videoni tomosha qiling.
Live
Barchasi