Faoliyatini to‘xtatgan “Yurak amri”, Qudratxo‘jaga meros qolgan qarzlar, YeIni sudga bergan Usmonov... hafta dayjesti

Tahlil

Yakuniga yetib borayotgan haftada O‘zbekiston va xorijiy davlatlarda ko‘plab muhim va keng jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lgan voqealar yuz berdi. Sardor Rahimxon boshchiligidagi “Yurak amri” xayriya jamoat fondi faoliyatini to‘xtatishi, Firdavs Abduxoliqov asos solgan Assotsiatsiya o‘zining yangi raisi Sherzod Qudratxo‘jaga qariyb 3 milliard qarz bilan meros qolgani, Alisher Usmonov YeIni sudga bergani shular jumlasidandir.

Hafta davomida sodir bo‘lgan eng muhim voqealar tafsiloti bilan QALAMPIR.UZʼda tanishing.

Putin 9 mayda Ukrainaga rasman urush e’lon qilishi mumkin — CNN

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 9 maydayoq Ukrainaga rasman urush e’lon qilishi mumkin. Bu haqda CNN amerikalik va g‘arblik amaldorlarga tayanib xabar berdi. 

Rasmiylar bitta ssenariyni muhokama qila boshladilar, ya’ni Putin 9 may kuni Ukrainaga rasman urush e’lon qiladi. Hozirda Rossiya rasmiylari mojaro shunchaki “denatsifikatsiya” maqsadida amalga oshirilgan “maxsus harbiy operatsiya” ekanini ta’kidlagan.

O‘zbekiston so‘z erkinligi “bo‘g‘ilgan” davlatlar qatoridan chiqdi

“Chegarasiz reportyorlar” xalqaro nohukumat tashkiloti So‘z erkinligi indeksining 2022 yilgi reytingini e’lon qildi. Reytingga 180 davlat so‘z erkinligi darajasi bo‘yicha yaxshi, qoniqarli, muammoli, murakkab va juda jiddiy toifalarga bo‘lingan.

O‘zbekiston reytingda o‘z ko‘rsatkichlarini birdan 24 pozitsiyaga yaxshilab, 157-o‘rindan 133-o‘ringa ko‘tarildi. O‘zbekiston global reytingda 45,74 ball to‘plagan. Shu tariqa O‘zbekiston so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat juda jiddiy bo‘lgan davlatlar qatoridan chiqqan va murakkab mamlakatlar qatoriga qo‘shilgan.

O‘zbekistonlik shaxmatchi qiz jahon chempioni bo‘ldi

Gretsiyaning Rodos shahrida rapid va blits yo‘nalishi bo‘yicha FIDE 2022-yilgi yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati yakunlandi.

Rapid yo‘nalishida O‘zbekiston vakili Umida Omonova oltin medalni qo‘lga kiritdi. U blits yo‘nalishida ham 9 ta imkoniyatdan 8,5 ball to‘plab birinchi o‘rinni egalladi.

Shu tariqa, Gretsiyada Umida Omonova “16 yoshgacha bo‘lgan qizlar” guruhida ikki yo‘nalish, ya’ni rapid va blits bo‘yicha chempion bo‘ldi.

O‘zbekistonlik chegarachi Afg‘oniston bilan chegaradagi otishmada o‘ldirildimi? TIV bayonot berdi

Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 4 may kuni o‘zbek-afg‘on chegarasida otishma sodir bo‘lgani va uning oqibatida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi.

Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, tarqatilgan xabarlar umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Chegarada vaziyat osoyishtaligicha qolmoqda, janubiy sarhadlarni qo‘riqlash odatdagi tartibda olib borilmoqda.

Rasman: Sardor Rahimxonning “Yurak amri” fondi faoliyatini to‘xtatdi

“Yurak amri” xayriya jamoat fondi raisi, 60 kabutar, 25+ kabi loyihalar muallifi, sobiq xonanda Sardor Rahimxon “Yurak amri” fondi faoliyati tugatilganini e’lon qildi.

Tan olish kerak shaxsan men o‘zim ham, jamoamiz ham bunday katta ko‘lamga tayyor emasdik. Tayyor emas ekanmiz! Ayniqsa, minglab insonlarning omonatlari, ehsonlari haqida gap ketganda, bizni ham jismoniy, ham ruhiy imkoniyatlarimiz yetishmasligini his qildik. Shu sabab katta xatolarning oldini olish maqsadida yurtimiz, aziz xalqimiz, yurtboshimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lsin degan maqsadda vaqtinchalik faoliyatimizni to‘xtatishga qaror qildik. Ya’ni yanada kuchga to‘lish, xatolarimizni isloh qilish, rasmiy faoliyatga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida mana shunday qarorga keldik.

Eslatib o‘tamiz, Sardor Rahimxon boshchiligidagi “Yurak amri” xayriya jamoat fondi tomonidan Bo‘ka tumanida qurib bitkazilgan 30 ta xonadan kam ta’minlangan oilalarga barcha sharoitlar – uy jihozlari, mebellar, maishiy texnikalar bilan topshirilgan edi. QALAMPIR.UZ ushbu uylar bilan tanishib, Sardor Rahimxondan intervyu olishga muvaffaq bo‘lgandi. Eksklyuziv suhbatda fond rahbari o‘ziga nisbatan fitna va tuhmatlar borligiga ham sha’ma qilgandi.

Abduxoliqovdan qarzdan boshqa nima qoldi? 

O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assotsiatsiyasi nomi O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasiga o‘zgartirildi. Shuningdek, Assotsiatsiyaning yangi Nizomi tasdiqlandi.

Assotsiatsiya yangi raisining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning taniqli mediamagnati Firdavs Abduxoliqov asos solgan va 19 yil rahbarlik qilib kelgan O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi o‘zining yangi raisi Sherzodxon Qudratxo‘jaga qariyb 3 mlrd so‘m qarz bilan meros qolgan. Qudratxo‘jaga a’zolarga qarzni to‘lashni va’da qildi va qarzni undirish maqsadida sudga murojaat qilmaganlari uchun rahmat aytdi.

Alisher Usmonov YeIni sudga berdi

Asli kelib chiqishi o‘zbek bo‘lgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonov Yevropa Ittifoqining sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilganiga norozilik bildirib, Yevropa sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qildi. 

Qayd etilishicha, Alisher Usmonovning Yevropa Ittifoqiga qarshi da’vosi asosida 29 aprel kuni ish qo‘zg‘atilgan. Da’vogar Kengashning unga nisbatan cheklov choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi qarorini bekor qilishni va sud qarori chiqarilgunga qadar taqiqlovchi choralarni qo‘llashni to‘xtatib turishni talab qilmoqda.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida nima bo‘ldi?

Joriy yilning 5 may kuni O‘zbekiston chegarachilari Qirg‘iziston bilan chegarada ushbu davlatning uch nafar fuqarosini o‘tochar qurol bilan jarohatlagani, oqibatda ular vafot etgani haqida xabar berildi.   

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining rasmiy bayonotiga ko‘ra, joriy yilning 5 may kuni o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasining Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani Oqtom qishlog‘i hududidan o‘tgan qismida bir guruh noma’lum shaxslar O‘zbekistondan Qirg‘izistonga  noqonuniy ravishda ko‘p miqdordagi tovar-moddiy boyliklarini olib o‘tayotgani aniqlangan. O‘zbek chegara naryadlari tomonidan ushbu qonunbuzarlikni oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rgan.

Chegara naryadi tomonidan Davlat chegarasi buzg‘unchilarini qo‘lga olish vaqtida, qoidabuzarlarning bir guruhi harbiy xizmatchilarga nisbatan qarshilik ko‘rsatib, kuch ishlatib, tan jarohatlari yetkazgan va qurollarni olib qo‘yishga harakat qilgan.
Ushbu holatda harbiy xizmatchilar qonunchilikda belgilangan tartibda qurol qo‘llashga majbur bo‘lgan. Natijada, 3 nafar shaxs yaralanib, ularning jinoiy sheriklari tomonidan Qirg‘iziston hududiga olib ketilgan.

Hodisa tafsilotlarini aniqlash maqsadida, 5 may kuni zudlik bilan O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasining hudud bo‘yicha chegara vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilgan. Shuningdek, 6 may kuni Farg‘ona vodiysi yo‘nalishi bo‘yicha  va Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati bo‘yicha chegara vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tgan.

Ta’kidlanishicha, hozirda har ikki tomon holat bo‘yicha tekshiruvlarni davom ettirmoqda, chegarada vaziyat barqaror.

O‘zbekistonda jurnalistlarga to‘sqinlik va tazyiq uchun javobgarlik kuchaytirilishi kutilmoqda

O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish, senzura o‘rnatish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish, kabi harakatlar sodir etilgani uchun javobgarlik kuchaytiriladi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi raisi o‘rinbosari – Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov 4 may kuni bo‘lib o‘tgan “Oltin qalam” XVI Milliy mukofoti xalqaro tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimidagi nutqida so‘z ochdi.

Prezident Matbuot kotibi ommaviy axborot vositalari faoliyati kafolatlarini kuchaytirish, ularning jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini oshirish, OAVni qo‘llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirishga doir qonun va qonunosti hujjatlar tayyorlanayotganini ma’lum qildi. 

“Amaldagi qonunchilikda davlat organlari va tashkilotlarning mansabdor shaxslari tomonidan ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish, senzura o‘rnatish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish kabi harakatlar sodir etilgani uchun javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha bugun kerakli ishlar boshlangan”, deydi Asadov.

U so‘zi so‘nggida qaysi mamlakatda matbuot erkin va kuchli bo‘lsa, o‘sha yerda islohotlar bardavom bo‘lishini urg‘uladi.

QALAMPIR.UZ xodimlari “Oltin qalam” sovrindori bo‘ldi

4 may kuni XVI “Oltin qalam” Milliy mukofoti xalqaro tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda ko‘plab jurnalistlar qatorida QALAMPIR.UZ xodimlari ham taqdirlandi. Xususan QALAMPIR.UZ Bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinova “Ozarbayjonning Shusha shahri haqida eng yaxshi material uchun” nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 

Qolaversa,  Nozima Nazirova  “O‘zbekiston-Turkiya diplomatik aloqalari haqidagi eng yaxshi material uchun” nominatsiyasida g‘oliblar safidan joy oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

54

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing