Firdavs Abduxoliqovdan Qudratxo‘jaga qariyb 3 milliard qarz meros qoldi

Jamiyat

O‘zbekistonning taniqli mediamagnati Firdavs Abduxoliqov asos solgan va 19 yil rahbarlik qilib kelgan O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi o‘zining yangi raisi Sherzodxon Qudratxo‘jaga qariyb 3 mlrd so‘m qarz bilan meros qolgan. Bu haqda kecha, 4 may kuni Assotsiatsiyaning “Birlashish nuqtasi” nomi ostida o‘tkazilgan I milliy media anjumanida so‘z ochildi, deya QALAMPIR.UZ muxbiri xabar bermoqda. 

“Men yaxshi bilaman va bu ishga kelgan kunimdan buyon shu bilan shug‘ullanyapman: Elektron ommaviy axborot  vositalari milliy assotsiatsiyasining o‘z a’zolaridan, ya’ni sizlardan qarzi bor. Bu qarzning miqdori 2 mlrd 700 million so‘m”, deydi Sherzodxon Qudratxo‘ja Assotsiatsiya a’zolariga yuzlanib. 

Rais qarzdorlikning ob’ektiv va sub’ektiv sabablariga ham to‘xtaldi.  

“Hozir bu haqda qisqacha ma’lum qilaman. Biz bugun yangi Iqtisodiy rivojlanish konsepsiyasini ishlab chiqyapmiz. O‘sha paytda biz tuzgan shartnomalar biroz noto‘g‘ri tuzilgan. Bizga homiylik qilib berilmagan, “xizmat ko‘rsatish” deb berilgan. Ko‘pchiligini bizga, shaxsan menga yopish qiyin bo‘lyapti. Chunki bizdan “otrabotka”, “schet faktura” so‘raydi. Biz unaqasiga ham, bunaqasiga ham yopolmaymiz. Vazirlik, tashkilotlar ham belgilangan summadan bor-yo‘g‘i 53 foizini tushirishgan, qolgan pul tushmagan. Lekin men bilaman, sizlar [bu pullardan belgilangan] oyliklarni berib, soliqni to‘lab, xarajat qilib bo‘lgansizlar. Shuning uchun menga ozgina vaqt berasizlar, men bu raqamlarni joyiga qo‘yaman”, deya Assotsiatsiya a’zolaridan qarz uchun muhlat so‘radi Qudratxo‘ja. 

U so‘zida davom etarkan, Assotsiatsiyaga eski rahbariyat davrida keraksiz texnikalar olinganini aytdi. Endilikda ushbu texnikalar Firdavs Abduxoliqov rahbarligidagi “O‘zbekkino” milliy agentligiga sotilyapti. 

“Mol-mulkimizda keraksiz narsalar bor ekan. Shularni sotuvga qo‘ydim. Bizda saylov payti olingan juda katta miqdorda ekranlar bor. Ularni sotyapmiz, “O‘zbekkino” sotib olyapti. Ishlatilgan “dorojka”lar, ba’zi texnikalar bor. Ochig‘i, menga shularni sizlarga berish orqali qarzdan qutilish taklifi bo‘ldi. Yo‘q, men ularga ishlatilgan “dorojka”, monoblog bermayman, pulini beraman dedim”, deydi qarzlari bilan meros qolgan Assotsiatsiyaning vorisi. 

U so‘zi so‘ngida nodavlat teleradiokompaniyalar rahbarlariga qarzni undirish uchun sudga murojaat qilmaganlari uchun rahmat aytdi. 

Eslatib o‘tamiz, ushbu anjumanda O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari Milliy assotsiatsiyasi nomi O‘zbekiston Milliy media assotsiyasiga o‘zgartirildi.

Shuningdek, anjumanda Assosiatsiyaning yangi tarkibi tayinlandi. Unga ko‘ra, Boshqaruvi raisining o‘rinbosari Abrorjon Po‘latov Bosh direktor, Abdulaziz Abutalipov Bosh direktor birinchi o‘rinbosari, Ulug‘bek Ahmedov Bosh direktorning umumiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari, Nigora Xo‘jayeva Bosh direktorning ijodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlariga tasdiqlandi. 

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Milliy Media Assotsiatsiyasining 2022 yilga mo‘ljallangan “Birlashish nuqtasi - Renessans” nomli media-dasturi qabul qilindi.

Ma’lumot uchun, Assotsiatsiya respublikadagi nodavlat teleradiokanallar, kabel televideniyesi studiyalarini qamrab olgan eng yirik nodavlat-notijorat media tashkiloti hisoblanadi. Bugungi kunda u 18 ta nodavlat telekanal, 19 ta radiokanal, O‘zbekiston kabel televideniyesiga a’zo bo‘lgan 100 ta elektron OAV (shundan 52 tasi xorijiy kanallar)ni o‘z ichiga oladi.

Ma’lumot uchun, ushbu tashkilotga 2003 yilda O‘zbekistonning taniqli mediamagnati, "Darakchi", "So‘g‘diyona" gazetalari, NTT, STV telekanallari va "Poytaxt" radiosi rahbari Firdavs Abduxoliqov tomonidan asos solingan edi. Abduxoliqov o‘ziga tegishli "Sevimli" telekanalida efirga uzatilgan "Sabriya" seriali bilan bog‘liq mashmashalar ortidan Assotsiatsiya raisligidan ketdi


Maqola muallifi

Teglar

Firdavs Abduxoliqov Sherzod Qudratxo'ja

Baholaganlar

205

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing