JOKU talabalarida koronavirus aniqlandi. Yotoqxonalarga kirish-chiqish to‘xtatildi
Jamiyat
−
10 aprel 2021
9285O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining ayrim talabalarida koronavirus aniqlandi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, 9 apreldan 10 aprelga o‘tar kechasi JOKUning 7 nafar talabasida koronavirus aniqlangan. Ular Zangiotadagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Yotoqxonalarga esa kirish-chiqish to‘xtatilgan.
JOKU rektori Sherzod Qudratxo‘janing ta’kidlashicha, COVID-19 ga chalingan talabalarning asosiy qismini qizlar tashkil etmoqda.
Sherzod Qudratxo‘ja talabalardan xavotirga va tushkunlikka tushmaslikni so‘rab, o‘zi boshchiligida rektor o‘rinbosarlari, dekanlar va o‘qituvchilar talabalarning ahvolidan xabardor bo‘lib turishi, ularning tezroq davolinishiga sharoit yaratilishini, yotoqxonada yashayotgan talabalar tashqariga chiqmagan holda oziq-ovqat bilan ta’minlab borilishini va’da qilgan.
Ayni vaqtda JOKU rektorati va fakultetlar dekanatlari quyidagilarni amalga oshirayotgani xabar qilinmoqda:
• erta monitoring va tashxis o‘tkazish,
• aniqlangan xollarda zudlik bilan kontingentdan ajratish va cho‘zmay davolanishga joylashtirish,
• O‘zJoku o‘quv xonalari va My sweet home’da SES talablari doirasida tozalash va profilaktika ishlarini amalga oshirish.
“Sizlardan iltimos va talabki, mazangiz bo‘lmasa, haroratingiz ko‘tarilsa, betoblikning boshqa alomatlari, masalan ta’m sezmaslik, tomoq va burun yo‘llari qichishi, yo‘talish ko‘paysa, darhol murabbiy, tibbiyot punktidagi Eldorbekka, dekanatingiz, prorektor v.b. Ravshan Raimjonovga murojaat qiling.
Alloh barchamizni o‘z panoxida asrasin, betoblar tezroq shifoyi komil topishsin! Iltimos, karantin talablariga rioya qiling, niqobsiz yurmang, qo‘lni toza tuting. Sizlarni judayam yaxshi ko‘ruvchi va mustahkam sog‘liq tilab qoluvchi Sherzodxon Qudratxo‘ja”, deb yozadi rektor talabalarga yo‘llagan murojaatida.
Ayni vaqtda ijtimoiy tarmoqlar va ayrim saytlarda JOKUning karantinga yopilgani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq, rektor ushbu ma’lumotlarni rad etmoqda. OTM karantinga olingudek bo‘lsa, bu haqida rasmiy xabar berilishi aytilmoqda.
LiveBarchasi