“Oltin qalam” uchun ovoz berishdagi “maxinatsiya” fosh bo‘ldi

Jamiyat

Joriy yilning 21 mart kuni O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan an’anaviy xalqaro tanlov “Oltin qalam – XVI” milliy mukofoti uchun hujjatlar qabuli boshlangani e’lon qilindi.

Hozirgi kunga qadar tanlovga 435 nafar ishtirokchi 5 000 ga yaqin ijodiy ishlarini topshirgan. Har bir ishtirokchi haqidagi ma’lumotlar uyushmaning rasmiy sahifasiga joylangan. Saytga kirib jurnalistning ijodiy ishlari bilan tanishish va ovoz berish imkoni ham mavjud.

Uyushma raisi Olimjon O‘sarovga ko‘ra, hakamlar barcha yo‘nalish bo‘yicha kelib tushgan ijodiy ishlarni ko‘rib chiqishadi. Shu bilan birga Jurnalistlar ijodiy uyushmasining rasmiy saytida to‘plangan ovozlar qo‘shilib, natijalar e’lon qilinadi.

Hakamlar barcha ijodiy ishlarni yopiq eshiklar ortida ko‘rib chiqishadi. Lekin uyushma saytida onlayn to‘planayotgan ovozlar haqida ma’lumotlarni kuzatib borish imkoni mavjud. Saytdagi natijalarga qaraydigan bo‘lsak, hozirgacha 10 mingdan ortiq ovoz to‘plagan yoki sanoqli ovoz olganlar ham borligini ko‘ramiz. Aftidan, onlayn ovoz olishni bilmaydiganlar ham bor.

O‘z-o‘zidan bir savol paydo bo‘ladi. Saytda ovoz berish jarayoni haqqoniymi? Shu savolga javob olish uchun IT mutaxassisga yuzlandik.

“Jurnalistlar ijodiy uyushmasining rasmiy saytida sun’iy ovoz ko‘paytirish yo‘llari yopilmagan. Bitta odam ishlatayotgan brauzeridan bir necha o‘n mingtagacha ovoz berishi mumkin. Sayt ovoz bergan mijozni “cookie”da saqlab qoladi. Lekin “cookie”dan  o‘z ma’lumotini o‘chirsa, qayta ovoz berish imkoni paydo bo‘ladi. Shu tariqa bir necha marotaba ovoz berish mumkin. Bu holatda ovozlarni sun’iy oshirish juda ham oson”, deydi mutaxassis.  

E’tibor bersangiz sayt test rejimida ishlamoqda. Shunga qaramay uyushma ovozlar inobatga olinishini aytib o‘tgan. Tashkilot saytdagi ovozlarni sun’iy ko‘paytirish mumkinligini tekshirganmi yoki yo‘q, bunisi bizga qorong‘u. Shu o‘rinda qayd etish joiz, QALAMPIR.UZ jurnalisti ham “Oltin qalam” – XVI” milliy mukofoti uchun hujjatlarni topshirgan. Natija haqida hech qanday ma’lumotimiz yo‘q. Lekin, saytdagi xatolikka ko‘z yuma olmadik.  

Eslatib o‘tamiz, tanlovda quyidagi asosiy nominatsiyalar bo‘yicha ishtirok etish mumkin:

•    Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (televideniye – 1-, 2-, 3-o‘rinlar); 
•    Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (radio – 1-, 2-, 3-o‘rinlar); 

•    Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (bosma OAV – 1-, 2-, 3-o‘rinlar); 

•    Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (internet-jurnalistika – 1-, 2-, 3-o‘rinlar);

•    Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun – 1 ta birinchi o‘rin, 4 ta ikkinchi o‘rin (bosma OAV, TV, radio, internet).

Tanlov g‘oliblari quyidagi tartibda taqidarlanadi:

Birinchi o‘rin uchun – diplom, "Oltin qalam" ko‘krak nishoni, statuetka va BHMning 160 barobari miqdorida (ya’ni 43 200 000 so‘m) pul mukofoti;
Ikkinchi o‘rin uchun – diplom, "Oltin qalam" ko‘krak nishoni, statuetka va BHMning 140 barobari miqdorida (ya’ni 37 800 000 so‘m) pul mukofoti.
Uchinchi o‘rin uchun – diplom, "Oltin qalam" ko‘krak nishoni, statuetka va BHMning 120 barobari miqdorida (ya’ni 32 400 000 so‘m) pul mukofoti.

Shu bilan birga:

•    “Inson qadrini ulug‘lashga bag‘ishlangan eng yaxshi materiallari uchun”; 

•    “Mahalla, oila va gender tenglik mavzusi eng yaxshi yoritilgan materiallari uchun”;

•    “O‘zbekiston tarixi yoritilgan eng yaxshi material uchun”; 

•    “OAV bilan eng faol hamkor axborot xizmati”; 

•    “Eng yaxshi fotoreportaj” rag‘batlantiruvchi nominatsiyalari bo‘yicha “Oltin qalam” statuetkasi va BHMning 50 barobari miqdorida (ya’ni 13 500 000 so‘m) pul mukofoti belgilangan. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Oltin qalam

Baholaganlar

197

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing