Ma’lumot yo‘qmi yoki tekshirilyaptimi? Milliy gvardiya qo‘mondoni Olmazordagi majburiy mehnat haqida nima deydi?
Jamiyat
−
27 aprel 2022
11576Xabaringiz bor, 21 aprel kuni “Kostyum-shim kiygan obodonlashtirish xodimlari yoxud Olmazorda majburiy mehnat an’anaga aylandimi? Norboyeva qayerdasiz?” nomli jurnalistik surishtiruv e’lon qilingan edi. Unda 20 aprel kuni Olmazor tumani, Qora-qamish 2/4 dahasida oq ko‘ylak, qora shim (forma) kiygan bir guruh yigitlar qo‘llarida chelak, “lopatka” ko‘tarib hududni tozalayotgani, majburiy mehnatga jalb qilingani haqida so‘z borgandi.
Oradan deyarli bir hafta vaqt o‘tdi. Na Milliy Gvardiya na Olmazor hokimiyati yoki talabalarni majburiy mehnatga jalb qilgan Jamoat xavfsizligi universitetidan sado chiqdi. Yoki ular javob berishga jiddiy tayyorlanishayapti yoki sukut alomati rizo… Bu orada Senat raisi – Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi raisi Tanzila Norboyevaga QALAMPIR.UZ tomonidan e’lon qilingan “qidiruv” ham kun o‘tgan sayin o‘z kuchini yo‘qotmay kelmoqda. Haqiqatan ham Norboyeva, qayerdasiz?
Kecha, 26 aprel kuni Senatda o‘tgan yig‘ilishda QALAMPIR.UZ jurnalisti Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor Rustam Jo‘rayevni uchratdi va paytdan foydalanib, undan QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan majburiy mehnat bilan bog‘liq holatdan xabari bor yo yo‘qligini so‘radi. Qo‘mondonning javobi esa har qanday kishini taajjubga solsa, ajab emas.
Feruza Najmiddinova, jurnalist: — Jamoat xavfsizligi universiteti talabalarini ikki marta majburiy mehnatga jalb qilingani haqida video e’lon qilingan edi. Bu haqda xabaringiz bormi va qanday munosabatdasiz?
Rustam Jo‘rayev, Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor: — Majburiy mehnat bo‘yicha menda bunday ma’lumotlar yo‘q, (!) lekin biz hozir o‘sha murojaatdan keyin tekshiruv o‘tkazyapmiz, hali oxiriga yetganimiz yo‘q. Xulosa qilganimizdan keyin sizlarga, albatta, axborot beramiz.
F.N.: — Demak talabalarni majburiy mehnatga jalb qilingani haqida sizda xabar bor?
R.J.: — Yo‘q. Unaqa xabar yo‘q. Hech qachon majburiy mehnatga kursantlar joriy [jalb] qilinmaydi. Hech qachon!
F.N.: — Lekin bu QALAMPIR.UZ’da e’lon qilindi.
R.J.: — E’lon qilgan bo‘lsa ham QALAMPIR, bu QALAMPIR’ning fikri, biz buni tekshiraylik, sizlarga javob beramiz. Yaxshimi?
F.N.: — Videoni ko‘rsangiz, ular ham aytishgan talaba ekanliklarini.
R.J.: — Mayli, tekshiruv o‘tkazib, sizlarga javob beramiz.
Agar yuqoridagi suhbatni diqqat bilan o‘qigan bo‘lsangiz, gap avvalida Rustam Jo‘rayev “majburiy mehnat bo‘yicha menda bunday ma’lumotlar yo‘q”, deb QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan maqolani nazarda tutdi. Agar unda majburiy mehnat holati bo‘yicha ma’lumot bo‘lmasa, qiziq, nimani tekshirishyapti? Tekshiruv o‘tkazilayotgani rostmi yo bu OAV uchun “dejurniy” javobmi? Har ne bo‘lganda ham biz generaldan xolis va haqqoniy tekshiruv o‘tkazilishini nazoratiga olishini, talabalarni majburiy mehnatga jalb qilinganlar jazolanishini so‘rab qolamiz.
Shuningdek, QALAMPIR.UZ’da majburiy mehnat sodir bo‘lganini tasdiqlovchi boshqa dalillar ham borligini eslatib o‘tamiz.
Eslatib o‘tamiz, QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingan“Kostyum-shim kiygan obodonlashtirish xodimlari yoxud Olmazorda majburiy mehnat an’anaga aylandimi? Norboyeva qayerdasiz?” nomli maqola ortidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi holatga rasmiy munosabat bildirib, Toshkent shahar Davlat mehnat inspeksiyasi ushbu holatni o‘z nazoratiga olgani va o‘rganish natijalari haqida qo‘shimcha axborot berilishini malum qildi.
20 aprel kuni Olmazorda sodir bo‘lgan holat majburiy mehnat bilan bog‘liq ilk fakt emas. 7 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Olmazor tumani Forobiy ko‘chasida joylashgan mahallalardan biriga keldi. Prezident tashrifi oldidan ushbu hududda ish qizg‘in edi. Tuman hokimi boshchiligida Jamoat xavfsizligi universiteti talabalari majburiy mehnatga jalb qilindi. Bu haqda QALAMPIR.UZ tezkor xabar berganiga qaramay, hech qanday chora ko‘rilmadi. Jamoat xavfsizligi universiteti esa Olmazor tumani hokimligi va universitet o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani haqida mujmal bayonot berdi.
LiveBarchasi