Xitoyning ikki muhim qo‘mondoni armiya va partiyadan haydaldi

Olam

image

Xitoyda yuqori martabali harbiy qo‘mondonlar Chjan Yusya va Lyu Chjenli sadoqatsizlik, korrupsiya va boshqa “jiddiy intizomiy qoidabuzarliklar”dagi ayblovlardan so‘ng Kommunistik partiyadan chiqarildi va Qurolli kuchlar safidan bo‘shatildi. Bu haqda rasmiy bayonotga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Chjan Yusya Xitoy harbiy qo‘mondonligining oliy organi – Markaziy harbiy kengash (MHK) raisi o‘rinbosari lavozimini egallab kelgan va XXR raisi Si Szinpindan keyin maqomi bo‘yicha ikkinchi harbiy rahbar hisoblangan. Lyu Chjenli MHK tarkibiga kirgan va uning Birlashgan shtabi boshlig‘i bo‘lgan. Ikkala harbiy rahbarga nisbatan tergov haqida yanvar oyida e’lon qilingan, avgust oyi oxirida esa ular davlat MHK tarkibidan chiqarilgan edi.

“Chjan Yusya va Lyu Chjenli “siyosiy intizom va siyosiy qoidalarni jiddiy ravishda buzishgan, guruhbozlik va fraksiyalar tuzishgan, partiyaga nisbatan sadoqatsizlik va insofsizlik qilishgan”, deb “Sinxua” agentligi rasmiy hujjatlardan parcha keltiradi.

Amaldagi hokimiyat harbiy qo‘mondonlar tomonidan korrupsiya, o‘z vazifalarini bajarmaslik va vakolatlarni suiiste’mol qilish holatlari sodir etilganini ma’lum qilgan. Rasmiy bayonotda gap “favqulodda yirik” summalar haqida ketayotgani, qoidabuzarliklarning xususiyati va oqibatlari esa “haddan tashqari og‘ir” deb baholangani aytiladi.

Chjan Yusya va Lyu Chjenlini partiyadan chiqarish to‘g‘risidagi qaror Si Szinpin raisligida o‘tgan Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy Komiteti Siyosiy byurosi majlisida tasdiqlangan. Ularning ishi ko‘rib chiqish va qonunga muvofiq javobgarlikka tortish uchun harbiy prokuraturaga topshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda Xubey provinsiyasi Kommunistik partiyasi qo‘mitasining sobiq kotibi 111 million dollar miqdorida pora olganlikda ayblanib, o‘lim jazosiga hukm qilingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing