Olmazordagi majburiy mehnat holati tekshirilmoqda – Mehnat inspeksiyasi
Jamiyat
−
23 aprel 2022
7172Xabaringiz bor, 21 aprel kuni QALAMPIR.UZ saytida “Kostyum-shim kiygan obodonlashtirish xodimlari yoxud Olmazorda majburiy mehnat an’anaga aylandimi? Norboyeva qayerdasiz?” nomli maqola e’lon qilingan edi. Unda 20 aprel kuni Olmazor tumani, Qora-qamish 2/4 dahasida oq ko‘ylak, qora shim (forma) kiygan bir guruh yigitlar qo‘llarida chelak, “lopatka” ko‘tarib hududni tozalayotgani, majburiy mehnatga jalb qilingani haqida so‘z borgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi holatga rasmiy munosabat bildirdi. Unda shunday deyiladi:
“Ijtimoiy tarmoqlarda “Kostyum-shim kiygan obodonlashtirish xodimlari yoxud Olmazorda majburiy mehnat an’anaga aylandimi? Norboyeva qayerdasiz?" nomli xabar tarqaldi. Toshkent shahar Davlat mehnat inspeksiyasi ushbu holatni o‘z nazoratiga oldi, o‘rganish natijalari haqida qo‘shimcha axborot beriladi”.
Yodingizda bo‘lsa bundan ikki hafta avval O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Olmazor tumani Forobiy ko‘chasida joylashgan mahallalardan biriga keldi. Prezident tashrifi oldidan ushbu hududda ish qizg‘in edi. Tuman hokimi boshchiligida Jamoat xavfsizligi universiteti talabalari majburiy mehnatga jalb qilindi. Bu haqda QALAMPIR.UZ tezkor xabar berganiga qaramay, hech qanday chora ko‘rilmadi. Jamoat xavfsizligi universiteti esa Olmazor tumani hokimligi va universitet o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani haqida mujmal bayonot bergandi.
LiveBarchasi